O‘zA O`zbek

18.08.2018 00:11 Chop etish versiyasi

Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida

Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Keyingi yillarda respublikamizda hududlarni kompleks rivojlantirishga, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida va samarali hal qilishga qodir mahalliy ijro etuvchi hokimiyat tuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida ishlarning haqiqiy ahvolini o‘rganish iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining eng muhim muammolarini tezkor hal qilishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan:

birinchidan, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishda kompleks yondashuv hamda hokimlar va ular o‘rinbosarlarining davlat boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalari bilan yaqin o‘zaro hamkorligi yo‘lga qo‘yilmagan;

ikkinchidan, mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘ziga xos bo‘lmagan bir qator vazifa va funksiyalar yuklatilgan bo‘lib, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlari mavjud emas, oqibatda hokimliklar huzurida ma’muriy va boshqaruv funksiyalariga ega bo‘lgan alohida kvazidavlat korxona va tashkilotlar tuzilmoqda;

uchinchidan, davlat hokimiyati vakolatlariga ega bo‘lgan ko‘p sonli idoralararo hududiy kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar)ning mavjudligi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifa va funksiyalari almashishiga, qabul qilinayotgan qarorlar va aniq natijalarga erishish uchun mas’uliyatning yo‘qolib borishiga olib kelmoqda;

to‘rtinchidan, Toshkent shahrining tasdiqlangan bosh rejasi mavjud emasligi tartibsiz qurilishlarga olib kelmoqda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermayapti, shuningdek, ijtimoiy obyektlarni kompleks joylashtirish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirishni hisobga olgan holda poytaxtni faol ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda;

beshinchidan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibi ularga yuklatilgan vazifalar, funksiyalar va mas’uliyat hajmiga mos kelmaydi, bu esa ularning ish samaradorligiga ta’sir qilmoqda;

oltinchidan, deputatlik va jamoatchilik nazorati mexanizmlari lozim darajada ishga solinmagan, xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini tashkil etishning amaldagi tartibi mahalliy ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan nazoratni to‘liq ta’minlamaydi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, ularning tegishli hududdagi eng muhim muammolarni hal qilishdagi rolini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasining vazifalariga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligining 2018 yil 1 sentyabrdan Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish haqidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifi qabul qilinsin:

Toshkent shahar va uning tarkibiga kiruvchi tumanlar (keyingi o‘rinlarda tumanlar deb yuritiladi) hokimliklari boshqaruv apparatlari negizida xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan byudjet doirasida tegishli hokim tomonidan tuzilmasi va shtatlari belgilanadigan va o‘zgartiriladigan Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlarini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qurilish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmalari rahbarlarini Toshkent shahar hokimi tomonidan tegishli vazir bilan kelishilgan holda, ularning tuman bo‘linmalari rahbarlarini esa tegishli hududiy davlat boshqaruvi organi rahbari bilan kelishilgan holda tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;

Toshkent shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari ishtirokidagi davlat hokimiyati vakolatlariga ega bo‘lgan hududiy idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar va boshqalar)ni ularning vazifa va funksiyalarini tegishli hududiy davlat boshqaruvi organlariga bergan holda keskin qisqartirish.

2. Quyidagilar tegishlicha Toshkent shahar va tumanlar hokimlari bo‘ysunuviga hamda Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlari tuzilmasiga o‘tkazilsin:

Toshkent shahar iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda tumanlarning iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlari;

Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmasi va tuman hokimliklarining moliya bo‘limlari;

Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi va tumanlar qurilish bo‘limlari;

Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi

va tumanlar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limlari;

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining Toshkent shahri bo‘yicha hududiy boshqarmasi va investitsiyalar bo‘yicha tuman bo‘limlari.

3. Toshkent shahrida mazkur Farmonning 2-bandida ko‘rsatilgan davlat boshqaruvi organlari ishini tashkil etishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:

a) respublika davlat boshqaruvi organlari:

tegishli sohalarda yagona davlat siyosatini;

davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini uslubiy ta’minlash va muvofiqlashtirishni;

tegishli tuzilmalarni malakali kadrlar bilan ta’minlashga qaratilgan yagona kadrlar siyosatini amalga oshiradi;

b) Toshkent shahar va tumanlar hokimlari Toshkent shahri va tumanlardagi hududiy davlat boshqaruvi organlari faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini tashkil etadi;

v) Toshkent shahridagi hududiy davlat boshqaruvi organlari Toshkent shahar hokimiga bo‘ysunadi va o‘z faoliyati to‘g‘risida tegishli respublika davlat boshqaruvi organiga hisobot beradi;

g) Toshkent shahri tumanlaridagi hududiy davlat boshqaruvi organlari tuman hokimiga bo‘ysunadi va o‘z faoliyati to‘g‘risida Toshkent shahridagi tegishli hududiy davlat boshqaruvi organiga hisobot beradi.

