Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2017 22:06 Chop etish versiyasi

Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Keyingi yillarda mamlakatimizda xususiy mulkni ishonchli himoya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni ta’minlash borasida qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Tadbirkorlik tuzilmalariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlarini tubdan oshirishga doir kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rildi.

Tuman va shaharlarda tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari (bundan buyon – “yagona darcha” markazlari) tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etgan holda ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillaridan o‘tishning oshkoraligini ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur sohada amalga oshirilgan ishlarning tahlili tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, “yagona darcha” markazlarini samarali boshqarish, ular faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirishda tizimli yondashuvni hamda ularning boshqa davlat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligini belgilash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va oshkoraligini, ulardan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirish, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish hamda joylarda xalq bilan bevosita muloqotning samaradorligini ta’minlash maqsadida:

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasining “yagona darcha” markazlarini tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

Banklar va kredit byurolari, ularning filial va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish “yagona darcha” markazlari tomonidan amalga oshirilishi belgilansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

“yagona darcha” markazlarining faoliyati ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshirish, shu jumladan ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, “yagona darcha” markazlari xodimlarining malakasini oshirish;

“yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishda vakolatli organlar tomonidan qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlash, ularning rahbarlariga aniqlangan qonunbuzarliklar, bunday holatlarga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;

“yagona darcha” markazlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha faoliyati samaradorligini, ushbu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishini tizimli tahlil qilish;

ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, “yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash.

3. Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi (bundan buyon – Respublika komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat xizmatlari, shu jumladan “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va oshkoraligini, ulardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan tashkiliy, huquqiy va boshqa chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorligini ta’minlash;

davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi ishlar holatini tizimli tahlil qilish;

sohadagi muammolarni aniqlash, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga doir takliflar ishlab chiqish va amaliy chora-tadbirlar ko‘rish, shu jumladan bunday chora-tadbirlarni joylarda xalq bilan bevosita muloqot o‘rnatish orqali ko‘rish.

4. Respublika komissiyasi ikki hafta muddatda:

Respublika komissiyasi faoliyatining tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlarda tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy komissiyalarni (bundan buyon – hududiy komissiyalar) tuzsin va ularning faoliyatini tashkil etsin.

Hududiy komissiyalarga tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari rahbarlik qilishi belgilansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tarkibida shtat birliklari umumiy soni doirasida Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi negizida Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida esa tegishincha uning bo‘limlari tuzilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi va uning joylardagi bo‘limlari Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalarning ishchi organi etib belgilansin.

6. Quyidagilar:

2017-yilda faqat “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatiladigan qo‘shimcha davlat xizmatlarini joriy etish jadvali 2-ilovaga muvofiq;

2018-2020-yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan, faqat “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda 2017-yilda faqat “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatiladigan qo‘shimcha davlat xizmatlarini joriy etish jadvalini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasini;

ikki oy muddatda 2018-2020-yillarda faqat “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etish jadvalini;

2017-yil 1-sentabrga qadar 2018-2020-yillarda faqat “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etish jadvalini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

2 va 3-ilovalarda belgilangan, faqat “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini joriy etishga doir tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.

8. Berilgan, to‘xtatib qo‘yilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan, shuningdek amal qilishi tugatilgan ruxsatnoma va litsenziyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksi doirasida olish imkoniyatini yaratish yo‘li bilan “yagona darcha” markazlari orqali qog‘oz shaklida beriladigan maxsus blankalardagi ruxsatnoma va litsenziyalarni majburiy rasmiylashtirish talabi 2018-yil1-yanvardan boshlab bekor qilinsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Adliya vazirligining 2017-yilning I choragida quyidagilarni ta’minlaydigan “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

“yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat beruvchi hujjatlar va litsenziyalar (bundan buyon – ruxsatnoma va litsenziyalar) olish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish;

tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shaklda ruxsatnoma va litsenziyalar olish tartibi va muddatlari haqidagi ma’lumotlardan masofadan turib foydalanish;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan ruxsatnoma va litsenziyalar olish to‘g‘risida elektron shaklda ariza berish imkoniyatini yaratgan holda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillarini avtomatlashtirish;

tadbirkorlik subyektlari “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari bo‘yicha qayerda va qay tarzda murojaat qilganidan qat’i nazar, ruxsatnoma va litsenziyalar olish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqishning borishi va natijasini kuzatish imkoniyati;

ruxsatnoma va litsenziyalar reyestrlaridan ma’lumot olish imkoniyati.

10. 2-ilovada ko‘rsatilgan, “yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatayotgan vakolatli organlar:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda idoralararo elektron hamkorlik qilish orqali taqdim etiladigan ma’lumotlarning to‘liq ro‘yxatini belgilasin hamda eskirgan va zamon talablariga javob bermaydigan hujjatlar va ma’lumotlarni tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etish to‘g‘risidagi talablarni bekor qilishga doir takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

belgilangan muddatlardan boshlab Jadvalga kiritilgan davlat xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi arizalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlik subyektlaridan qabul qilish amaliyotini bekor qilsin;

davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga doir tizimli chora-tadbirlar ko‘rsin.

11. Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji sifatida olinadigan barcha mablag‘lar hamda “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari va yig‘imlar hajmining 10 foizi miqdoridagi mablag‘lar “yagona darcha” markazi faoliyatini moliyalashtirish manbai sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nomiga ochilgan maxsus shaxsiy hisobraqamga o‘tkazilishi hamda kelib tushayotgan mablag‘lar “yagona darcha” markazlarini saqlash, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi belgilansin.

12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “yagona darcha” markazlarining davlat mulki bo‘lgan barcha bino va inshootlarini, ularga tegishli asbob-uskunalar, hujjatlar va boshqa mulk Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga belgilangan tartibda tekin taqdim etilishini ta’minlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Bosh prokuratura, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                         Sh.Mirziyoyev



Toshkent shahri, 2017-yil 1-fevral



* * *


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini 
ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir 
qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga

ShARH


Xalq bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar, tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashuvlar litsenziya va ruxsatnoma berish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlarida davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatishni samarali tashkil etishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar saqlanib kelayotganini ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlash joizki, tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini boshlashi uchun hanuzgacha turli davlat organlariga murojaat etishga majbur bo‘lmoqda, litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan zarur darajada foydalanilmayapti, ko‘pchilik davlat xizmatlari, afsuski, hali ham an’anaviy usullarda, qog‘oz shaklida ko‘rsatilmoqda.

Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, “yagona darcha” markazi kabi institutlar davlat xizmatlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda hamda davlat organlarining tadbirkorlik tuzilmalariga o‘z vaqtida ko‘maklashishga doir faoliyati samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Mazkur sohada tadbirkorlik subyektlari ko‘targan dolzarb muammo va takliflar, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida sansalorlik, byurokratik to‘siqlar va rasmiyatchilik holatlari vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali ularning sifati va samaradorligini tubdan oshirishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq tuman va shaharlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqaruviga o‘tkazilmoqda. Bu esa “yagona darcha” markazlarini samarali boshqarish, ularning faoliyatini va boshqa davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligini tashkil etishga nisbatan tizimli yondashuvni belgilash imkoniyatini beradi.

Banklar va kredit byurolari, ularning filiallari va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish “yagona darcha” markazlari zimmasiga yuklatilmoqda. Bunday chora tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning mavjud tarqoq tizimi o‘rniga yangi, yaxlit tizimni yaratishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “yagona darcha” markazlari faoliyatiga umumiy rahbarlikni hamda tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishga oid qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli organ etib belgilandi. 

Mazkur vazifalarni bajarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi, joylarda esa uning hududiy bo‘limlari tashkil etiladi.

“Yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlarini sifatli va samarali ko‘rsatishga to‘sqinlik qiladigan muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal etish uchun tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika va hududiy komissiyalar tashkil etilmoqda.

Mazkur komissiyalar tizimli ravishda, shu jumladan joylarda xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish orqali muammolarni aniqlash va davlat xizmatlarining sifati, ochiqligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan zarur choralarni ko‘rish bilan shug‘ullanadi.

“Yagona darcha” markazlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 16 turdagi ruxsatnomalarni boshqa idoralarga bormasdan rasmiylashtirish amaliyoti sansalorliklarning oldini olishga, tadbirkorlik subyektlarining vaqti va moddiy sarf-xarajatlarini tejashga ko‘maklashdi.

Ana shunday ijobiy amaliyotni yanada kengaytirish maqsadida qarorda talab eng yuqori bo‘lgan qo‘shimcha 86 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni “yagona darcha” markazlari orqali rasmiylashtirish mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilmoqda.

Endilikda tadbirkorlik subyektlari yuqoridagi litsenziya va ruxsatnomalarni olish uchun boshqa idoralarga bormasdan, ularni aniq muddatlarda beradigan “yagona darcha” markazlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. “Yagona darcha” markazlari barcha zarur kelishish tartib-taomillarini tadbirkorlik subyekti ishtirokisiz mustaqil amalga oshiradi.

Bundan tashqari, 2018-yil 1-yanvardan boshlab “yagona darcha” markazlari orqali taqdim etiladigan litsenziya va ruxsatnomalarni qog‘oz shaklidagi maxsus blankalarda majburiy rasmiylashtirish talabi bekor qilinadi. Bunda berilgan, to‘xtatib qo‘yilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan, shuningdek amal qilishi tugatilgan ruxsatnoma va litsenziyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Litsenziya” axborot tizimlari majmuasi orqali olish imkoniyati yaratiladi.

2017-yilning I choragidan ishga tushiriladigan “Litsenziya” axborot tizimlari majmuasi:

tegishli davlat organiga bormasdan turib, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlarini elektron shaklda olishga;

ruxsatnoma va litsenziyalar olish tartibi va muddatlari haqidagi, shuningdek ruxsatnoma va litsenziyalar reyestridagi ma’lumotlardan masofadan turib foydalanishga;

“yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari bo‘yicha ruxsatnoma va litsenziya berish haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni va natijasini, qayerda va qay tarzda murojaat etganidan qat’i nazar, kuzatishga imkoniyatlar yaratadi.

Qarorni amalga oshirish, shubhasiz, tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga, aholining davlatga nisbatan ishonchini oshirishga, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu g‘oyani hayotga joriy etishga ko‘maklashadi.

7 458






Все о погоде - Pogoda.uz