O‘zA O`zbek

08.01.2018 14:00 Chop etish versiyasi

"Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida o‘qimoqchiman"

Navoiy shahrida “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostida o‘tkazilgan “Armiya va yoshlar” festivalida ishtirok etgan Navoiy davlat konchilik instituti qoshidagi 2-akademik litsey o‘quvchisi Ravshan Jumaqulovning maqsadi shunday.

Navoiy viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Navoiy shahrida joylashgan harbiy qismlar xizmatchilari, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti maktablari tinglovchilari, talaba va o‘quvchilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Festival yoshlar o‘rtasida yugurish hamda “Vatanparvar” tashkiloti sport-transport vositalarining Yoshlar sport majmuasi va Torobiy ko‘chasi bo‘ylab marafoni bilan boshlandi.

Yoshlar sport majmuasi stadionida harbiylar va ichki ishlar organlari maxsus bo‘linmalari xizmatchilari ishtirokida safda yurish hamda turli ko‘rgazmali chiqishlar, taktik mashg‘ulotlar namoyish etildi.

– Bunday yuqori ruhda o‘tkazilgan harbiy-vatanparvarlik tadbirida ishtirok etib, katta taassurot oldim, – deydi R.Jumaqulov. – O‘zbekistonimizning harbiy qudrati, ixcham va epchil armiyasi haqidagi tasavvurim kengaydi. Zamonaviy harbiy texnikalar, jangovar qurol va aslahalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, qo‘lim bilan ushladim. Men ham kelajakda akam kabi harbiy sohada xizmat qilib, uchuvchi bo‘lmoqchiman. Armiyamiz qudratini yanada yuksaltirish, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashga xizmat qilish mening qat’iy maqsadimdir.

Festival poytaxtdan kelgan va viloyat san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.

Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
38 873