«Germaniya Federativ Respublikasining jinoyat protsessual huquqi» darsligi taqdimoti bo‘ldi
Mamlakatimizda yuridik kadrlar tayyorlashda milliy va xalqaro tajribani o‘rganish va o‘quv jarayoniga samarali joriy etish, xalqaro huquqiy adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalardan keng foydalanish o‘z samarasini bermoqda.
Mamlakatimizda yuridik kadrlar tayyorlashda milliy va xalqaro tajribani o‘rganish va o‘quv jarayoniga samarali joriy etish, xalqaro huquqiy adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalardan keng foydalanish o‘z samarasini bermoqda.Toshkent davlat yuridik universitetida bo‘lib o‘tgan «Germaniya Federativ Respublikasining jinoyat protsessual huquqi» darsligining taqdimotida ana shular haqida so‘z yuritildi.
Universitet rektori Ye.Kanyazov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida yuridik ta’limni tubdan isloh qilish, sud-huquq tizimini malakali kadrlar bilan ta’minlash, bo‘lajak huquqshunoslarga jahon andozalari darajasida ta’lim berish va ularning malakasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Birinchi Prezidentimizning 2013 yil 28 iyundagi «Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.
Bugungi kunda universitetda yuridik fanlarni o‘qitish tizimi tubdan takomillashtirilib, bu borada qator xorijiy oliy ta’lim dargohlari, xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur darslik ham sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish sohasidagi xalqaro tajribani o‘rganish hamda o‘quv jarayoniga ilmiy ishlanmalar natijalarini samarali joriy etishni ta’minlash maqsadida Germaniya Konrad Adenauer nomidagi fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda nashr etildi.
Kitobda Germaniya jinoyat protsessi institutlari va bosqichlari tahlil qilingan. Shuningdek, jinoyat-protsessual qonunchiligini qo‘llash davomida vujudga keladigan masalalar ko‘rib chiqilgan. Qo‘llanma ilmiy xodimlar, amaliyotchi yuristlar, yuridik oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlari, talabalar va barcha huquqshunoslar uchun mo‘ljallangan.
– Har jihatdan yetuk yuridik kadrlar tayyorlash huquqiy-demokratik davlatni shakllantirishning eng muhim mezonlaridan biri, – deydi Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Tomas Kunse. – Toshkent davlat yuridik universiteti nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda sud-huquq sohasida malakali kadrlar tayyorlaydigan nufuzli oliy ta’lim dargohi hisoblanadi. Fond bilan hamkorlikda Germaniyaning yetuk olimlaridan biri professor Verner Boylke tomonidan yaratilgan darslik o‘zbek tiliga tarjima qilinib, alohida xorijiy darslik sifatida chop etilgani sohada yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlashga xizmat qilishiga ishonamiz.