Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2017 12:05 Chop etish versiyasi

Chet tillarni o‘qitishning innovatsion uslublari muhokama qilindi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi Chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazida Fransiyaning Versal akademiyasi huzuridagi Pedagogika va ta’lim oliy maktabi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlar zamon talablariga javob beradigan, mustaqil fikrlaydigan, chet tillarni yaxshi biladigan yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgani ta’kidlandi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim asos bo‘lmoqda.

Fransiya  O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi faol hamkorlaridan biridir. Ilm-fan va texnika, madaniyat bo‘yicha hamkorlik bitimlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston va Fransiya makroiqtisodiyot, moliya, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalarida boshqaruv kadrlari tayyorlash bo‘yicha samarali hamkorlik qilmoqda. Yurtimiz olimlari fransiyalik hamkasblari bilan quyosh energiyasi bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib bormoqda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Fransiyaning Versal akademiyasi huzuridagi Pedagogika va ta’lim oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik instituti va Tuluza-1 universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar imzolangan.

Fransiyalik mutaxassislar O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi Chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda fransuz tilida videomateriallar yaratish loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu xorijiy tillarni o‘qitishda yangi uslublarni qo‘llashga xizmat qiladi. Kelajakda “Erasmus+” xalqaro kredit safarbarligi dasturi bo‘yicha o‘qituvchi va talabalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

– O‘zbekistonda yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor samarasida ular chet tillar, xususan, fransuz tilini yaxshi o‘rganmoqda, – deydi Versal akademiyasi mutaxassisi Paskal Buasson. – Mazkur uchrashuv o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan fikr va tajriba almashish, yangi o‘qitish uslublari bilan tanishish hamda fransuz tilini o‘qitish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.

Tomonlar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda videodarslar o‘tishni o‘z ichiga olgan “Micro-teaching” taqdimoti, o‘qitishda qo‘llanilayotgan uslublar tahlili bo‘yicha fikr almashdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda fransuz tilini o‘qitish tizimini yanada rivojlantirish, chet tillarni o‘qitish bo‘yicha innovatsion uslublarni keng ommalashtirish masalalari ham muhokama etildi. Pedagog kadrlar va chet tillar tarjimonlari malakasini oshirish kurslari tinglovchilari uchun hamkorlikda modul ishlab chiqishga kelishib olindi.

Nodira Manzurova, O‘zA
1 498






Все о погоде - Pogoda.uz