O‘zA O`zbek

28.04.2020 Chop etish versiyasi

Singapurlik olimlar Markaziy Osiyoda epidemiya qachon tugashini aytdi

Singapurlik olimlar Markaziy Osiyoda epidemiya qachon tugashini aytdi
Singapur universiteti mutaxassislari “kasallikka moyillar virus yuqtirishi va keyin sogʻayib ketishi”ga asoslangan SIR modeli yordamida butun dunyoda, shu jumladan Markaziy Osiyoda COVID-19 epidemiyasi qachon tugashi mumkinligini hisoblab chiqishdi. Mazkur tadqiqot natijalari Singapur texnologiya va dizayn universiteti (SUTD) saytida eʼlon qilindi. Vaziyat kundan kunga kutilmagan tomonga qarab oʻzgarib turgani bois, taxminlar ham shunga monand, soʻnggi maʼlumotlar asosida turfa mazmun kasb etmoqda. Quyidagi xulosalar oxirgi oʻzgarishlarni aks ettirgan.

Qozogʻistonda, olimlarning aytishicha, mavjud bemorlarning 97 foizi 5-iyungacha aniqlab boʻlinadi, 17-iyunga kelib, ushbu koʻrsatkich 99 foizni tashkil etadi. Epidemiya esa 20-avgustda uzil-kesil yengiladi.

Oʻzbekistonda virus yuqtirganlarni aniqlash boʻyicha natjalar 3-maydayoq 97 foizga chiqadi, 99 foizlik chegaraga esa biz 8-mayda yetamiz. Mazkur tadqiqot mualliflari yurtimiz 24-mayga kelib “COVID-19”dan butunlay xalos boʻladi, deya ishonch bildirishgan.

Ushbu xabarnomada, epidemiya Qirgʻizistonda 6-iyun, Rossiyada 19-avgustda nihoyasiga yetishini tegishli xulosalar yordamida asoslab berishgan. Yer yuzidagi barcha davlatlarni nazarda tutganda, koronavirus insonlarni joriy yilning 9-dekabrigacha bezovta qilishda davom etadi. Maʼlumki, Tojikiston va Trukmanistonda hozircha COVID-19 aniqlangani rasman qayd etilmagan.

Yuqorida taʼkidlanganidek, ushbu tadqiqotni oʻtkazishda SIR modelidan foydalanilgan. Mazkur uslub mutaxassislarga gripp epidemiyasi va boshqa kasalliklarning yirik shaharlar boʻylab tarqalish xususiyatlarini aniq tasniflash, jarayonga yangi parametrlarni joriy etish va voqealar rivoji boʻyicha turli taxminlarni tahlil qilish imkonini beradi. Izlanishlarning nazariy va uslubiy hisob-kitobi Szyansi Loning “COVID-19 qachon tugaydi?” nomli maqolasida mufassal bayon etilgan.

Turli jadvallar aks etgan sahifada joylashtirilgan diskleymer maʼlumotlarida tahlillar qatʼiy taʼlim va tadqiqot maqsadlarini koʻzlab keltirilgani, shu bois muayyan xatolardan xoli boʻlmasligi mumkinligi alohida taʼkidlangan. “Modellar va maʼlumotlar murakkab, rivojlanayotgan va turfa sharoitlarga ega turli mamlakatlarning barchasi uchun birdek muvofiq kelmasligi mumkin”, - deyiladi hisobotda.

“Oʻquvchilar har qanday taxminni ehtiyotkorlik bilan qabul qilishlari lozim. Ayrim ehtimoliy sanalarga asoslangan kuchli optimizm xavfli, negaki, kelajakka oʻta kuchli ishonch mavjud intizomni va nazoratni susaytirishi mumkin. Natijada virus va infeksiya tarqalishiga qoʻshimcha qulaylik yaratiladi. Bunga yoʻl qoʻymaslik zarur”, — deyiladi xabarda.

Populyatsiya jarayoni bir-biridan farq qiladigan hududlarning oʻziga xosligini, masalan aholi zichligi har xil turli mintaqalarni, shuningdek infeksiya yuqishi turlicha roʻy beradigan va kichikroq yoxud kasallik tarqalishining dastlabki bosqichini boshdan kechirayotgan hududlarga xos ehtimoliy omillar turlicha boʻlgan holatlarni inobatga olish zarur boʻlganda SIR-model naf bermasligi mumkin.

Yangi koronavirus haqida yana shu maʼlumot ham mavjudki, yangi-yangi hududlarni qamrab olarkan, ushbu virus duragaylasharkan. Masalan, Kembrij va Xristian-Albrext-Kil universitetlari olimlari yaqinda 160 toʻliq genomlarni oʻrganish natijalarini chop etishdi. Maqolada qayd etilishicha, ayni payt yer yuzida “COVID-19”ning turlicha — A, V, S shaklidagi koʻrinishlari mavjud.

Virusning uchar kalamushlardan insonga koʻchgan A tipdagi asl turidan Xitoyda va Osiyo mintaqasida tarqalgan V tipdagi koʻrinishi hosil boʻlgan. Yevropa boʻylab kezib yurgan tip — S esa, oʻz navbatida ikkinchi shakldan Xitoydan tashqarida urchigan.

Xitoylik olimlar — professor Li Lanszyuan (Li Lanjuan) va uning Chjeszyan universitetidagi hamkasblari esa oʻzlari olib borgan izlanishlar natijasida yer yuzining turli nuqtalarida mazkur koronavirusga tegishli kamida 30 ga yaqin genetik turlar tarqab ketganini aniqlashdi.



14 039
OʻzA