4. Toshkent shahar hokimligining quyidagi takliflari ma’qullansin:

a) Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi huzuridagi Kanallarni saqlash, foydalanish va ta’mirlash bo‘yicha ixtisoslashgan boshqarma negizida asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘lgan Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasini tashkil etish:

Toshkent shahri hududida joylashgan kanallar va ulardagi inshootlarni saqlash bo‘yicha yagona texnika siyosatini olib borish;

Toshkent shahri hududida joylashgan kanallar va suv xo‘jaligi inshootlarining tegishli sanitar holati va texnik ishonchliligini ta’minlash;

kanallardan ishonchli foydalanish va ularni ishchi holatda saqlash uchun tayyorlash;

kanallarni sanitar tozalashni kompleks va tubdan yaxshilash, kanallarga tutash hududlarni sanitar, ekologik me’yor va qoidalarga muvofiq obodonlashtirish vazifalarini amalga oshirish;

kanallarning shahardan o‘tadigan qismlarini, ular o‘zanlarini betonlash yo‘li bilan rekonstruksiya qilish, qirg‘oq bo‘ylarida zamonaviy landshaft me’morchiligi usullarini qo‘llagan holda rekreatsion hududlarni shakllantirish;

ajratilgan mablag‘lar, moddiy-texnika resurslari, maxsus texnika

va asbob-uskunalardan foydalanish samaradorligini, jumladan, suv va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etgan holda oshirish;

b) Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat tuzilmasida asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘lgan Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamentini tashkil etish:

shahar transportini tartibga solish va rivojlantirishning samarali mexanizmlarini tashkil etish, boshqarish, ishlab chiqish va qo‘llash tizimini takomillashtirish;

transport va yo‘l-transport infratuzilmasi, shuningdek, avtomobil to‘xtash joylarini rivojlantirish sohasida shahar dasturlarini ishlab chiqish;

shahar yo‘lovchi transporti faoliyat yuritishining ishonchliligi, xavfsizligi va qulayligini oshirish;

yo‘llar, yo‘l obyektlari va yo‘l-transport inshootlaridan foydalanish samaradorligini ta’minlash uchun yo‘l harakatini tashkil etishning xavfsiz va samarali dasturlari va chizmalarini, shu jumladan, yo‘l harakatini tartibga solish tizimlarini, zamonaviy intellektual axborot-kommunikatsiya tizimlarini rejalashtirish, loyihalash va joriy etish;

Toshkent shahar tashkilotlari, shu jumladan, kommunal va ekspluatatsiya tashkilotlarining yo‘l-transport infratuzilmasi va yo‘l obyektlarini qurish va ulardan foydalanish sohasidagi faoliyatini tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, muvofiqlashtirish.

5. Quyidagilar:

Toshkent shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatilib, Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi;

Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi tugatilib, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari –

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi;

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimi;

Toshkent shahar hokimi devoni rahbari lavozimi joriy etilsin.

6. Belgilab qo‘yilsinki:

Toshkent shahar hokimi va tumanlar hokimlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq namunaviy tuzilmalarga asosan tegishli hududda ijro etuvchi hokimiyatga rahbarlik qiladi;

Toshkent shahar va tumanlar xalq deputatlari Kengashlari faoliyatining tashkiliy, moliyaviy, moddiy-texnikaviy va boshqa ta’minoti ularning mazkur Farmonga muvofiq tashkil etiladigan kotibiyatlari tomonidan, hokimlar va ular o‘rinbosarlarining ta’minoti esa – tegishli hokim devoni tomonidan amalga oshiriladi;

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti Toshkent shahar hokimiga bo‘ysunadi;

Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi, shuningdek, Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamentining shtat birliklari Toshkent shahar hokimi tomonidan belgilanadi;

O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahar byudjeti o‘rtasida taqsimlanadigan soliqlarning tasdiqlangan parametrlaridan oshirib bajarilgan summasining O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetiga tegishli qismi Toshkent shahri mahalliy byudjetiga o‘tkaziladi.

7. Quyidagilar:

Toshkent shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari ishtirokidagi hududiy idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar) ularning vazifa va funksiyalarini 3-ilovaga muvofiq vakolatli organlarga o‘tkazgan holda;

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi davlat unitar korxonalari 4-ilovaga muvofiq o‘rnatilgan tartibda tugatilsin.

