Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.09.2017 17:36 Chop etish versiyasi

Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati yanada rivojlanadi

Poytaxtimizdagi Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutida «Maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonining sifati va samaradorligini takomillashtirish: muammo va yechimlar» mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 9-sentabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu kabi ishlar ko‘lamini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘layotir.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda BMTning xalqaro bolalar jamg‘armasi mas’ul xodimlari, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari, ilmiy xodimlar, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda maktabgacha ta’limning o‘z yechimini to‘liq topmagan, dolzarb muammolari muhokama etildi.

– Maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonining sifatini takomillashtirishga oid nazariy-amaliy yondashuvlar bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari S.Turg‘unov. – Farzandlarimiz zamonaviy ta’lim tamoyillari asosida tarbiyalansa, bu jarayonda tarbiyachilarning kasb vazifalariga bo‘lgan mas’uliyat hissi kuchaytirilsa, barkamol avlod tarbiyasining yanada yaxshilanishiga, ta’lim sifati va samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Bolani maktabga tayyorlashning dolzarb vazifalari, maktabgacha ta’lim muassasalarining oila, mahalla bilan hamkorligini kengaytirish imkoniyatlari, bolalarning xorijiy tillarga qiziqishini shakllantirishga doir mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
1 207






Все о погоде - Pogoda.uz