O‘zA O`zbek

13.08.2019 Chop etish versiyasi

Darsliklarni takomillashtiraylik

Darsliklarni takomillashtiraylik

Taʼlim mazmuni va sifati, avvalo, darsliklarga bogʻliq. Tashqi koʻrinishi-yu, matnlarni oʻquvchi yoshiga mos, rang-barang illyustratsiyalar bilan bekamu koʻst, xatolarsiz va, eng asosiysi, zamon talablariga hamohang tarzda nashrga tayyorlash, tarjima qilish va chop etish muhim ahamiyatga ega.

Keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda darsliklarning mazmuni va undagi materiallarning saviyasiga taalluqli juda koʻp tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Ota-onalar, oʻqituvchiyu oʻquvchilar, keng jamoatchilik darsliklarga befarq emas. Ular taʼlim sifatini oshirish, darsliklar mazmunini yanada takomillashtirish boʻyicha koʻpgina takliflarni ham bildirishmoqda. Jamoatchilikning bu kabi munosabatidan koʻrinib turibdiki, sohada hali juda koʻp amalga oshiriladigan ishlar va masalalar hamda yechimini kutayotgan dolzarb muammolar mavjud.

Ana shulardan kelib chiqib, Xalq taʼlimi vazirligi va Respublika taʼlim markazi mutasaddi xodimlari oʻquvchilarni sifatli darsliklar bilan taʼminlash borasida bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, “Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik” onlayn tanlovi eʼlon qilinib, ishtirokchilarining takliflari keyingi yillar uchun chop etiladigan darsliklar mazmunini takomillashtirishda eʼtiborga olinmoqda.

Maʼlumot uchun: ushbu tanlovda oʻzlarining asosli va foydali takliflari bilan faol ishtirok etganlarga tashkilotchilarning maxsus sovgʻalari bor. Shu kunlarda ularni taqdirlash tadbirlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Yana bir asosiy masala maktablarda darsliklarning yetishmasligidir.

Maktablarda oʻtkazilgan darsliklar taʼminoti tahlil qilinganida 4-, 5-sinflar uchun chop etilgan darsliklar soni bilan 2019-2020 oʻquv yilidagi oʻquvchilar kontingenti oʻrtasida nomutanosiblik yuzaga kelishi va ushbu sinflarda darsliklar yetishmasligi maʼlum boʻldi. Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, mazkur muammolarning oldini olish, darsliklar yetishmaslik holatlarini bartaraf etish, oʻquvchilarni darsliklar bilan toʻliq taʼminlash maqsadida mazkur sinflar boʻyicha buyurtmalar shakllantirilib, 2018-2019 oʻquv yili davomida 69 nomdagi 746 ming 202 nusxa darslik qoʻshimcha chop etilib, maktablarga yetkazildi. Darsliklar yetishmasligining oldini olish maqsadida ota-onalarning fikrlarini inobatga olgan holda va oʻqituvchilarning foydalanishini taʼminlash maqsadida maktab kutubxonasi fondi uchun zaxira darsliklar toʻplami kiritildi.

Bugungi kunda nashriyot va bosmaxonalarda 3 smenali ish tashkil etilgan boʻlib, ular tomonidan umumtaʼlim maktablari uchun 381 nomdagi 30,7 million nusxa, shuningdek, imkoniyati cheklangan bolalar maktab va maktab-internatlari uchun 52 nomda 40 ming nusxa darslik chop etildi va oʻrnatilgan tartibda qabul qilib olindi. Umumtaʼlim maktablarining 1-, 2-, 4-, 5-, 6-, 7-sinflari uchun belgilangan rejaga asosan darsliklar 100 foiz chop etilib, “Oʻquv taʼlim-taʼminot“ DUK tomonidan joylarga yetkazilmoqda. Matbaa korxonalarida chop etilgan jami darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalarning 28,2 million nusxasi “Oʻquv taʼlim-taʼminot“ DUK tomonidan olib chiqilib, 27,3 million nusxasi joylarga yetkazildi.

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan maktab oʻquvchilariga darsliklarni toʻliq yetkazish, maktab kutubxonachilari faoliyati samaradorligini oshirish, hududiy xalq taʼlimi boshqaruv idoralaridagi xodimlarning masʼulligini oshirish maqsadida “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarini darsliklar bilan taʼminlash ishlarini takomillashtirish“ mavzusida ikki kunlik seminar ham tashkil etildi. Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Respublika taʼlim markazida oʻtkazilgan seminarda xalq taʼlimi vazirligi mutaxassislari, hududiy boʻlinmalardagi masʼul metodistlar va kutubxonachilar ishtirok etdi.

1 167
Mohigul QOSIMOVA, OʻzA