O‘zA O`zbek

16.01.2019 Chop etish versiyasi

Yogʻ-moy tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar va sohani boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida

Yogʻ-moy tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar va sohani boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Mamlakatda yogʻ-moy tarmogʻini rivojlantirish, aholi ehtiyojini yanada toʻlaroq qondirish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va tayyor mahsulotlar assortimentlarini koʻpaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, haqiqiy holat shuni koʻrsatadiki, yogʻ-moy tarmogʻini boshqarishning yagona tizimining yoʻlga qoʻyilmaganligi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini nazorat qilish mexanizmining samarasizligi bilan bogʻliq muammolarning mavjudligi ilgʻor texnologiyalarni oʻzlashtirishga, investitsiyalarni jalb qilish va tarmoqning jadal rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Xom ashyo bazasining chegaralanganligi oqibatida tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 50 foizdan oshmaydi, bu davlat ishtirokidagi yogʻ-moy korxonalar faoliyatining samaradorligi va raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelmoqda.

Iqtisodiyotda davlatning ishtirokini yanada qisqartirish, respublika yogʻ-moy tarmogʻining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish uchun sharoit yaratish maqsadida:

1. Yogʻ-moy sanoati korxonalari, “Oʻzpaxtayogʻ” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi oʻrinlarda – Agentlik):

“Oʻzpaxtayogʻ” AJ negizida Oʻzbekiston Respublikasi yogʻ-moy sanoati korxonalari uyushmasini (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi) tashkil etish hamda unga “Oʻzpaxtayogʻ” AJga tegishli boʻlgan mol-mulk va boshqa mablagʻlarni, shuningdek, debitor va kreditor qarzdorliklarni oʻtkazish,“Oʻzpaxtayogʻ” AJga tegishli xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi koʻchmas mulk va aksiyalar paketi (ulushi) bundan mustasno;

xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi “Oʻzpaxtayogʻ” AJning aksiyalar paketi (ulushi)ni 1-ilovaga muvofiq Agentlikka oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

ixtiyoriy ravishda aʼzo boʻlgan yogʻ-moy sanoati korxonalari va tashkilotlari “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi aʼzolari hisoblanadi;

“Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi ijro apparatining tuzilmasini tasdiqlash uning taʼsischilarining umumiy yigʻilishi qarori bilan amalga oshiriladi;

“Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi raisi va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining taqdimnomasiga asosan uning taʼsischilarining umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadi;

“Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi faoliyatini joriy taʼminlash va moliyalashtirish uning aʼzolarining badallari va ajratmalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

3. “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

yogʻ-moy xom ashyolarini qayta ishlash va yogʻ-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha yagona kompleks sifatida yogʻ-moy sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy bozor munosabatlarini tarmoqqa keng joriy qilish;

“Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi aʼzo tashkilotlarining huquq va manfaatlarining himoya qilinishini taʼminlash;

ichki va tashqi bozorda marketing tadqiqotlarini tashkil qilish, tarmoqni rivojlantirishning oʻrta va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, xom ashyoni chuqur qayta ishlashda va sifatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, ozuqa-yem bazasini kengaytirish, ichki bozorni yogʻ-moy mahsulotlari bilan toʻlaqonli taʼminlashda tarmoq korxonalariga koʻmaklashish;

yogʻ-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani har tomonlama oʻrganish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash hamda texnik jihatdan qayta jihozlashda, yuqori unumli zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etishda, mazkur maqsadlar uchun investitsiyalarni, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda tarmoq korxonalariga koʻmaklashish;

yogʻ-moy tarmogʻining standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimlarini xalqaro talablar va standartlarga uygʻunlashtirish orqali uni takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;

xom ashyo bazasini rivojlantirish hamda yogʻ-moy tarmogʻi tashkilotlarining moyli oʻsimlik urugʻlarini yetishtiruvchilar bilan oʻzaro munosabatlari mexanizmini takomillashtirish;

yogʻ-moy sanoati sohasida kadrlarni tayyorlashga boʻlgan real ehtiyojni va istiqbolli yoʻnalishlarni aniqlash, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarini takomillashtirishda ishtirok etish, mazkur sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish;

tarmoqni jadal rivojlantirish va yogʻ-moy sanoatining barqaror faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni tahlil qilish va ularni bartaraf etish, shuningdek, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash.

4. Belgilansinki, 2022 yil 1 yanvarga qadar:

“Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi mol-mulk soligʻi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi toʻlashdan ozod etiladi;

tashkilotlarning shartnomalar asosida “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasiga ajratmalari yuridik shaxslar foyda soligʻining soliqqa tortiladigan bazasidan chiqariladi.

5. “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi tarkibiga kiradigan tashkilotlar 2021 yil 1 yanvarga qadar:

oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish maqsadida import qilinadigan yogʻ-moy xom ashyolari hajmi TIF TN kodlari 1201-1207 guruhi (soya dukkagi, kungaboqar va boshqa moyli oʻsimliklar urugʻlari) boʻyicha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno);

oʻsimlik yogʻi ishlab chiqaruvchilar import qilingan yogʻ-moy xom ashyolari hisobidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmlari boʻyicha qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlovidan ozod qilinsin.

