O‘zA O`zbek

18.05.2020 Chop etish versiyasi

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlarini xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlarini xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Soʻnggi yillarda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

2016-2019 yillar davomida yalpi qishloq xoʻjaligi mahsuloti hajmi – 171,2 foizga, jumladan, meva-sabzavotchilik – 172,6 foizga, chorvachilik mahsulotlari – 170 foizga, oʻrmon va baliqchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish – 177,5 foizga oshdi.

Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport hajmi 1,4 million tonnadan oshib, 2016-yilga nisbatan 1,5 barobarga oʻsishga erishildi.

Shu bilan birga, jahon bozorida mahsulotlarga qoʻyilgan sifat va xavfsizlik talablarining tobora kuchayib borishi, respublikamizda yetishtirilayotgan mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi oʻrnini mustahkamlash uchun qoʻshimcha choralar koʻrishni talab qilmoqda.

Respublikada Organic va Global G.A.P. xalqaro standartlari talablariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish, tartibga solish va muvofiqlashtirish tizimlarini rivojlantirish, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlarini yaxshilash, eksport geografiyasini kengaytirish, shuningdek, mamlakatimizning organik mahsulot ishlab chiqarish salohiyatidan toʻliq foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasida organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya)
1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2020-2025 yillarda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon fondi yerlarida bosqichma-bosqich organik ishlab chiqarishga oʻtishning prognoz koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

2020-2025 yillarda maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyoti (Global G.A.P.) xalqaro standarti talablari boʻyicha sertifikatlanadigan yer maydonlarining asosiy eksportbop ekin turlari boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;

Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishi korxonalari va klasterlari tomonidan organik paxta xomashyosi yetishtirish hamda organik toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;

Respublika hududlarida agroekoturizm jozibadorligini yana-da oshirish uchun organik bozorlar va restoranlar tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi organik mahsulotlarni ishlab chiqarish va maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyoti (Global G.A.P.) doirasidagi barcha manfaatdor tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga:

barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, hokimliklar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va tadbirkorlardan organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyoti (Global G.A.P.) doirasidagi zaruriy maʼlumotlarni olish;

organik mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, sotish va sertifikatlash bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik subyektlari faoliyatining ekvivalentligini baholash va avtorizatsiyalash tizimini yaratish huquqi beriladi.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq organik qishloq xoʻjaligiga oʻtkazilgan yer uchastkalarida ekinlarni joylashtirish organik standart talablarini hisobga olgan holda ilmiy asoslangan almashlab ekish sxemalariga muvofiq amalga oshiriladi va ekinlarni joylashtirishda davlat aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:

a) Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrga qadar organik qishloq xoʻjaligi va ishlab chiqarish tizimlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini;

“Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Toshkent davlat agrar universitetida “Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash” yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlash uchun oʻquv-uslubiy materiallarni ishlab chiqsin va 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab ushbu yoʻnalishda talabalar qabul qilishni yoʻlga qoʻysin;

v) bir oy muddatda vazirlik tuzilmasida belgilangan shtatlar doirasida 4 ta shtat birligidan iborat organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasini tashkil etsin;

d) 2021-yil 1-yanvarga qadar qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot institutlarida mavjud laboratoriyalarni zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlasin va birlamchi organik urugʻ yetishtiruvchi xoʻjaliklar faoliyatini yoʻlga qoʻysin;

ye) 2020-yil 31-dekabrga qadar Jahon bankining qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash va raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha kredit mablagʻlari hisobidan “Qishloq xoʻjaligida standartlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi qoshida Organic
va Global G.A.P. xalqaro standartlari talablariga muvofiq kompleks sinov laboratoriyasi majmuasini tashkil etish choralarini koʻrsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda organik mahsulotlarni yetishtirish (ishlab chiqish), qayta ishlash, saqlash va qadoqlashga hamda organik urugʻchilikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan besh yillik davlat ilmiy-texnik dasturlarni ishlab chiqsin va loyihalarni tanlovlar asosida shakllantirsin.

6. “Oʻzstandart” agentligi:

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Kodeks Alimentarius Komissiyasi standartlari talablariga muvofiq Yevropa Ittifoqi bilan savdo faoliyatini jadallashtirish boʻyicha 2020–2024-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturlari rejasini ishlab chiqsin;

2020-yil 1-sentyabrga qadar ISO 28000 Yetkazib berish zanjirida xavfsizlikni boshqarish tizimlari xalqaro standartlari seriyalarini qabul qilsin;

uch oy muddatda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining qoʻshimcha qiymat zanjirini tashkil etishda ishtirok etuvchi barcha korxona va tashkilotlar faoliyatlarida bajariladigan jarayonlarni ISO 28000 “Yetkazib berish zanjirida xavfsizlikni boshqarish tizimlari” xalqaro standarti talablariga muvofiqligini baholashning belgilangan tartibda amalga oshirilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda organik mahsulotlarni zararsizlantirish boʻyicha xalqaro tajribada qoʻllanilayotgan usullar
va vositalar roʻyxatini shakllantirsin hamda eksportga yoʻnaltirilayotgan organik mahsulotlarni zararsizlantirish ishlarining xalqaro talablarga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmon mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 18-may


7 144
O'zA