8. Toshkent shahar va tumanlar xalq deputatlari Kengashlariga:

mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan va deputatlar orasidan bo‘lgan xalq deputatlari Kengashi kotibi boshchilik qiladigan doimiy asosda faoliyat yurituvchi xalq deputatlari Kengashi kotibiyatini tashkil etish, shuningdek, uning tuzilmasini tasdiqlash;

mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan deputatlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish yuzasidan, shu jumladan, hokimlar va davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini tizimli va tanqidiy tahlil qilish bo‘yicha xalq deputatlari Kengashining har oylik ish rejalarini tasdiqlash va ijro etish orqali ishlarni kuchaytirish tavsiya etilsin.

9. Quyidagilarga:

a) xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga:

mahalliy byudjetlar daromadlari prognozini oshirib bajarish hisobiga xalq deputatlari Kengashlari kotibiyatlari xodimlarining faoliyatini baholash natijasiga ko‘ra ularning lavozim maoshlariga lavozim maoshining 200 foiziga qadar miqdorda ustama belgilash;

Toshkent shahar byudjeti mablag‘lari hisobidan uning zaxira fondi miqdori doirasida va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligini keyinchalik xabardor etgan holda Toshkent shahri nomidan yuridik va jismoniy shaxslar foydasiga kafolat va kafillik berish;

b) Toshkent shahar hokimi va tumanlar hokimlariga mahalliy byudjetlar daromadlari prognozini oshirib bajarish hisobiga Toshkent shahar hokimi va tumanlar hokimlari devoni, shuningdek, davlat boshqaruvi hududiy organlari xodimlarining faoliyatini baholash natijasiga ko‘ra ularning lavozim maoshlariga lavozim maoshining 200 foiziga qadar miqdorda ustama belgilash huquqi berilsin.

10. Toshkent shahri hududida 2018 yil 1 oktyabrdan quyidagilar amalga kiritilsin:

O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahar byudjeti o‘rtasida qayta taqsimlanadigan alohida turdagi tushumlar bo‘yicha ajratmalar 5-ilovaga muvofiq;

tumanlar byudjetlari daromadiga to‘liq hajmda kiritiladigan qo‘shimcha tushumlar 6-ilovaga muvofiq.

11. Toshkent shahrining boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “yo‘l xaritasi”) 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatiga “yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish vazifasi;

Toshkent shahar hokimi, vazirlik va idoralar rahbarlariga “yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

12. Toshkent shahar hokimi 2018 yil 1 oktyabrga qadar muddatda Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazilishini ta’minlasin.

Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi funksiyasi Toshkent shahar hokimi devoniga yuklansin.

13. Quyidagilar Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqishning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari;

tadbirkorlik subyektlarining davlat-xususiy sheriklik shartlarida jalb etiladigan mablag‘lari.

14. Toshkent shahar hokimi:

2019 yil 1 yanvarga qadar Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini;

2019 yil 1 dekabrga qadar tasdiqlangan Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi asosida Toshkent shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Vazirlik va idoralar Toshkent shahar hokimi devoniga Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqishda ko‘maklashsin, o‘z vakolatlari doirasida ushbu hujjatlarning o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi uchun zarur bo‘lgan materiallar bilan ta’minlasin.

16. Belgilab qo‘yilsinki, Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlangunga va poytaxtni arxitektura jihatidan rivojlantirishning istiqbollari aniq belgilangunga qadar:

Toshkent shahrining eski shahar qismida buzish, rekonstruksiya qilish va kapital qurilish bo‘yicha ishlarni olib borish taqiqlanadi;

Toshkent shahrining boshqa tumanlarida yangi turar joy massivlarini qurishda ijtimoiy obyektlarni kompleks joylashtirish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish majburiy tartibda nazarda tutiladi.

17. Toshkent shahar hokimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan ma’qullangan yoki ishlab chiqilgan rentabelli investitsiya loyihalariga aholining bo‘sh mablag‘larini Toshkent shahrining obligatsiyalari yoki yangi tashkil etilayotgan xo‘jalik jamiyatlari aksiyalari shaklida qimmatli qog‘ozlarni chiqarish orqali jalb etishga ruxsat berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi Toshkent shahar hokimiga qimmatli qog‘ozlarni chiqarish hamda joylashtirishda ko‘maklashsin.

18. Toshkent shahar hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:

“Yagona buyurtmachi xizmati” IK, “Kapital qurilish boshqarmasi”, “Toshkent uy-joy qurilish boshqarmasi” va “Moddiy-texnik ta’minot boshqarmasi” davlat unitar korxonalari negizida davlat unitar korxonasi shaklidagi “Toshkent qurilish invest” injiniring kompaniyasini tashkil etish hamda uni Toshkent shahri hududida markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashni tashkillashtirish bo‘yicha yagona buyurtmachi sifatida belgilash;

“Ma’muriy binolardan foydalanish departamenti” davlat unitar korxonasi negizida davlat unitar korxonasi shaklidagi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazini tashkil etish hamda uning zimmasiga munitsipal mulkni, shu jumladan, munitsipal mulk hisoblangan davlat korxonalari va xo‘jalik jamiyatlari ustav fondidagi ulushlarni samarali boshqarish vazifalarini yuklash haqidagi takliflari ma’qullansin.