6. “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi tarkibiga kiradigan yogʻ-moy sanoati korxonalariga 2022 yil 1 yanvarga qadar respublikada ishlab chiqarilmaydigan, yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan TIF TN kodlari 2815, 3802, 3815 guruhi boʻyicha uskunalar, butlovchi buyumlar, materiallar (kaustik soda, aktivlashtirilgan tabiiy mineral mahsulotlar va katalizatorlar) importida bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni 90 kunga kechiktirish imkoniyati berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni kechiktirish boʻyicha qarzdorlik summasini qoʻshilgan qiymat soligʻi yuzasidan umumiy hisob-kitobda yopishni nazarda tutuvchi “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi tarkibiga kiradigan yogʻ-moy sanoati korxonalariga qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash boʻyicha kechiktirish berish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov bir oy muddatda:

a) quyidagilarni nazarda tutuvchi Yogʻ-moy sanoatida amaldagi ishlab chiqarishlarni texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin:

amaldagi ishlab chiqarishlarni texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish boʻyicha 150 million AQSH dollari miqdoridagi 37 ta investitsiya loyihalarini 2019-2020 yillarda amalga oshirish;

tayyor oʻsimlik yogʻi importini bosqichma-bosqich qisqartirish bilan bir vaqtda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni 90 foizgacha yetkazish va yuqori qoʻshilgan qiymatli yogʻ-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsadida yogʻ-moy xom ashyolari olib kirish hajmlarini koʻpaytirish;

2021 yilga qadar respublikada muqobil moyli oʻsimliklar yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish hisobiga yogʻ-moy xom ashyolari jamgʻarish miqdorini 100 ming tonnagacha yetkazish;

2021 yilga qadar oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish hajmlarini 400 ming tonnagacha yetkazish;

loyiha qiymati 100 million AQSH dollari boʻlgan istiqbolli investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish uchun xorijiy investorlarni jalb qilish;

b) narxlar barqarorligini va ichki bozorning yogʻ-moy mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini bir maromda taʼminlash maqsadida 50 ming tonna hajmli zamonaviy yogʻ-moy xom ashyolari saqlash sigʻimlarini tashkil qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.

8. Agentlik 2019 yil 1 sentyabrga qadar boʻlgan muddatda sotiladigan aksiya paketlari (ulushlari)ni baholash jarayonlarining shaffofligini, ularning boshlangʻich narxini, shuningdek, savdoni tashkil etish va oʻtkazish shartlarini taʼminlagan holda ushbu qarorning 1-ilovasiga muvofiq oʻtkaziladigan xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari)ni belgilangan tartibda sotish choralarini koʻrsin.

9. Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi va Agentlik bilan birgalikda yogʻ-moy tarmogʻiga korxonalarning uzluksiz ishlab chiqarish faoliyatini taʼminlash uchun yetarli xom ashyo bazasiga ega boʻlgan xorijiy investorlarni va yetakchi yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini jalb qilish choralarini koʻrsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

Agentlik, “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ustav jamgʻarmasida davlat ulushi mavjud boʻlgan yogʻ-moy tarmogʻikorxonalarining boʻsh turgan yer uchastkalarini inventarizatsiyadan oʻtkazsin va ularni ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari zaxirasiga oʻtkazish boʻyicha taklif kiritsin;

ikki oy muddatda ushbu qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan yogʻ-moy korxonalarining boʻshaydigan hududlarida ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil qilish boʻyicha taklif kiritsin.

11. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R.Xolmurodovga – yogʻ-moy tarmogʻiga korxonalarning uzluksiz ishlab chiqarish faoliyatini taʼminlash uchun yetarli xom ashyo bazasiga ega boʻlgan xorijiy investorlarni va yetakchi yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini jalb qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri B.T.Yusupovga–fermer xoʻjaliklari tomonidan soya va muqobil moyli oʻsimliklar urugʻlarini yetishtirishni tashkil qilish choralarini koʻrish, ularning hisobini yuritish va ularga har tomonlama koʻmaklashish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

“Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mavjud xom ashyo resurslaridan, infratuzilmalar, mehnat resurslari va bozor ehtiyojidan hamda hududdagi mavjud quvvatlardan kelib chiqqan holda yogʻ-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni loyihalashtirishda tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama amaliy yordam koʻrsatsin.

12. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda yogʻ-moy sanoati tarmogʻida amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yoritib borish tavsiya qilinsin.

13. “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda yogʻ-moy sanoati tarmogʻi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha ilmiy-amaliy markazni tashkil etish choralarini koʻrsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi zimmasiga yuklangan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarishda amaliy yordam koʻrsatsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasini statistik maʼlumotlarni majburiy tarqatish reyestriga kiritsin.

16. “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi Toshkent shahri, Shota Rustaveli koʻchasi, 8-uy manzili boʻyicha bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosarlari B.M.Mavlonov va G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.




Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 16 yanvar