Bo‘lajak kursantlar test sinovlarini topshirdi
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida davlat test sinovlari o‘tkazildi.
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida davlat test sinovlari o‘tkazildi.Joriy yilda mazkur bilim yurtiga o‘qishga kirish uchun saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 746 abituriyent test sinovlarini topshirdi.
– Test sinovlarida yuqori ball to‘plash uchun fanlarni puxta o‘rgandim, – deydi samarqandlik abituriyent Muzaffar Ibrohimov. – Bu yil Samarqand harbiy qurilish yo‘nalishidagi akademik litseyni bitirib, maqsadimga erishish yo‘lidagi dastlabki mustaqil qadamni tashladim. Kelgusida Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli kasbni tanlaganimdan faxrlanaman.
Bilim yurtida bir necha mutaxassislik bo‘yicha yuqori malakali ofitserlar tayyorlanmoqda. Barcha sharoit muhayyo etilgan zamonaviy o‘quv xonalari, sport majmualari, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda, o‘quv jarayoniga ta’limning innovatsion shakl va usullari joriy etilayotgani yoshlarning malakali ofitser bo‘lishiga xizmat qiladi.
Prezidentimiz rahnamoligida kursantlarning harbiy mutaxassis sifatidagi mahorati, ko‘nikma va malakasi, ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida 28 mutaxassislik bo‘yicha ofitser kadrlar tayyorlanmoqda. Ta’lim dargohlarida bo‘lajak ofitserlarning zamonaviy o‘quv-texnik va ma’naviy-axloqiy bilimlarni puxta o‘zlashtirishi uchun barcha sharoit yaratilgan.