Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2018 13:10 Chop etish versiyasi

Bitiruvchilar bandligi – doimiy e’tiborda

Qarshi muhandislik-iqtisodyot institutida "Karera kuni" tadbiri bo‘lib o‘tdi.

2017-2018 o‘quv yilida institutni 22 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1 ming 932 nafar bakalavr hamda 36 nafar magistr bitiradi.

Viloyatdagi yirik korxona-tashkilot va muassasalar rahbarlari, yetakchi mutaxassislar, tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda yoshlarning zamonaviy bilimlarni puxta o‘zlashtirishi, o‘z iste’dodi va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilayotgani ta’kidlandi.

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida yoqilg‘i energetika, texnika-texnologiya, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyot yo‘nalishlarida tahsil olgan salohiyatli kadrlar bugungi kunda xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida samarali mehnat qilmoqda.

Tadbirda korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Ish beruvchi tashkilotlar vakillari ishga joylashishga qo‘yiladigan malakaviy talablar hamda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar to‘g‘risida bitiruvchilarga ma’lumot berdi. O‘z navbatida, bitiruvchilar o‘zlarining sanoat sohasiga doir ilmiy izlanishlari, loyihalari, erishgan natijalarini namoyish etdi.

– Institut va manfaatdor tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan "Karera kuni" tadbiri bitiruvchi talabalarning ish bilan ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti muhandis-texnika fakulteti dekani o‘rinbosari O‘lmas To‘rayev. – Tadbirda manfaatdor tashkilotlar vakillari talabalar bilan suhbatlashib, ularning har birini intellektual sinovdan o‘tkazdi. Bitiruvchi talabalar kelishuv-shartnomalariga ega bo‘ldi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
1 373