Ma’naviyat, ta’lim-tarbiya fidoyilari
Toshkentda “Maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha eng faol o‘rinbosari” respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda “Maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha eng faol o‘rinbosari” respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.Mazkur tanlov O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot, Milliy g‘oya va mafkura, “Oila” ilmiy-amaliy markazlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘qitish tizimini sifat va mazmun jihatdan yanada takomillashtirish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning o‘zi qiziqqan soha va yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunar egallashida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimizda ilk marta o‘tkazilgan «Maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha eng faol o‘rinbosari» respublika ko‘rik-tanlovidan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim sohasi fidoyilari orasidan eng ilg‘or, tashabbuskor, izlanuvchan, ishga ijodiy yondashuvchi xodimlarni aniqlash, ularning ibratli ish tajribasini ommalashtirishdan iboratdir.
Tanlovning viloyat bosqichlari g‘oliblari maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan «Mening g‘oyam» mavzusidagi konseptual loyiha taqdimoti, ma’naviy-axloqiy tarbiya jarayonida murakkab vaziyatlarni tez va oqilona hal etish, intellektual bilim va salohiyat, axborot-kommuniksiya texnologiyalaridan samarali foydalanish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
– Ushbu tanlovda «Kitoblarning yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularni turli zararli mafkuraviy ta’sirlardan ishonchli himoyalashdagi o‘rni» mavzusidagi loyiha bilan qatnashdim, – deydi Qo‘shko‘pir tumanidagi 5-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilorom Abdusharipova. – Unda maktab kutubxonasi va ma’naviyat xonasini yangi adabiyotlar bilan boyitish, o‘quvchilarning mutolaa madaniyatini oshirishga oid ish tajribasi taqdim etilgan.
Tanlov g‘olib va sovrindorlari tadbir tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.