O‘zA O`zbek

13.08.2019 Chop etish versiyasi

Jizzax politexnika instituti qirqqa yaqin xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan doimiy aloqalarni yoʻlga qoʻygan

Jizzax politexnika instituti qirqqa yaqin xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan doimiy aloqalarni yoʻlga qoʻygan

Yangi oʻquv yilidan boshlab Jizzax politexnika instituti bilan Rossiya Federatsiyasining bir qator oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida imzolangan “2x2” shaklidagi qoʻshma taʼlim dasturi amalga oshirilmoqda.

Oʻtgan yili mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilgan “Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar“ mavzuidagi Oʻzbekiston – Rossiya taʼlim forumi ikki davlatning oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni yanada yuqori darajaga koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur forum doirasida Jizzax politexnika instituti Rossiya Federatsiyasining bir qator nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan edi.

Oʻtgan davrda forumdagi kelishuvlar boʻyicha Jizzax politexnika instituti bilan Rossiyaning bir qator nufuzli oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida talabalar ayirboshlab taʼlim berish boʻyicha “2x2“ koʻrinishidagi qoʻshma dasturi ishlab chiqilib, yangi oʻquv yilidan amalga oshirishga kirishildi.

Institut matbuot kotibi Hoshim Xidirovning maʼlum qilishicha, “2x2“ koʻrinishidagi qoʻshma dasturga muvofiq jizzaxlik talabalar uchun Moskva davlat qurilish Milliy tadqiqot universitetida Arxitektura yoʻnalishi boʻyicha 10 ta, Bino va inshootlar qurilishi yoʻnalishi boʻyicha 10 ta, Moskva energetika instituti (MEI)da Radiotexnika yoʻnalishi boʻyicha 20 ta, Elektronika yoʻnalishi boʻyicha 20 ta, Ivanova davlat kimyo-texnologiya universitetida Kimyo texnologiya yoʻnalishi boʻyicha 40 ta, Metrologiya va standartlashtirish yoʻnalishi boʻyicha 20 ta kvota oʻrinlari ajratilgan.

Yuqorida nomlari keltirilgan institutlarning barchasida jizzaxlik talabalar taʼlimning kunduzgi boʻlimiga qabul qilinadi. Oʻqish muddati 4 yilni tashkil etadi. Oʻqishni bitirgach, bakalavrlik darajasi beriladi.

Ushbu qoʻshma taʼlim dasturlari orqali Rossiya oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni xohlovchilar 10-avgustgacha hujjatlarini topshirib boʻlgan.

Qoʻshma taʼlim dasturi doirasida ikki diplomga ega bakalavrlar tayyorlash borasida toʻlov-kontrakt qabul kvotalari ham shakllantirilgan.

Jizzax politexnika instituti qirqqa yaqin xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan doimiy aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Ushbu hamkorlik aloqalari doirasida taʼlim berishda talabalar ayirboshlashdan tashqari, professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish, tajriba almashish boʻyicha ham ishlar olib boriladi.

Oʻzbekiston – Rossiya taʼlim sohasida hamkorlikning tobora rivojlanib borayotgani iqtisodiyotimizning yangi avlod kadrlari bilan taʼminlanishiga muhim hissa boʻlib qoʻshilishi shubhasiz.

Maʼlumot uchun aytish kerak, 2019-2020 oʻquv yilida Jizzax politexnika institutining 29 ta yoʻnalishiga jami 16 ming 80 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Ularning 11 ming 992 nafari taʼlimning kunduzgi, 4 ming 88 nafari sirtqi shakllarini tanlagan.

Yangi oʻquv yilida institutga 1 ming 395 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ularning 342 nafari davlat granti, 1 ming 53 nafari toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olishi belgilangan.

3 999
T.BEKNAZAROV, OʻzA