Akademik bilan uchrashuv
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Nazarov bilan talabalarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 30-dekabr kuni mamlakatimiz yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvida olimlarga ko‘rsatilgan alohida e’tibor, Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni yurtimizdagi barcha ilm ahli zimmasiga yuksak mas’uliyat yukladi. Ta’lim muassasalarida taniqli olimlar bilan yoshlar uchrashuvi, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Nazarov bilan talabalarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Universitet prorektori N.Mamadov, professor X.Do‘stmuhammad va boshqalar mamlakatimiz taraqqiyotini ilg‘or ilm-fansiz tasavvur etib bo‘lmasligi, sohaga qaratilayotgan katta e’tibor, olimlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar ertamiz egalarining barkamol ulg‘ayishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashiga zamin bo‘layotganini ta’kidladi.
– Davlatimiz rahbarining ilm-fan namoyandalari, olimlarga qaratayotgan e’tibori bizni yanada mas’uliyat bilan ishlashga, ilm-fan taraqqiyotiga ko‘proq hissa qo‘shishga undaydi, – deydi B.Nazarov. – Prezidentimiz jahonning yetakchi institutlari, universitetlari, ilmiy markazlari va fanlar akademiyalari bilan ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yuqori salohiyatga ega, jahon miqyosida e’tirof etilgan olimlar maktablarini yaratish, shogirdlar tarbiyalash tizimini takomillashtirish kabi dolzarb vazifalarni o‘rtaga tashladi. Bu yo‘lda sidqidildan mehnat qilish, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvarda imzolangan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Baxtiyor Nazarov milliy qadriyatlarimiz, madaniy merosimiz, ularning jamiyatda va har birimizning hayotimizda tutgan o‘rni, ularni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishda yoshlarning burchi va mas’uliyati, zamonaviy badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish borasidagi fikrlarini bayon qildi.
Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.