Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.09.2017 19:59 Chop etish versiyasi

Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilashga, shu jumladan, suv obyektlarini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, toshqin va sel hodisalarida favqulodda holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, qonunchilikda mavjud bo‘shliqlar daryolar o‘zanlari va suvni muhofaza qilish zonalari, ko‘llar, suv omborlari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv obyektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash (keyingi o‘rinlarda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash deb yuritiladi) ishlarini amalga oshirishda qum-shag‘al materiallarini ruxsatsiz qazib chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda.

O‘z navbatida, qum-shag‘al materiallarining ruxsatsiz qazib chiqarilishi aksariyat hollarda yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi, suvni muhofaza qilish zonalari botqoqlashishi va ifloslanishi, ularning qirg‘oqlari, sug‘orish tizimlari, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlarining buzilishiga, shuningdek, favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.

Faqat 2017-yilda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish bo‘yicha 228 ta holat, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasi yoki noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan er qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyasi mavjud bo‘lmagan 176 ta subyekt tomonidan noqonuniy amalga oshirganlik holatlari aniqlangan.

Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining noqonuniy amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish, shuningdek, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida:

Belgilab qo‘yilsinki:

daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining sel, toshqin va yer ko‘chkisi xavfi bo‘lgan tumanlarda qirg‘oqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlari (keyingi o‘rinlarda FVV ixtisoslashtirilgan otryadlari deb yuritiladi) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-fevraldagi PQ-585-son qarori bilan tashkil etilgan Toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash, qor ko‘chish va yer ko‘chki hodisalari xavfini kamaytirish bo‘yicha Hukumat komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi) qarorlariga asosan boshqa tashkilotlar tomonidan faqatgina toshqin suvlari va sel oqimlarini o‘tkazib yuborishning imkoniyatsizligi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi;

daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida Komissiya qarori O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazipligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining daryo o‘zanlarini o‘rganish hamda toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborish imkoniyatlarini baholash natijalari bo‘yicha qo‘shma xulosalariga asosan qabul qilinadi;

daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishga loyiha hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi shart;

daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-fevraldagi PQ-585-son va Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-maydagi 135-son qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi;

daryolar o‘zanlarida noruda foydali qazilmalarni qazib olish tasdiqlangan zaxiralar mavjudligi va suv rejimiga salbiy ta’sirga yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan er qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyaga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshiriladi;

noruda foydali qazilmalar konini ishlab chiqish “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan yer qa’ridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlovchi ishlab chiqish tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi;

FVV ixtisoslashtirilgan otryadlari va boshqa tashkilotlar noruda foydali qazilmalar qayta ishlangan va sotilgan hollarda yer qa’ridan foydalanganlik uchun belgilangan tartibda soliq to‘laydi. Bunda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini moliyalashtirish noruda foydali qazilmalarni sotishdan olingan daromadlar miqdoriga kamaytiriladi.

2. Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibining buzilishini aniqlash va oldini olish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Idoralararo guruhlar (keyingi o‘rinlarda idoralararo guruhlar deb yuritiladi) tashkil etilsin hamda ularning namunaviy tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar idoralararo guruhlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazipligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining qo‘shma qarori bilan, tuman va shahar idoralararo guruhlari esa, suv obyektlarining joylashuvini inobatga olgan holda, ularning hududiy bo‘linmalari qo‘shma qarori bilan tashkil etiladi;

idoralararo guruhlarning faoliyati ustidan rahbarlik prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.

3. Quyidagilar Idoralararo guruhlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining holatini Komissiya qarorlariga, loyiha hujjatlariga, noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalarda nazarda tutilgan shartlarga, shuningdek, qonun hujjatlarining boshqa talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan o‘rganish;

daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan tadbirlarni tashkil etish hamda o‘tkazish;

daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibining buzilishida aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;

ushbu sohadagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida profilaktika tadbirlarini tashkil qilishda va o‘tkazishda ishtirok etish;

o‘tkazilgan tadbirlar va aniqlangan huquqbuzarliklar haqidagi axborotlarni, shuningdek, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni muntazam ravishda Komissiyaga kiritish.

4. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining ushbu qaror talablariga muvofiq amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin.

Bunda ushbu nazorat jarayonida o‘tkaziladigan tekshirishlar Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan kelishilmagan holda amalga oshirilishi belgilansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi davlat organlari tomonidan ushbu qarorning 4-bandida ko‘rsatilgan nazorat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda FVV ixtisoslashtirilgan otryadlarini tashkil etish to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bir hafta muddatda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish uchun er uchastkalarini ajratish bo‘yicha oldin qabul qilingan qarorlarini bekor qilsin, shuningdek, bundan keyin Komissiyaning tegishli qarorisiz er uchastkalarini ajratishga yo‘l qo‘ymasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlariga ishlab chiqarishni tashkil etish uchun suv obyektlari tashqarisida noruda foydali qazilmalarning muqobil xomashyo manbalarini aniqlashga ko‘maklashsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini buzganlik uchun ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilishgacha javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini;

Daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda qabul qilingan idoraviy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.

11. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                               Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 25-sentabr

                                             *         *         *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga 
SHARH

Keyingi vaqtlarda daryolar o‘zanlari, ko‘llar, suvni muhofaza qilish zonalari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv obyektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash (keyingi o‘rinlarda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash deb yuritiladi) ishlarini o‘tkazish ko‘rinishida amalga oshiriladigan qum-shag‘al materiallarini nazoratsiz qazib olish holatlari ko‘paydi.

Ushbu faoliyat daryo tublarining yuvilib ketishiga, qirg‘oqlarning o‘pirilishiga sabab bo‘ladi, bu, o‘z navbatida, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi hamda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga, shuningdek, atrof tabiiy muhitga zarar yetishi uchun shart-sharoit yaratmoqda.

Faqat 2017-yilning o‘tgan davrida daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish bo‘yicha 228 ta holat aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Yuzaga kelgan vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ko‘rish, shuningdek, mazkur sohada huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, transport va gidrotexnika infratuzilmasi obyektlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash sohasida aniq vazifalar belgilandi.

Xususan, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari faqatgina toshqin suvlari va sel oqimlarini o‘tkazib yuborishning imkoniyatsizligi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.

Mazkur ishlarni bajarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida sel, toshqin va yer ko‘chkisi xavfi bo‘lgan tumanlarda qirg‘oqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlari tashkil etiladi. Ushbu faoliyat bilan boshqa tashkilotlar ham shug‘ullanishi mumkin.

Bunday ishlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-fevraldagi PQ-585-son qarori bilan tashkil etilgan Toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash, qor ko‘chish va yer ko‘chki hodisalari xavfini kamaytirish bo‘yicha Hukumat komissiyasining qarori asos hisoblanadi.

Bunda Komissiya tomonidan shunday qaror Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazipligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining daryolar o‘zanlarini o‘rganish hamda toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborish imkoniyatlarini baholash natijalari bo‘yicha qo‘shma xulosalariga asosan qabul qilinadi.

Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishga loyiha hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi shart.

Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini moliyalashtirish byudjet mablag‘lari, markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar limitlari, vazirliklar va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hamda boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Noruda foydali qazilmalarni qazib olishni tartibga solish, uning ekologiyaga salbiy ta’sirini bartaraf etish maqsadida daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlashda amalga oshiriladigan mazkur faoliyat litsenziyalanishi shart.

Daryolar o‘zanlarida noruda foydali qazilmalarni qazib olish huquqi uchun litsenziya Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi Komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 2-maydagi PQ-1524-son qarori bilan belgilangan tartibda tasdiqlangan zaxiralar mavjudligi va suv rejimiga salbiy ta’sirga yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan beriladi.

Noruda foydali qazilmalar konini ishlab chiqish “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan yer qa’ridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlovchi ishlab chiqish tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Mazkur sohadagi qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida viloyat, tuman va shaharlar darajasida tarkibiga 12 ta vazirlik, idora va tashkilotlarning, shu jumladan, davlat chegaralarini himoya qilish, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlarining vakillari kiritilgan doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi idoralararo guruhlar tashkil etiladi.

Ushbu guruhlar respublikada mavjud umumiy uzunligi 12,7 ming kilometrni tashkil etuvchi 437 ta daryo va boshqa suv obyektlari hududlari bo‘yicha o‘z faoliyatini olib boradi.

Idoralararo guruhlar faoliyatiga rahbarlik prokuratura organlariga yuklanadi.

Idoralararo guruhlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

– daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining holatini loyiha hujjatlari, litsenziya shartlari va qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan o‘rganish;

– daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish holatlarini aniqlash va oldini olish, shuningdek, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish;

– ushbu sohadagi qonun hujjatlariga rioya etish masalalari bo‘yicha profilaktika tadbirlarini o‘tkazish.

Bundan tashqari, davlat rahbari tomonidan daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini buzganlik uchun ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilishgacha bo‘lgan javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Ushbu qarorning ro‘yobga chiqarilishi, shak-shubhasiz, daryo va suv havzalarining o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishni, noruda foydali qazilmalarni qazib olishni tartibga solish, shuningdek, qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olishning atrof-muhitga salbiyni ta’sirini bartaraf etish imkonini beradi.


1 467






Все о погоде - Pogoda.uz