Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2017 22:56 Chop etish versiyasi

Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Qabul qilingan qonun hujjatlarining so‘zsiz va o‘z vaqtida bajarilishida normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z vaqtida tarqatish, ijrochilarga va aholiga ularning mohiyati va mazmunini tushuntirishning samarali mexanizmlarini yaratish muhim ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, qonun hujjatlarini tarqatishning yaxlit tizimi shakllanmagan, normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan rasmiy tarqatmalarni ijrochilarga yetkazishning, tushuntirish ishlarini olib borishning tartibi va muddatlari hamda bu sohadagi nazorat o‘rnatilmagan.

Fuqarolarni huquqiy xabardor qilish asosan an’anaviy ommaviy axborot vositalari orqali qog‘oz ko‘rinishida amalga oshirilmoqda, bu esa huquqiy axborotning to‘liqligi va erkin foydalanilishiga, uning o‘z vaqtida tarqatilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunda aholining ijtimoiy faol qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlarning axborotga bo‘lgan ehtiyoj va so‘rovlari inobatga olinmayapti.

Mavjud kamchiliklar mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligi va qonuniylik tamoyillari samaradorligiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish, ijrochilar va aholini qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyati haqidagi huquqiy axborot bilan ta’minlashning sifatini oshirish, ushbu sohadagi ishlarni tashkil etishga prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida:

1. Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni, ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazishni ta’minlash, ularning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, shuningdek tegishli qonun hujjatlari matnidan moneliksiz foydalanish imkonini yaratish va o‘z tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida qonun hujjatlari normalarining bir xilda qo‘llanilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish vazirlik, davlat qo‘mitalari, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining muhim vazifalari etib belgilansin.

2. 2017-yilning fevralidan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari matnlarida tegishli qonunlar qabul qilingandan keyin uning ijrosini tashkil etish, ijrochilarga yetkazish va aholi o‘rtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga mas’ul bo‘lgan aniq davlat organlari, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari ko‘rsatilishi shart;

hujjat nazoratni amalga oshirish yuklatilgan mas’ul davlat organi yoki tashkiloti, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan imzolangandan keyin, uni ijro etish, ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi;

normativ-huquqiy hujjatlar imzolangan kuni axborot-tahliliy materiallari bilan birga (normativ-huquqiy hujjatning konsepsiyasi bayon etilgan tushuntirish xati, o‘zgartirish va qo‘shimchalar tushuntirilgan holdagi taqqoslash jadvali) qog‘oz va elektron shaklda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir kunlik muddatda normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda yetkazilishini ta’minlaydi;

davlat organlari va tashkilotlari normativ-huquqiy hujjatlarning axborot-tahliliy materiallari asosida, qabul qilingan qonun hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlaydi.

3. Qonun hujjatlarini tarqatish, ularning mohiyati va ahamiyatini ijrochilar va aholiga tushuntirish sxemasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklatilsin:

normativ-huquqiy hujjatlarni barcha davlat organlari va tashkilotlariga o‘z vaqtida yetkazish, ularning normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish bo‘yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, uslubiy rahbarlik va nazorat qilish;

davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb qilgan holda jamiyatda huquqiy targ‘ibotni tashkil etish;

davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirishning huquqiy asoslarini rivojlantirish va takomillashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, sud-huquq tizimini rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, shuningdek mamlakatda qonun ijodkorligi, huquqni qo‘llash, huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;

sud ekspertizasi faoliyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, sud ekspertlarini tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;

sud ekspertizasi sohasidagi tizimli muammolarni kompleks o‘rganish va ularni hal etishga doir ilmiy asoslangan takliflar va ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqish.

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi hamda Huquqiy targ‘ibot va huquqiy ta’lim boshqarmasi negizida:

boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni tegishli ravishda 10 va 28 shtat birlik bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalaridagi hududiy bo‘limlari;

boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 7 shtat birlik bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik ta’lim va sud-ekspertiza faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etilsin.

6. Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash (keyingi o‘rinlarda – Idoralararo kengash)ning yangilangan tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir haftalik muddatda hududiy adliya boshqarmalari boshliqlari rahbarligida, tarkibiga boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, sudlarning, davlat boshqaruvi organlarining, ta’lim muassasalarining, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning vakillarini kiritgan holda Idoralararo kengashning hududiy komissiyalarini tashkil etsin.

