Maktablarda ma’naviyat oyligi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi tomonidan Alisher Navoiy tavaludining 575-yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 533-yilligi munosabati bilan fevral oyi umumta’lim maktablarida “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligi deb e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi tomonidan Alisher Navoiy tavaludining 575-yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 533-yilligi munosabati bilan fevral oyi umumta’lim maktablarida “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligi deb e’lon qilindi.Oylik doirasidagi dastlabki tadbirlardan biri Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 165-maktabda o‘tkazildi. “Millatimizning buyuklarini yod etib” deb nomlangan o‘quv-amaliy seminarda o‘qituvchi va mutaxassislar Navoiy va Bobur ijodini yangicha uslub hamda yondashuvlar asosida o‘qitish, o‘qituvchilarning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish xususida fikr almashdi. Bayram tadbirida maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, ijodiy namoyishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ulug‘ allomalarimiz hayoti va ijodini o‘rganish, ularning yuksak insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘irilgan asarlari mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, navqiron avlod ongiga singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Alisher Navoiy va Bobur Mirzoning tavallud kunlari munosabati bilan tashkil etilgan “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligi bu boradagi ishlarning izchil davomidir.
Alisher Navoiy va Bobur ijodida o‘xshash jihatlar ko‘p. Ular ko‘ngil, ishq, iymon, odob-axloq, qanoat, saxovat, vafo kabi tushunchalarni teran sharhlaydi. Ota-onani, Vatanni e’zozlash zarurligini ta’kidlaydi. Inson bu hayotda yaxshi nom qoldirishi, umrini ezgulik va yaxshiliklar qilish bilan bezashi muhimligini uqtiradi. Bularni yoshlar ongiga yetkazishda maktablardagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muhim o‘rin tutadi.
– Umumta’lim maktablarida “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi, – deydi Respublika ta’lim markazi filologiya fanlari bo‘limi bosh metodisti Komila Usmanova. – Ta’lim maskanlarida adabiyotshunos olimlar, adiblar bilan uchrashuvlar, navoiyxonlik kechalarini tashkil etish an’anaga aylangani yoshlarning ongu tafakkurini yuksaltirish, ularni vatanparvarlik, insonparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmalari, tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan buyuk bobokalonlarimiz ijodi va faoliyatini o‘rganish tadbirlari rejasi ishlab chiqildi. Maktablarda “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” kunlarini o‘tkazish yuzasidan metodik tavsiya tayyorlanib, umumta’lim maktablariga yetkazib berilmoqda. Unga muvofiq “Navoiy va Bobur ijodida Vatan madhi”, “O‘zbek adabiy tili rivojida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining o‘rni” mavzularida ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etiladi. Yosh pedagoglar o‘rtasida bahru baytlar, mutafakkirlarning maktab darsliklarida o‘rganiladigan asarlari bo‘yicha “Eng yaxshi dars ishlanmasi”, “Eng yaxshi tadbir ishlanmasi” ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi. Ta’lim muassasalarida buyuk bobokalonlarimiz siymosi, hikmatli so‘zlari, ijodi va faoliyati aks etgan ko‘rgazmalar tashkil etiladi.
Poytaxtimizdagi umumta’lim maktablarida “Ajdodlari ulug‘ yurt farzandiman”, “Navoiy va Bobur ijodi shaydosiman”, “Ajdodlarga munosib farzand bo‘laylik” mavzularida diktant, bayon va insholar tanlovi, “G‘azalxon o‘quvchi”, “Ruboiylar ixlosmandi” ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi. Shuningdek, "Navoiy ijodida komil inson tarbiyasi", "Bobur ma’naviy merosining inson kamolotidagi ahamiyati" mavzularida adabiyotshunos olimlar bilan davra suhbatlari, seminarlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ta’lim dargohlarida o‘tkazilayotgan bu kabi xayrli ishlar ulug‘ mutafakkirlarimiz asarlari mazmunini chuqur anglashga, yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.