O‘zA O`zbek

07.06.2019 21:07 Chop etish versiyasi

Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari faoliyati tubdan takomillashtiriladi. Bu haqda mutaxassis nima deydi?

Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari faoliyati tubdan takomillashtiriladi. Bu haqda mutaxassis nima deydi?

– Mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida oʻquv jarayoni, oʻqituvchi, tarbiyachi, psixolog va boshqa xodimlarning tarbiyalanuvchilarga taʼlim berishi hamda ularga kasb-hunar oʻrgatish borasidagi koʻnikma va malakalarini oshirishni takomillashtirish borasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Xalq taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Suxrob Xoliqov.

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 29-maydagi “Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini bajaradi.

Mazkur qarorga muvofiq, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish kabi vazifalar 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Qarorda belgilanishicha, respublika oʻquv-tarbiya muassasalariga 14 yoshga toʻlgan va 18 yoshdan oshmagan voyaga yetmaganlar joylashtiriladi. Tasarrufida umumtaʼlim yoki ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan yuborilayotgan voyaga yetmaganlarni muassasalarga istisno tariqasida bepul asosda, sinovlarsiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz qabul qiladi.

2019-yil 1-sentyabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari, shu jumladan, tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun bazaviy tarif stavkasining 75 foizi miqdorida har oylik ustama haqi toʻlanadi.

Shuningdek, taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlari qayta koʻrilib, ularga joylashtirilayotgan bolalarning ehtiyojlari va muammolari turidan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturlarini (hayotiy koʻnikmalarga oʻrgatish, giyohvandlik va alkogol vositalarga qaramlikdan davolash, ruhiy jarohat asoratlari bilan ishlash va boshqa dasturlar) ishlab chiqiladi.

Tugatilayotgan ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari shtatlari hisobiga yangi tashkil etilayotgan Respublika oʻquv-tarbiya muassasalarida har 20 nafar tarbiyalanuvchiga bir nafar psixolog, shuningdek, Respublika qiz bolalar oʻquv-tarbiya muassasasiga bir nafar shifokor-ginekolog shtat birliklarini ajratiladi.

Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida yoshlarning madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishini oshirish maqsadida muhim beshta tashabbus asosida rassomchilik, tasviriy sanʼat, kulolchilik va boshqa toʻgaraklar tashkil etiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA
2 778