Fan olimpiadasining yakuniy bosqichida Andijondan 28 o‘quvchi qatnashadi
Mamlakatimizda yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, ilm-fan va ishlab chiqarishda yuksak marralarni zabt etishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar yuksak samaralar bermoqda.
Mamlakatimizda yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, ilm-fan va ishlab chiqarishda yuksak marralarni zabt etishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar yuksak samaralar bermoqda. Bu o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan respublika fan olimpiadasining Andijon viloyati bosqichida yana bir bor namoyon bo‘ldi.– Barcha fanlar bo‘yicha fan olimpiadalari yuqori saviyada o‘tdi, – deydi viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi F.Buzrukov. – O‘quvchilarning o‘z bilim va imkoniyatlarini to‘laqonli namoyon etishi uchun auditoriyalar talab darajasida jihozlanib, zarur sharoitlar yaratildi.
Viloyatdagi 12 akademik litsey va 117 kasb-hunar kollejining ikkinchi va uchinchi bosqichida tahsil olayotgan 1 ming 154 o‘quvchi 14 fan bo‘yicha o‘z bilim va iste’dodini sinovdan o‘tkazdi. 28 zukko o‘quvchi fan olimpiadasining respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Olimpiadaning viloyat bosqichida geografiya fani bo‘yicha eng yuqori ball to‘plab, ustozlarim ishonchini oqladim, – deydi Andijon industrial pedagogika kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Sarvinoz Sotvoldiyeva. – Maqsadim, mamlakat bosqichida ham g‘olib bo‘lish va kelajakda o‘zim tanlagan soha bo‘yicha yetuk mutaxassis sifatida yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish.