O‘zA O`zbek

31.08.2019 Chop etish versiyasi

Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Soʻnggi yillarda respublikada ilmiy va innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda, iqtidorli yoshlarni nufuzli milliy hamda xalqaro olimpiadalar, musobaqalar va tanlovlarda salmoqli natijalarga erishishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, innovatsion gʻoyalar, loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish, iqtidorli talabalar, yosh olimlar va tadbirkorlarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Shu bilan birga, yosh iqtidor sohiblarini innovatsion tadbirkorlik sohasiga tizimli jalb qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, shu jumladan:

iqtidorli yoshlarni ishbilarmonlar va yetakchi olimlar bilan hamkorlikda ish yuritishi uchun yagona tizim yaratish va shu asosda ilm-fan sohasida yosh kadrlar yetishtirish tizimining uzviyligini taʼminlash;

ishlab chiqarish sohasiga yuqori texnologiyalarni tatbiq etish va ilmiy tadqiqotlarga yoshlarni jalb etish hamda ilmiy-texnik va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun platformalar yaratish talab etilmoqda.

Iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jonlantirish, mamlakat ilm-fanining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshliligini taʼminlash, mavjud ilmiy maktablar salohiyatini yanada mustahkamlash hamda ularning innovatsion salohiyatini rivojlantirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining:

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridaYoshlar akademiyasini (keyingi oʻrinlarda – Yoshlar akademiyasi) yuridik shaxs maqomisiz tashkil etish;

Yoshlar akademiyasiga rahbarlikni Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosariga yuklash;

Yoshlar akademiyasiga oʻzlarining innovatsion loyihalari va gʻoyalariga ega iqtidorli yoshlar va talabalar, 40 yoshgacha boʻlgan olimlar va tadbirkorlardan tashkil topgan jamoalarni tanlov asosida qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki, Yoshlar akademiyasining jamoalari aʼzolari Yoshlar akademiyasi aʼzolari hisoblanadi.

2. Yoshlar akademiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish;

iqtidorli va tashabbuskor yoshlar boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish hamda ularning mamlakatning yetakchi olimlari va ishbilarmonlari bilan hamkorligini taʼminlash;

ilmiy-tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarni
qoʻllab-quvvatlash, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borishlariga imkon yaratish, yangi avlod yosh olimlarini tayyorlash boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish;

yosh olimlar tomonidan aniq vazifalarni hal etishga, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan ilgʻor texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga qulay sharoitlar yaratish;

ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida tashabbuskor yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga yoʻnaltirish;

yoshlarning startap loyihalarini xoʻjalik boshqaruvi organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarni izchil rivojlantirish boʻyicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishga yoʻnaltirish;

iqtidorli yoshlarning rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga koʻmaklashish;

xalqaro va mahalliy darajada eʼtirof etilgan tashkilotlar, universitetlar, ilmiy markazlar bilan yaqindan aloqalar oʻrnatish, ularning olimlari va mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, treninglar, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yoʻnalishlar boʻyicha konferensiyalar, seminarlar va tanlovlar oʻtkazish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tugatilsin va uning 5 ta shtat birligi amaldagi moliyalashtirish tartibi saqlab qolingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimiga oʻtkazilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida vazirlikka oʻtkazilayotgan shtat birliklari hisobidanIqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etilsin va u Yoshlar akademiyasining ishchi organi etib belgilansin.

4. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining Vasiylik kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi davlat ulushi yuqori boʻlgan korxonalarga tegishli yuridik shaxslarning innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari jami mablagʻlarining yiliga 10 foizi miqdoridagi mablagʻlarini har yili Jamgʻarmaga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

7. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

mazkur qarorning 6-bandida koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlar;

Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Kuzatuv kengashining qaroriga asosan yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar qismi;

Yoshlar akademiyasi Vasiylik kengashi aʼzolari – xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat ulushi mavjud korxonalar va boshqa tashkilotlar, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

Yoshlar akademiyasi aʼzolari tomonidan innovatsion, amaliy va startap loyihalar natijalari asosida tayyorlangan innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirishdan olinadigan daromadlarning bir qismi;

xalqaro moliyaviy institutlar, donorlarning grantlari va kreditlari;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozit hisoblariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

Yoshlar akademiyasiga biriktirilgan bino va inshootlarni ijaraga berishdanolingan tushumlar;

tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar doirasida olingan daromadlar;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltirilishi mumkinligi belgilab qoʻyilsin:

innovatsion, amaliy va startap loyihalarni moliyalashtirishga, shu jumladan, ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etishga, ilgʻor texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga;

