O‘zA O`zbek

08.01.2018 15:05 Chop etish versiyasi

Bitiruvchilar doimiy yashash joyidagi tibbiyot muassasalarida ish boshlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida Toshkent viloyatidan kelib tahsil olgan bitiruvchilarni amaliyotga kuzatish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Toshkent tibbiyot akademiyasining bakalavriatura bosqichini tamomlagan 62 nafar, klinik ordinaturani tugatgan 9 nafar, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining 39 bakalavriat va 16 nafar klinik ordinatura bitiruvchilari doimiy yashash joyidagi tibbiyot muassasalarida ish boshlaydi.

Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida yurtimiz tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar yechimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi tizimida kadrlar taqchilligi sezilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda 11 mingdan ziyod tibbiyot sohasi mutaxassislariga ehtiyoj mavjud. Shu sababli Prezidentimiz tashabbusi bilan birlamchi tizimda kadrlar ta’minotini yaxshilash maqsadida 2018 yil 3 mingdan ziyod bakalavriat bitiruvchisining qariyb 80 foizi birlamchi tizimga jalb etildi.

Joriy yil tibbiyot oliy ta’limi muassasalarining bitiruvchilari va klinik ordinatorlarining hududlar kesimida manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Xalqimiz manfaatini ko‘zlab qilingan ushbu harakatlar kadrlar sifatiga ta’sir qilmasligi uchun ular mutaxassislik bo‘yicha puxta tayyorlandi. Shuningdek, 2018-yil yanvar oyining birinchi o‘n kunligi davomida barcha ishga yo‘llanishi lozim bo‘lgan bitiruvchilar o‘rtasida yakuniy davlat attestatsiyalari o‘tkazildi. Yosh mutaxassislar 2018-yilning 8-yanvaridan boshlab o‘z ish joylarida faoliyat boshlashi uchun ularni uy-joy bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha barcha zarur choralar amalga oshirildi.

O‘tkazilayotgan ushbu amaliy sa’y-harakatlar natijasida istiqbolda umumiy amaliyot shifokorligi bo‘yicha bo‘sh o‘rinlar 88 foiz, tor mutaxassisliklar bo‘yicha esa 55 foiz qoplanishi kutilmoqda.

Ayni kunlarda tibbiyot kadrlariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarga ishga yo‘llanuvchi bitiruvchilar, klinik ordinator mutaxassislarga tibbiyot ta’limini tugatganligi to‘g‘risidagi hujjatlar topshirilishi va joylarga kuzatish marosimlariga katta tayyorgarliklar ko‘rilmoqda. Bitiruvchilarning joriy yil 20 yanvarga qadar ish boshlashlari uchun barcha sharoit yaratilgan.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
7 753