Toshkent shahar hokimiga munitsipal aktivlarni boshqarish va ularni ijaraga berishdan tushadigan daromadlarning bir qismini, jumladan, Toshkent shahar hokimi devonining faoliyatini moddiy-texnik ta’minlash va uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun yo‘naltirishga ruxsat berilsin.

19. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq tashqi reklama obyektlarining inshootlarini joylashtirish uchun taqdim etiladigan hududlar ro‘yxatlarini shakllantirish Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Belgilansinki, ruxsatnoma berishdan kelib tushadigan barcha mablag‘lar elektron auksion savdolarini o‘tkazish xarajatlarini chegirib tashlagan holda Toshkent shahri tumanlari byudjetlariga yo‘naltiriladi.

20. Toshkent shahar hokimi real vaqt rejimida quyidagi imkoniyatlarni taqdim etuvchi Toshkent shahri va tumanlar hokimlari devonining interfaol portallarini yaratishni ta’minlasin:

a) fuqarolardan mahalliy byudjetning muayyan qismini, shu jumladan, Toshkent shahrini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasining mablag‘larini, Toshkent shahri obligatsiyalarini chiqarish hisobidan jalb etilayotgan mablag‘larni eng ko‘p ovoz olgan maqsadlarga yo‘naltirish bo‘yicha takliflar olish;

b) mahalliy byudjetga tushumlarni kuzatish, shuningdek, amalga oshirilayotgan tadbirlarni va ularga sarflangan mablag‘larning shaffofligi va ochiqligini ta’minlagan holda qayd etish orqali ularning sarflanishini monitoring qilish;

v) Toshkent shahri va tumanlar hokimlari devonlarining tegishli hudud aholisi bilan quyidagilar orqali hamkorligini amalga oshirish:

poytaxt aholisidan uy-joy kommunal, transport va boshqa infratuzilmani takomillashtirish, hududlarni obodonlashtirish masalalari bo‘yicha takliflarni qabul qilish;

hokimlar va hokim devoni xodimlarining poytaxt aholisi taklif va mulohazalariga tezkor javob berish;

poytaxt aholisi takliflari va mulohazalarining ijrosini nazorat qilish;

Toshkent shahrida arzon uy-joyga talabgor shaxslarning navbati va ro‘yxatini ochiq shakllantirish;

hududlarni rivojlantirish, obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturlarini joylashtirish, tadbirkorlik subyektlarining takliflarini qabul qilish;

poytaxt aholisi ovoz berishi yakunlari bo‘yicha tumanlar hokimlari va hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining reytingini aniqlash.

21. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga:

xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashlariga Toshkent shahri va tumanlari ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirishda ko‘maklashish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga ko‘rib chiqish uchun kiritilayotgan masalalarni xalq deputatlari Kengashlari yig‘ilishlarida muhokama qilish amaliyotini joriy etish;

xalq deputatlari Kengashlari murojaatlari bo‘yicha hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini o‘z majlislarida ko‘rib chiqish tavsiya etilsin.

22. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda Toshkent shahrida kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va huquq-tartibotni ta’minlash uchun mas’ul bo‘linmalarni belgilash bo‘yicha takliflar kiritsin.

24. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mahalliy davlat hokimiyati organlariga xos bo‘lmagan va bir-birini takrorlovchi funksiyalarni aniqlash nuqtai nazaridan qonun hujjatlarini xatlovdan o‘tkazsin, natijasi bo‘yicha ularni optimallashtirish yuzasidan takliflar kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ommaviy mulkni respublika va munitsipal mulkka aniq ajratish yuzasidan takliflar kiritsin;

mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, tartibga solish bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritsin.

25. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

2018 yil 1 dekabrga qadar muddatda xalqaro tajribani inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga “O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini kiritsin;

Toshkent shahrida o‘tkazilgan huquqiy eksperiment yakunlariga ko‘ra,

2019 yil 1 iyulga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini kiritsin.

26. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahri mahalliy byudjeti parametrlariga o‘zgartishlar kiritsin.

27. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi mazkur Farmon talablari ijro etilishida mahalliy byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli ravishda nazoratni amalga oshirsin.

28. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.A.Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                         Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2018 yil 17 avgust

7 690