Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktab-internat ochildi
Joriy yil 1-oktabrdan faoliyat boshlagan maktab-internatning 5, 6, 7, 8-sinflariga barcha tuman va shaharlardan sinov asosida 120 nafar iste’dodli o‘g‘il-qiz o‘qishga qabul qilindi.
Jizzax shahrida o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktab-internat ochildi.Prezidentimiz joriy yilning 27-aprelida Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida adabiyotimizning ulkan namoyandalari Hamid Olimjon va Zulfiyaning adabiy merosini keng targ‘ib qilish, she’rlariga jo bo‘lgan ezgu tushunchalar mohiyatini yosh avlodga yetkazish lozimligini alohida ta’kidladi. Shu maqsadda shaharning bu ijodkorlar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq hududida Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, xiyobon ichida Hamid Olimjon va Zulfiya maktabini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi «Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan bu ezgu maqsad amalga oshirildi. O‘tgan besh oy davomida o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan maktab-internat uchun 4 qavatli zamonaviy bino qurib bitkazildi. Binoda keng va yorug‘ sinfxonalardan tashqari 100 o‘rinli yotoqxona va oshxona, faollar zali hamda boshqa xonalar bor. O‘quvchilar jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun sport maydonchalari barpo etilgan.
Joriy yil 1-oktabrdan faoliyat boshlagan maktab-internatning 5, 6, 7, 8-sinflariga barcha tuman va shaharlardan sinov asosida 120 nafar iste’dodli o‘g‘il-qiz o‘qishga qabul qilindi.
Jamoatchilik vakillari, yoshlar, ota-onalar ishtirokida o‘tgan yangi maktabning ochilish marosimida ushbu muassasaning barpo etilishi viloyat madaniy hayotida katta voqea bo‘lgani ta’kidlandi.
– Davlatimiz rahbarining ijodkorlar, ayniqsa, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan alohida e’tibori tufayli xalqimizning ikki otashnafas shoiri – Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maxsus maktab-internat ochilishi viloyatimiz ma’naviy hayotida ulkan voqea bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari M.Abdurahmonova. – Bu yerda o‘z hayotini xalq xizmatiga baxshida etgan buyuk ajdodlarimiz nafasi sezilib turibdi. Bugun katta orzu-niyatlar bilan ulug‘ ajdodlari nomidagi maktabda ta’lim olayotgan yoshlar orasidan xalqimiz nomini yanada ulug‘laydigan ijodkorlar yetishib chiqadi, albatta.
Shaharning bu tarixiy hududini madaniy, ma’naviy maskanga aylantirish ishlari davom etmoqda. Bog‘ hududidagi tarixiy Xo‘ja Nuriddin madrasasi ta’mirlanib, inshootda Zulfiya nomidagi ma’naviyat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi ham shu inshootga joylashtiriladi.