Quyidagilar Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

ijrochilar va aholini qonunchilikning mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida xabardor qilishning sifatini tubdan oshirish, ushbu faoliyatni tashkil qilishga prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;

aholining turli qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;

davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy axborotdan keng ko‘lamda foydalanilishini ta’minlash, ushbu sohada fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik qilish faoliyatini muvofiqlashtirish.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida har yili tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalarining huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning ahvoli to‘g‘risidagi axborotining eshitilishi amaliyotga joriy qilinsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (keyingi o‘rinlarda – Milliy baza)ga 2017-yilning 25-sentabridan normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manba maqomi berilishi munosabati bilan:

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan ta’minlash markaziga (keyingi o‘rinlarda – Markaz) qonun hujjatlarining Milliy bazada rasmiy nashr etilishini ta’minlash mas’uliyati yuklatilsin;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida qonun hujjatlarini tezkor tarqatish maqsadida himoyalangan aloqa kanallari (VPN) orqali idoralararo elektron hamkorlikni tashkil etsin;

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudiga Konstitutsiyaviy sud qarorlarini, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi plenumlarining qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari yuzasidan tushuntirishlar berish to‘g‘risidagi qarorlarini ular imzolangan kundan e’tiboran bir kun ichida elektron shaklda Milliy bazaga joylashtirish uchun Markazga yuborish tavsiya etilsin;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining elektron versiyalarini ular kuchga kirgan kundan e’tiboran bir kun ichida Milliy bazaga joylashtirish uchun Markazga yuborsin;

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Milliy baza doirasida eng ko‘p talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining ingliz tilidagi ma’lumotlar bankini yaratish, Milliy bazani takomillashtirish va Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish uchun belgilangan tartibda texnik ko‘mak (grantlar)ni jalb qilish masalasini ishlab chiqsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish va huquqiy targ‘ibot tizimini takomillashtirish maqsadida adliya organlari va Markazning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ro‘yxatlarga ko‘ra olib kiriladigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, komputer va server texnikasi, texnik vositalar, dasturiy mahsulotlar va boshqa moddiy-texnika resurslari uchun 3-yil muddatga bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:

normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning ta’sirchan mexanizmlarini, ularni aholi o‘rtasida keng tushuntirish bo‘yicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek yangilangan Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash to‘g‘risidagi nizom loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Elektron ommaviy-axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati va ahamiyatini yetkazish bo‘yicha rolini yanada kuchaytirishni, qonun hujjatlariga mustaqil ekspertlar, mutaxassislar va aholining fikri va munosabatini aks ettiruvchi tahliliy tok-shoular, munozaralar, bahslar hamda qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini keng muhokama qilishning boshqa zamonaviy shakllarini joriy qilishni nazarda tutuvchi Kompleks dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarning ekspert tadqiqotlariga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi hududiy bo‘linmalarining sonini ko‘paytirishga doir takliflar kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                  Sh.Mirziyoyev


Toshkent shahri, 2017-yil 8-fevral



* * *


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonun 
hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish 
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga

ShARH

Qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning samaradorligi va natijadorligi, avvalo ularning mohiyati va ahamiyatini ijrochilarga, huquqiy normalarning subyektlarga, shuningdek keng aholi qatlamiga va tadbirkorlik tuzilmalariga o‘z vaqtida yetkazishni ta’minlashga bog‘liq.

Mustaqillik yillarida mamlakatda qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish, nashr etishni tashkil qilish, normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini “O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi”da lex.uz saytida joylashtirish bo‘yicha ishlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan salmoqli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga huquqiy axborotni tarqatish va huquqiy targ‘ibot o‘tkazishning amaldagi tizimini tanqidiy tahlil qilish bu sohada muayyan kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.

Xususan, qonun hujjatlarini, jumladan, rasmiy tarqatmalarni tarqatishning yagona mexanizmi va tartibi mavjud emas edi, normativ-huquqiy hujjatlar sharhlarsiz, konsepsiyasiz va boshqa axborot materiallarisiz nashr etilar, davlat organlarining huquqiy targ‘ibot bo‘yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtirish bo‘yicha choralar belgilanmagan edi.

Normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish, qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida ijrochilar va aholini huquqiy xabardor qilish sifatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning yagona tartibini o‘rnatish, bu sohada prinsipial yangi yondashuvlarni belgilash, yangi qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini tashkil qilish mexanizmlarini mustahkamlash va ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish nazarda tutilmoqda.