Yoshlar akademiyasi faoliyatini tashkil etish, xorijiy va mahalliy yetakchi olimlar, mutaxassislar hamda vatandoshlarni belgilangan tartibda jalb qilishga;

iqtidorli yoshlarni rivojlangan davlatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga, nufuzli ilmiy nashrlarda maqolalarni chop etish, shuningdek, xorijiy va mahalliy patentlash xarajatlarini qoplashga;

ilmiy-amaliy tadbirlar (simpozium, konferensiya, seminar, trening, davra suhbatlari, master-klasslar va boshqalar) tashkil etish hamda xalqaro ilmiy-amaliy tadbirlarda qatnashishga;

Yoshlar akademiyasining mazkur qarorda belgilangan asosiy vazifalariniroʻyobga chiqarishga.

9. Belgilab qoʻyilsinki:

Jamgʻarma tomonidan Yoshlar akademiyasi faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Vasiylik kengashining qaroriga asosan amalga oshiriladi;

Yoshlar akademiyasi aʼzolarining loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF–5466-son Farmoni asosida ajratilgan mablagʻlar doirasida oʻrnatilgan tartibda moliyalashtiriladi;

Yoshlar akademiyasi aʼzolarining malakasini oshirish va ularni xorijiy stajirovkalarga yuborish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi dasturlari doirasida buyurtmaga asosan amalga oshiriladi;

davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajariladigan yosh olimlar ilmiy-texnik loyihalari Yoshlar akademiyasi aʼzolari tomonidan amalga oshiriladi.

10. Iqtidorli yoshlarni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yoshlar akademiyasi” faoliyatiga
2019-2020 yillarda jalb etish boʻyicha “Yoʻl xarita”si 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov tasdiqlanayotgan “Yoʻl xarita”sida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarishga shaxsan masʼul etib belgilansin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Yoshlar akademiyasi aʼzolarining ilmiy-ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida 2020-yilning 1-apreliga qadar quyidagi platformalarni tashkil etsin:

“Gʻoyalar generatorlari” – Yoshlar akademiyasining asosiy yoʻnalishlariga tegishli boʻlgan maʼlum bir muammoning yechimiga qaratilgan innovatsion gʻoyaga ega jamoalar platformasi;

“Startaplar” – oʻz gʻoyasi va ushbu gʻoyani amalga oshirishga qaratilgan startap loyihalari va ularni amalga oshirish boʻyicha aniq rejaga ega jamoalar platformasi;

“Biznes vakillari” – faoliyatida ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qoʻllagan va tegishli sohada kamida 1 yillik tajribaga ega boʻlgan jamoalar platformasi;

“Boʻlajak akademiklar” – yuqoridagi platformalarda faol ishtirok etgan, mamlakatning ilm-fan rivojlanishiga katta hissa qoʻshayotgan yuqori ilmiy salohiyatga ega olimlar platformasi.

Belgilansinki, Yoshlar akademiyasi faoliyati doirasida mamlakatimiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan sunʼiy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, robototexnika va mexatronika, farmatsevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellash va boshqa istiqbolli yoʻnalishlarda amaliy, innovatsion va startap loyihalari amalga oshiriladi.

12. Yoshlar akademiyasi aʼzolari uchun zamonaviy infratuzilmaga ega sharoitlar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi, Ilgʻor texnologiyalar markazi va “Yashnobod” innovatsion texnoparkining binolari, laboratoriyalari, akseleratori va kovorking markazlarini Yoshlar akademiyasiga bepul foydalanish uchun ajratsin;

2020-yil 1-yanvarga qadar Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda Yoshlar akademiyasining aʼzolariga dunyoning yetakchi mamlakatlari tajribasi asosida Toshkent viloyati Nurafshon shahrida barpo etilayotgan “aqlli shahar” hududida zamonaviy infratuzilmaga ega kichik va ixcham “Science Park” (Saynspark) tashkil etish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Yoshlar akademiyasi aʼzolariga biznesni tashkil etish va rivojlantirish, shu jumladan, biznes-rejalar va taʼsis hujjatlarini tayyorlash, sugʻurta, buxgalteriya, hisobot berish, biznes sheriklarni, mini-texnologiyalar va uskunalarni topish bilan bogʻliq xizmatlarni tashkil etish boʻyicha muntazam mahorat darslarini olib borsin.

14. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga doimiy ravishda Yoshlar akademiyasi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, teleradiokanallarda intellektual yoʻnalishdagi teleradiodasturlarni tashkil etish va efirga uzatish tavsiya etilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–3416-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bir oy muddatda:

Yoshlar akademiyasining nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

   Prezidenti                            Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 30-avgust


14 159
O'zA