O‘zA O`zbek

12.02.2019 Chop etish versiyasi

Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Soʻnggi yillarda mamlakatda ijtimoiy yetimlikning oldini olish, aholi va yoshlar orasida sogʻlom oila qurishga masʼuliyat bilan yondashishni targʻib qilish, oilaviy qadriyatlarga maʼnaviy-axloqiy munosabatni shakllantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Koʻrilgan chora-tadbirlar tarbiya muassasalari va ularda tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sonini sezilarli ravishda kamaytirishga yordam berdi.

Shu bilan birga, bolalarni joylashtirishning oilaviy hamda boshqa muqobil shakllarini keng joriy etish, ayniqsa, ularni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilish (patronat), shuningdek, bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish talab etilmoqda.

Ijtimoiy yetimlikni yanada kamaytirish, yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, ularning jadal ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish, tarbiya muassasalarining ish faoliyatini yaxshilash, shuningdek, jismonan sogʻlom va maʼnaviy yetuk avlodni tarbiyalashda oilaning rolini mustahkamlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining:

2019 yil 1 martdan “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilari, shuningdek, barcha turdagi xalq taʼlimi muassasalari tarbiyachilarining bazaviy tarif stavkasini 1,5 barobarga oshirish va uni umumtaʼlim maktablarining tegishlicha rahbar va pedagogik xodimlari bazaviy tarif stavkasining 75 foizi darajasida belgilash;

2019 yil 1 oktyabrdan “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari rahbar xodimlari va oliy maʼlumotli tarbiyachilari hamda barcha turdagi xalq taʼlimi muassasalari oliy maʼlumotli tarbiyachilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini umumtaʼlim maktablarining tegishli rahbar va pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish, bunda ayrim fanlar chuqur oʻrgatiladigan ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tarbiyachilari uchun koʻzda tutilgan ustamani bekor qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Belgilansinki:

2019 yil 1 martdan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun toʻlanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobarga oshirilib, 820 000 soʻmni tashkil qiladi, keyinchalik inflyatsiya hajmidan kam boʻlmagan miqdorda oshirib boriladi;

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi lavozim maoshining 75 foizi miqdorida toʻlanadi;

vasiylik va homiylik organlari xodimlariga oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq transport xarajatlarini qoplash uchun har oyda 170 000 soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlanadi, keyinchalik inflyatsiya hajmidan kam boʻlmagan miqdorda oshirib boriladi;

bolalar uylari, nogiron bolalar uchun “Muruvvat” internat uylari hamda sil kasalligiga qarshi bolalar sanatoriysi tarbiyachilariga tegishli toifadagi davlat maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorlari qoʻllaniladi;

oilaviy bolalar uylari tarbiyalovchi ota-onalarining bazaviy tarif stavkasi “Mehribonlik” uylari tarbiyachilari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasining ikki barobari miqdorida hisoblanadi, bunda mehnatning alohida sharoitlari uchun amaldagi ustama haqi bekor qilinadi va “Mehribonlik” uylari tarbiyachilari uchun belgilangan har yilgi taʼtillar, imtiyozlar va kafolatlar berish tartibi saqlab qolinadi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylariga 1 ta psixolog shtat birligi, tarbiyalanuvchilari soni 200 nafardan ortiq boʻlgan “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylariga 2 ta psixolog shtat birliklarini kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil davomida “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan zamonaviy kompyuter sinflarini ochish, tarbiyalanuvchilarni zamonaviy kompyuter dasturlash koʻnikmalariga oʻqitishni tashkil qilish va axborot texnologiyalari sohasida yosh mutaxassislar tayyorlanishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar, idoralar, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy yetimlikning oldini olish, shuningdek, “Mehribonlik” uylarini bosqichma-bosqich kam komplektli bolalar shaharchalariga hamda ijtimoiy muassasalarning boshqa muqobil shakllariga oʻtkazish maqsadida 2019 yil 1 iyunga qadar muddatda 2019-2023 yillarda“Mehribonlik” uylarini noinstitutsionallashtirish dasturini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilayotgan (patronat) vasiy va homiylikka nomzodlarni, farzandlikka olayotganlar va oilaviy bolalar uylarining tarbiyalovchi ota-onalarini tanlash va kuzatib borish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Xalq taʼlimi vazirligi va boshqa davlat organlarining “Ishonch telefonlari” orqali yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga yordam koʻrsatish tizimini tashkil qilsin, shuningdek, “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida zarur aloqa vositalari bilan jihozlangan alohida xonalar ajratilishini, “Ishonch telefonlari” uzluksiz ishlashini hamda ulardan tarbiyalanuvchilarning erkin foydalanishini taʼminlasin.

4. Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

oilaviy vasiylik va homiylikning turli shakllarini yaratishga koʻmaklashsin;

2019 yil 1 iyunga qadar “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylarining hududlari va xonalari videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishini taʼminlasin, videoyozuvlar maxsus arxivda kamida bir oy davomida saqlanishini nazarda tutsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylaridagi videokuzatuv kameralarining texnik sozligi va uzluksiz ishlashini, keyinchalik ularni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida arxivlashtirishni taʼminlasin.

6. Vasiylik va homiylik organlari, “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, bolalar uylari hamda yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun boshqa tarbiya muassasalari:

davlat notarial idoralari, Davlat xizmatlari markazlari, FHDYO va ichki ishlar organlari, davlat tibbiyot va boshqa muassasalar orqali yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish bilan bogʻliq hujjatlarni rasmiylashtirishda;

yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilishda davlat boji va boshqa toʻlovlardan ozod etilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda xarajatlar smetasini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining sohaga ixtisoslashtirilgan muassasalarida tibbiyot tizimi pedagogik xodimlarining malakasini oshirish uchun mablagʻlarni nazarda tutsin.

Belgilansinki, asosiy ishidan ajralgan holda pedagog xodimlarning malakasini oshirish kurslariga yuborilgan tinglovchilarga oʻqish davrida asosiy ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi saqlanadi.

8. Quyidagilar uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shahar (tuman) hokimlari:

“Mehribonlik” uylariga kam taʼminlangan va koʻp bolali oilalarning bolalari hamda ota yoki onadan biriga ega bolalarni vaqtinchalik joylashtirish boʻyicha qarorlarning asoslantirilganligi;

uy-joyga muhtoj sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga oʻz vaqtida turar joylar ajratilishini qonun hujjatlariga muvofiq taʼminlash uchun shaxsiy javobgar ekanligi koʻrsatib oʻtilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga turar joylar ajratilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

9. Tijorat banklariga yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga, shu jumladan, ular toifasiga kiradigan 18 yoshdan 23 yoshgacha boʻlgan shaxslarga yosh oilalar uchun nazarda tutilgan shartlarda, koʻp kvartirali uylardan kvartira sotib olish maqsadida imtiyozli ipoteka kreditlari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun kreditlar ajratish tavsiya etilsin.

Belgilansinki, yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining dastlabki badali Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladi.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning maishiy va turar joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida, shaharlar va qishloq joylarida arzon koʻp kvartirali uylarni qurish parametrlarini shakllantirishda, 2020 yildan boshlab uy-joyga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga imtiyozli ipoteka krediti berish asosida sotish uchun uylar qurilishini nazarda tutsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda bir oy muddatda tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ishga joylashtirilishi ustidan tizimli monitoring mexanizmini oʻrnatsin;

Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonuni yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqishda tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ishga joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlarni nazarda tutsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:

“Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilarini dasturlash koʻnikmalariga oʻrgatish hamda axborot texnologiyalari sohasida yosh mutaxassislarni tayyorlash maqsadida ularning Internet tarmogʻiga ulanishi va kompyuterlar bilan jihozlanishini, bunda 10-11 sinf oʻquvchilariga “axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” yoʻnalishida yetakchi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashi uchun sharoitlar yaratilishini;

elektron oʻquv, shu jumladan, kompyuter dasturlash va axborot texnologiyalari sohasidagi materiallardan foydalanish maqsadida “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarining “ZiyoNET” taʼlim tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2019 yil 1 aprelga qadar yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ularning tutingan ota-onalari doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga doimiy propiska qilinishini taʼminlash boʻyicha takliflar kiritsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorda koʻzda tutilgan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan mablagʻlar ajratsin, shuningdek, har yili Davlat byudjeti parametrlarida ushbu koʻrsatilgan maqsadlar uchun mablagʻni nazarda tutsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                      Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2019 yil 11 fevral

9 618
O'zA