O‘zA O`zbek

14.02.2020 Chop etish versiyasi

Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutini tashkil etish toʻgʻrisida

Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutini tashkil etish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Orolboʻyi mintaqasi uchun tibbiyot sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish, hudud aholisiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmat sifati va koʻlamini oshirish, tibbiy amaliyotning taʼlim va ilm-fan bilan oʻzaro mustahkam integratsiyasini taʼminlash, sohadagi ilgʻor yutuq va innovatsiyalarni davolash-tashxis jarayoniga joriy etish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:

Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali negizida Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutini (keyingi oʻrinlarda – Institut) tashkil etish;

Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti klinikasini (keyingi oʻrinlarda – Institut klinikasi) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

uzluksiz tibbiy-kasbiy taʼlim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

oʻquv jarayonini amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirish, xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va innovatsion oʻquv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, klinika va oʻquv bazasi faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uygʻunligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratish;

fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bogʻliqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;

taʼlim muassasasi va Institut klinikasi ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish, professor-oʻqituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishlarini taʼminlash;

xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-oʻqituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qoʻshma taʼlim dasturlarini rivojlantirish;

talabalarda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni insonparvarlik va yuksak maʼnaviy gʻoyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yot gʻoya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash;

moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, oʻquv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash.

3. Belgilansinki:

Institut Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Institutga qabul har yili belgilanadigan Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida amalga oshiriladi;

Institut klinikasi muassisi Institut hisoblanadi hamda uning faoliyati Institut tomonidan muvofiqlashtiriladi;

Institut va Institut klinikasi – yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan, tegishlicha davlat oliy taʼlim muassasasi va davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega boʻladi;

Institut klinikasi bosh shifokori yashirin ovoz berish yoʻli orqali Institut ilmiy kengashining taqdimnomasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Institut rektori Institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan quyidagilarni amalga oshirish huquqiga ega:

taʼlim jarayonini samarali tashkil etish, davolash ishlariga zamonaviy usullarni tatbiq etish hamda talabalar va professor-oʻqituvchilarga qoʻshimcha sharoitlar yaratish maqsadida Institut klinikasi va oʻquv bazalaridagi oʻquv xonalarini taʼmirlash, jihozlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

Institut klinikasida yuqori texnologiyali tashxis qoʻyish va davolash usullarini joriy etish hamda Institutga qoʻshimcha mablagʻlar tushirish maqsadida Institut klinikasi bilan oʻzaro shartnomalar asosida hamkorlikda pullik asosda tibbiy xizmatlar koʻrsatish boʻlinmalarini tashkil etish.

5. Institut klinikasi faoliyati:

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tashxis qoʻyish (diagnostika) va davolash standartlariga rioya qilgan holda imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga davolash qiymatini toʻlash, shuningdek, aholiga pullik asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;

shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni shifoxonaga joylashtirish;

respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari daromadlarini shakllantirishning asosiy manbalari va ular faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalar asosida tashkil etiladi.

6. Belgilab qoʻyilsinki, Institut klinikasi quyidagi huquqlarga ega:

oʻziga biriktirilgan davlat mulkidan samarali foydalanish va uni boshqarish boʻyicha ishlarni tashkil etish hamda amalga oshirish;

Institut bilan kelishilgan holda lavozimlar roʻyxati va sonini ishlab chiqish va tasdiqlash;

xodimlar mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga nisbatan tabaqalashtirilgan tarzda belgilash.

7. Quyidagilar:

a) Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

talabalarning toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olishidan, shartnomalar asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) Institut klinikasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari;

amalga oshirilgan va koʻrsatilgan tibbiy xizmatlardan tushadigan mablagʻlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari Institut klinikasiga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan haqiqatda imtiyozli davolangan bemorlar boʻyicha Institut klinikasi taqdim etgan choraklik hisobotlardan kelib chiqqan holda ajratiladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

bir oy muddatda oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlar asosida Institut tuzilmasi belgilangan tartibda tasdiqlanishi;

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining barcha talabalari Institutning mos taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisliklariga oʻtkazilishi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Institut diplomi berilishi;

Institut klinikasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-maydagi “Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F–4947-son farmoyishi asosida barpo etilgan bino va inshootlarga joylashtirilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va boshqa tibbiyot oliy taʼlim muassasalari tomonidan ularning yuqori malakali professor-oʻqituvchilarini jalb qilgan holda Institutda masofaviy taʼlim orqali dars mashgʻulotlarini oʻtkazish, shuningdek, Institut klinikasida telemeditsina imkoniyatlaridan keng foydalangan holda aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish va tibbiyot amaliyotlarini olib borish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda takliflar kiritsin.

13. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov – ushbu qaror ijrosini oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K.Shadmanov – Institut va Institut klinikasi faoliyatini samarali tashkil etsin, mazkur qarorni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar koʻrilishini taʼminlasin, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin hamda uning ijrosi boʻyicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R.Sariyev – tashkil etilayotgan Institut klinikasi joylashtirilishi, uning bino va inshootlarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishi hamda qabul qilinishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati, amaliy ahamiyati hamda Orolboʻyi mintaqasi uchun yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish, hudud aholisiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmat sifati va koʻlamini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam yoritib borsin.

Oʻzbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                                                                                                                            Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2020-yil 14-fevral


36 064
O'zA