Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 18:05 Chop etish versiyasi

Bahorni chorlagan yoshlar

Yasharish-yangilanish fasli – bahorda o‘tkaziladigan loy tutish, shox moylash, yomg‘ir chaqirish va boshqa marosimlarimiz, Navro‘z sayli minglab yillik tarixga ega. Ularda ko‘klamni madh etuvchi laparlar, sho‘x yallalar yangragan. Toshkent madaniyat kollejida bo‘lib o‘tgan madaniy tadbir ishtirokchilari asrlar davomida sayqallanib kelgan ana shunday barhayot an’analar jozibasidan bahramand bo‘ldi.

Folklor san’ati xalqchilligi va tarbiyaviy ahamiyati bilan san’atning boshqa turlaridan ajralib turadi. Uning xalqimiz turmush tarzi, dunyoqarashi, ruhiy-estetik olami, ichki kechinmalarini yuksak badiiy ifoda etuvchi xususiyatlari doim qadrlidir.

Toshkent madaniyat kollejida «Folklor san’ati» kafedrasi tashkil etilgan. «Ustoz-shogird» an’anasi asosida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda tajribali pedagoglar o‘quvchilarga lapar, alla, askiya va raqs san’ati sir-asrorlaridan saboq bermoqda. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulshod Otaboyeva ulardan biri. U kollejda faoliyat ko‘rsatayotgan folklor-etnografik ansamblning badiiy rahbari.

– Bugungi konsert dasturini «Bahor sog‘inchi» deb nomlaganimiz bejiz emas, – deydi Gulshod opa. – Qishning tafti pasayib, bahor nafasi sezilib qolgan shu kunlarda ko‘klamni sog‘inmagan odam bo‘lmasa kerak. Bugungi chiqish ham o‘ziga xos marosim – bahor chorlovidir. Bunda mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi turli ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib, milliy qadriyatlarimizni ko‘z-ko‘z qilib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimiz Surxondaryo, Buxoro, Xorazm, Farg‘ona viloyatlarining o‘ziga xos qo‘shiq va raqslarini ijro etdi.

Konsertda «Jo‘raginam», «Do‘mbiram», «Oyjamol», «Kelo» kabi xalq qo‘shiqlari, baxshi termalari yangradi, askiyalar, chistonlar aytildi.

Malohat Husanova, O‘zA
711






Все о погоде - Pogoda.uz