Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2017 13:01 Chop etish versiyasi

Maktabgacha ta’lim tizimi takomillashtirilmoqda

Mamlakatimizda aholi salomatligini, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish, maktabgacha ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Xususan, yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, ularning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun zamonaviy sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Guliston shahridagi 19-maktabgacha ta’lim muassasasidagi ozodalik va sarishtalik, bino ichidagi xorijiy tillarda o‘simlik, jonivorlar tasvirlangan plakatlar, turfa gullar kishining bahri dilini ochadi. Har bir guruh uchun alohida o‘yin maydonchasi, yotoqxona, xonalardagi bezaklar, musiqa va sport zallarida yaratilgan sharoitlarga havasingiz keladi.

O‘tgan yili to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilgan maktabgacha ta’lim muassasasining multimedia, televizor, DVD, komputer, so‘zlovchi alifbo va boshqa tarqatma materiallar bilan jihozlangan xonalarida kichkintoylar ingliz va rus tillarini o‘rganmoqda. Mashg‘ulotlar nutq o‘stirish tarzida, atrof-muhit va bolaning yoshiga mos boshqa mavzular asosida olib boriladi.

Ta’lim muassasasida ingliz va rus tillari, badiiy gimnastika, raqs, sport to‘garaklari muntazam faoliyat ko‘rsatmoqda. “Zumradoylar davrasi”, “Balli, qizlar!”, “Sog‘lomjon – polvonjon” kabi tanlovlarda bolalar katta qiziqish bilan ishtirok etmoqda.

​Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Jumladan, ushbu hujjat ijrosi doirasida tizimda mavjud “Bolajon”, “Bilimdon” dasturlarini yanada takomillashtirish, shunga mos o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash uchun muqobil dasturlar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida ham yuqoridagi qaror ijrosi doirasida ta’lim-tarbiyaga e’tibor yanada kuchaytirilmoqda. Tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan yaqin aloqa yo‘lga qo‘yilgan. Ular maskanda tashkil etilayotgan turli tadbirlarga muntazam taklif etiladi. Bunda nafaqat bolalar, balki ota-onalar ham faol ishtirok etib, bola tarbiyasida nimalarga e’tibor berish lozimligi haqida mutaxassislardan maslahatlar olmoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
993






Все о погоде - Pogoda.uz