Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.09.2017 12:26 Chop etish versiyasi

Bugun mamlakatimizdagi umumta’lim maktablarida Bilimlar kuni tadbirlari bo‘lib o‘tdi

Bugun mamlakatimizdagi umumta’lim maktablarida Bilimlar kuni tadbirlari bo‘lib o‘tdi 2-sentabr kuni barcha maktablarda istiqlolimizning 26-yilligi munosabati bilan "Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida "Mustaqillik darsi" hamda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan "Xotira darslari" o‘tkazildi. Ushbu darslarga adib va shoirlar, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, mahalla faollari keng jalb etildi.

Bundan yigirma olti yil muqaddam ona O‘zbekistonimizning yangi tarixiy davrga qadam qo‘yishi, xalqimiz uchun erkin, farovon, hur va ozod davrning boshlanishi buyuk davlat va jamoat arbobi, xalqimizning suyukli farzandi, mard va qat’iyatli inson, Buyuk Yo‘lboshchimiz Islom Karimov nomi bilan chambarchas bog‘liq. O‘tgan chorak asrlikdan ko‘proq vaqt mobaynida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy jabhalarda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. O‘zbekistonni dunyo tan oldi.

Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida jamoatchilik, ota-onalar, o‘qituvchilar, o‘quvchi-yoshlarning fikr va mulohazalari, takliflarini puxta o‘rganish, ularga tayangan holda ish ko‘rishga tizimli yondashilmoqda. Ayni jihatlarni xalqimizning xohish-istaklari inobatga olingan holda yangi o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarida 10-sinflarning tashkil etilgani, o‘quvchilarning intilishiga qarab ular maktab, kollej, akademik litseylarda ta’limni davom ettirishi uchun yaratilgan sharoitlarda ko‘rish mumkin.

3.JPG

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 10-11-sinflar uchun yangi o‘quv reja va dasturlari ishlab chiqilib, ular asosida 18 nomdagi darsliklar yaratildi. O‘quv rejaga ko‘ra 10-sinf o‘quvchilari haftada besh kun umumta’lim fanlarini va bir kun kasbga oid fanlarni o‘rganishi belgilandi. Pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari, akademik litsey va kollejlar fan o‘qituvchilarini jalb etish hamda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning dars yuklamasini oshirish hisobidan qoplanmoqda.

Bu yil 482 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Maktablarni yangi o‘quv yiliga hozirlash jarayonida ulardagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini puxta o‘rganish, mavjud kamchiliklarni mahalliy hokimliklar va tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hal etishga jiddiy e’tibor qaratildi.

O‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ularning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish maqsadida bu yil axborot-resurs markazlari va umumta’lim maktablari kutubxonalariga 28 nomdagi 1,2 million badiiy adabiyotlar, ensiklopediyalar va rang-barang ma’rifiy kitoblar yetkazildi.

15.JPG

Bu yil 1-sinflarga qabul qilingan 650 mingdan ortiq o‘quvchi uchun “Prezident sovg‘asi” – 12 nomdagi o‘quv qurollari solingan maktab sumkalari tayyorlanib, joylarga to‘liq yetkazildi. Ular maktabga ilk marta qadam qo‘ygan o‘g‘il-qizlarga tantanali topshirildi.

...Barcha ta’lim maskanlarida bo‘lgani kabi poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 153-maktabda ham ilk saboq samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi. O‘quvchilarga O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi, bugungi hur va ozod, baxtiyor kunlarimiz ne-ne mashaqqatli va og‘ir sinovlar, murakkabliklar evaziga qo‘lga kiritilgani keng va atroflicha tushuntirildi.

– Bugungi yoshlarga bunday tinch va osuda, farovon, to‘kin, saodatli hayot odatiy holdek tuyuladi, – deydi maktab direktori Fotima Ergasheva. – Vaholanki, istiqlolimizni qanchadan-qancha ajdodlarimiz orzu qilgan. Yorug‘ kunlarimiz Birinchi Prezidentimiz, xalqimizning qat’iy azmi shijoati, mashaqqatli mehnati, qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tgani evaziga kelganini yoshlarga oddiy, samimiy tarzda, hayotiy misollar yordamida tushuntirish, yosh avlodda shukronalik, Vatanimizga, ajdodlarimizga munosiblik, mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirish pedagoglarning insoniy, kasbiy, ham fuqarolik burchi sanaladi.

O‘quvchilar bilan samimiy muloqot tarzida o‘tkazilgan "Mustaqillik dars"larida istiqlolimizning tarixiy, ma’naviy asoslari, bu yo‘lda ko‘rsatilgan chinakam ma’naviy jasoratlar, Vatanga sadoqat, el-yurtga sidqidildan xizmat qilishdek ezgu intilishlar Birinchi Prezidentimizning ibrat bo‘lishga arzigulik hayot yo‘li, faoliyati misolida bayon etildi. Ulug‘ inson hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan film o‘g‘il-qizlarning Vatan, istiqlol, tarixiy qahramonlar haqidagi fikrini yanada teranlashtirdi.

Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
1 628






Все о погоде - Pogoda.uz