Yangi qabul qilingan qonunlar, boshqa qonun hujjatlarini davlat organlari va boshqa tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijro etish va amaliyotda qo‘llash uchun rasmiy tarqatma orqali yuborishning yagona tartibi va muddatlari belgilandi.

Ta’kidlash joizki, bundan buyon tegishli qonunlar qabul qilingandan keyin uning ijrosini, ijrochilarga yetkazish va aholi o‘rtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari matnlarida ko‘rsatiladi. Ushbu mexanizm yangi qabul qilingan qonunlarning samarali va o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Nazoratni amalga oshirish yuklatilgan mas’ul davlat organi va tashkiloti hujjat imzolangandan keyin, uni ijro etish, ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.

Yana bir yangilik, normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish jarayonida tayyorlangan axborot-tahliliy materiallari bilan tanishish imkoniyati yaratilishidir. Bundan buyon qabul qilingan qonun hujjatlarining huquqiy mazmuni va ahamiyatini targ‘ib qilish ushbu axborot-tahliliy materiallari asosida amalga oshiriladi. Bu esa o‘z navbatida ularning mazmun-mohiyatini to‘liq yetkazishga, aholining huquqiy madaniyati va ongini oshirishga xizmat qiladi.

Masalan, normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish asosini, uning ahamiyatini, shuningdek qabul qilinishidan kutilayotgan natija bo‘yicha qisqacha ma’lumotni o‘zida aks ettirgan tushuntirish xati, o‘zgartirish va qo‘shimchalar tushuntirilgan holdagi taqqoslash jadvali Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida ham e’lon qilinadi.

Yana muhim jihat shundan iboratki, Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarining normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish bo‘yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtiruvchi, uslubiy rahbarlik va nazorat qiluvchi vakolatli organ sifatida belgilanmoqda.

Qaror bilan shuningdek qonun hujjatlarini tarqatish tartibi va muddatlari aniq bayon etilgan qonun hujjatlarini tarqatish, ularning mohiyati va ahamiyatini ijrochilar va aholiga tushuntirish sxemasi tasdiqlanmoqda.

Adliya vazirligiga normativ-huquqiy hujjatlarni barcha davlat organlari va tashkilotlariga tezkor yetkazish vazifasi yuklatilmoqda. Bundan buyon barcha normativ-huquqiy hujjatlar imzolangan kuni axborot-tahliliy materiallari bilan birga qog‘oz va elektron shaklda Adliya vazirligiga yuboriladi, Adliya vazirligi esa bir kunlik muddatda normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarni elektron shaklda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab beriladigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga yetkazilishini ta’minlaydi.

Shu bilan birgalikda, Adliya vazirligi yangi qabul qilingan hujjatlarni Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga bir kunlik muddatda joylashtiradi va har hafta O‘zbekiston Respublikasining Qonun hujjatlari to‘plamida e’lon qilib boradi.

Qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga sifatli va samarali tushuntirish maqsadida targ‘ibot tadbirlari va tushuntirish ishlari mas’ul davlat organlari tomonidan media-rejalar ishlab chiqish, huquqiy targ‘ibot bo‘yicha guruhlar tuzish, turkum tele, radioko‘rsatuvlar tashkil qilish, OAVda maqolalar, axborot materiallari e’lon qilish va boshqalar orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, qaror bilan Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengashning yangi tarkibi hamda uning tarkibida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar davlat boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning vakillari kiritiladigan hududiy komissiyalari tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur sohada vakillik organlarining rolini kuchaytirish maqsadida har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va xalq deputatlari Kengashlarida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va adliya boshqarmalarining normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish sohasidagi hisobotlarni eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qaror normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning amaliy mexanizmlarini, shu jumladan, huquqiy axborotni ta’lim, axborot-kutubxona muassasalarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida majburiy tarqatishni, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokida normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish choralarini amalga oshirish tartibini, mazkur sohada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi va boshqa davlat organlarining vakolat va javobgarliklarini nazarda tutuvchi “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Shuningdek, Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini takomillashtirish, xususan eng ko‘p talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining ingliz tilidagi ma’lumotlar bankini yaratish bo‘yicha choralar belgilanmoqda.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash huquqiy axborotni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida tarqatish tizimini tubdan takomillashtirishga, ijrochilar va aholini qonunchilikning mazmun va mohiyati to‘g‘risida huquqiy xabardor qilishning sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

2 885






Все о погоде - Pogoda.uz