1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, tibbiy hamda sanatoriy- sog‘lomlashtirish sohasida xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish hisobiga ularning sog‘lig‘ini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. 2015-yildan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 1941-1945-yillardagi urush va mehnat faxriylari yiliga bir marta o‘zlari uchun maqbul muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi hamda respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul sog‘lomlashtirish kursidan o‘tish huquqiga ega bo‘ladilar.
Belgilab qo‘yilsinki, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy- sog‘lomlashtirish muassasalariga yo‘llanmalar qiymati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2015-yil va undan keyingi yillardagi O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida urush va mehnat fronti faxriylarini sog‘lomlashtirishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi va “Nuroniy” jamg‘armasi:
bir hafta muddatda urush va mehnat fronti faxriylarini sog‘lomlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadigan Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashiga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarining ro‘yxatini aniqlashtirsinlar;
sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularda urush va mehnat fronti faxriylarining bekamu ko‘st sog‘lomlashtirilishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘rsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, o‘z qaramog‘ida sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalari bo‘lgan vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar va yirik korxonalar:
bir oy muddatda 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini o‘z qaramog‘idagi sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida sog‘lomlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasinlar, unda urush va mehnat fronti faxriylari uchun yo‘llanmalar qiymatini O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga belgilangan narxlarda to‘lash tartibini nazarda tutsinlar;
Nizom tasdiqlangandan keyin 10 kun mobaynida uni vazirliklar va idoralar hay’atlarida, kompaniyalar, uyushmalar va yirik korxonalarning boshqaruvi yig‘ilishlarida ko‘rib chiqsinlar;
ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli idoraviy me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmonga muvofiq qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2014-yil 13-oktabr