«O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniPaxta xomashyosini qabul qilish va qayta ishlash, paxta tolasini jahon bozori talablaridan kelib chiqqan holda eksport qilish bo‘yicha yagona kompleksni yaratish, paxta va yog‘-moy mahsulotlarining sifatini hamda raqobatdoshligini oshirish, shuningdek, respublikaning paxta tozalash va yog‘-moy korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun investitsiyalarni, jumladan, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi muassislarining paxta tolasini qabul qilish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin, xolding kompaniyasi tarkibiga aksiyadorlik jamiyati shaklidagi quyidagi birlashmalar kiradi:
paxta xomashyosini qabul qilish va qayta ishlashni tashkil qilish bo‘yicha – tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi negizida tashkil etilayotgan “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari, ushbu aksiyadorlik jamiyatiga “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalarining ustav fondlaridagi aksiyalarning davlat paketlarini topshirish hisobiga uning ustav fondi shakllantiriladi;
paxta tolasini saqlash va eksport qilishni ta’minlash bo‘yicha – “O‘zpaxtaeksport” aksiyadorlik jamiyati, uning ustav fondi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi tashqi savdo kompaniyalarining paxta terminallari ustav fondlaridagi ulushlarini baholash qiymati bo‘yicha topshirish hisobiga shakllantiriladi;
paxta yog‘i ishlab chiqarish bo‘yicha – “O‘zpaxtayog‘” aksiyadorlik jamiyati, uning ustav fondi paxta yog‘i ishlab chiqaruvchi korxonalarni Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tarkibidan chiqargan holda ularning ustav fondlaridagi aksiyalar (ulushlar)ning davlat paketlarini topshirish hisobiga shakllantiriladi.
2. Quyidagilar “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:
jahon va mintaqaviy paxta bozorlari kon’yunkturasini o‘rganish bo‘yicha tizimli marketing tadqiqotlari olib borish va shu asosda, mazkur bozorlarda tarkib topayotgan tendensiyalardan kelib chiqib, paxta xomashyosi yetishtirishning hajmlari, assortimenti va navlari bo‘yicha g‘o‘zaning rayonlashtirilgan navlarini hududiy joylashtirish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
respublikada ishlab chiqarilayotgan paxta xomashyosini fermer xo‘jaliklaridan qabul qilib olish va qayta ishlash, yuqori sifatli, tashqi bozorlarda raqobatdosh paxta tolasini ishlab chiqarish, xalqaro talablar va standartlarga muvofiq uni saqlash bilan bog‘liq ishlarning butun kompleksini tashkil qilish va amalga oshirish sohasida yagona siyosat o‘tkazilishini ta’minlash;
fermer xo‘jaliklaridan qabul qilinadigan paxta xomashyosining miqdori, sifati va navlari, paxta tolasi va chigitning chiqishiga oid ko‘rsatkichlari, kompaniya korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan hamda sotilayotgan paxta tolasi va yog‘-moy mahsulotlarining o‘rnatilgan standartlar va tuzilgan shartnomalarga muvofiq miqdori va sifati bo‘yicha ma’lumotlarni qat’iy hisobga olish va nazorat qilish, shuningdek, tarmoq ichki nazorat-taftish ishlarini o‘tkazish uchun mintaqalardagi inspektorlar bilan Nazorat-taftish boshqarmasi faoliyatini tashkil etish;
jahon bozorining kon’yunkturasidan kelib chiqqan holda, paxta tolasini yetkazib berish to‘g‘risida eksport shartnomalari tuzilishini tashkil qilish hamda ularning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
tuzilgan shartnomalar va kontraktlarga muvofiq xarid qilinayotgan paxta xomashyosi hamda eksportga va ichki iste’molchilarga jo‘natilayotgan paxta mahsuloti uchun o‘zaro hisob-kitoblarni ta’minlash;
chigitning chuqur qayta ishlanishini tashkil qilish hamda sifatli paxta yog‘i va boshqa yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarilishini ta’minlash;
yagona texnika siyosatini o‘tkazish hamda modernizatsiyani amalga oshirishda, zamonaviy ilg‘or texnika va texnologiyalarni joriy qilishda, investitsiyalar, avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tarmoqqa keng jalb etishda paxta tozalash korxonalariga, yog‘ zavodlariga, paxta terminallariga ko‘mak berish;
paxtani qayta ishlash va yog‘-moy sanoati kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish.
3. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining boshlang‘ich ustav kapitali tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” uyushmasining mulki, shuningdek, tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan birlashmalar – “O‘zpaxtasanoat” AJ, “O‘zpaxtaeksport” AJ, “O‘zpaxtayog‘” AJ aksiyalari paketlarining 100 foizini topshirish hisobiga shakllantiriladi.
4. “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi va uning tarkibiy bo‘linmalarini tashkil etish bo‘yicha barcha tashkiliy tadbirlar kompleksini amalga oshirishdagi ishlarni muvofiqlashtirish va ko‘mak berish uchun ilovaga muvofiq tarkibda Hukumat komissiyasi tuzilsin.
Hukumat komissiyasi (Sh.Mirziyoyev):
“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi hamda “O‘zpaxtasanoat” AJ, “O‘zpaxtaeksport” AJ, “O‘zpaxtayog‘” AJ birlashmalarini tashkil etish yuzasidan barcha zarur tashkiliy tadbirlar kompleksi bajarilishini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
bir hafta muddatda “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi faoliyatini tashkil etish, korporativ boshqaruvning zamonaviy tamoyillariga hamda aksiyadorlik jamiyatini boshqarishning tasdiqlangan namunaviy tuzilmasiga muvofiq xolding kompaniyasi va uning tarkibiga kiruvchi birlashmalarni boshqarish tuzilmalari bo‘yicha takliflarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda taqdim etsin;
“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi bilan birgalikda bir oy muddatda “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining, “O‘zpaxtasanoat” AJ, “O‘zpaxtaeksport” AJ, “O‘zpaxtayog‘” AJlarining ustavlari hamda ta’sis hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi bilan birgalikda bir oy muddatda xolding kompaniyasi va uning tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari ijro etuvchi apparatiga yuqori malakali mutaxassislar sinchiklab tanlab olinishi va to‘ldirilishini ta’minlasin.
5. “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi, “O‘zpaxtasanoat” AJ, “O‘zpaxtaeksport” AJ, “O‘zpaxtayog‘” AJ emissiya qilinadigan qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qimmatli qog‘ozlar chiqarish to‘g‘risidagi hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun yig‘im to‘lashdan ozod qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika paxta tozalash sanoatini monopoliyadan chiqarish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2001-yil 11-iyundagi PF-2874-sonli Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2015-yil 27-oktabr