O‘zA O`zbek

26.06.2019 17:11 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasining saylov kodeksi

O‘zbekiston Respublikasining saylov kodeksi


1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Kodeks bilan tartibga solinadigan

munosabatlar

Ushbu Kodeks O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) a’zolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari (bundan buyon matnda mahalliy Kengashlar deb yuritiladi) deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xohish-irodasi erkin bildirilishini ta’minlovchi kafolatlarni belgilaydi.

2-modda. Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Kodeks va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

3-modda. O‘zbekiston Respublikasida saylov o‘tkazishning

asosiy prinsiplari

O‘zbekiston Respublikasida saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi.

Saylov ochiq va oshkora o‘tkaziladi.

4-modda. Umumiy saylov huquqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiydir.

Saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) saylash huquqiga egadir.

Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir.

5-modda. Teng saylov huquqi

Saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi.

6-modda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengashlar deputatlari fuqarolar tomonidan bevosita saylanadi.

7-modda. Yashirin ovoz berish

Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanadi.

8-modda. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishdagi

ochiqlik va oshkoralik

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi.

Saylov komissiyalari fuqarolarni o‘z ishi to‘g‘risida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqti to‘g‘risida xabardor etadi, saylovchilarning ro‘yxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxati bilan tanishtiradi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar to‘g‘risidagi, shuningdek ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi ma’lumotlarni ma’lum qiladi.

Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib boradi.

Saylov komissiyalarining majlislari ochiq o‘tkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi yoki ushbu Kodeksda belgilangan tartibda hammaga ma’lum qilinadi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.

2-bob. Saylov okruglari va uchastkalari

9-modda. Saylov okruglarini tuzish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan tuziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okrugi tuziladi. Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining ma’muriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi.

Mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun quyidagi saylov okruglari tuziladi:

xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish uchun – oltmishtadan ko‘p bo‘lmagan saylov okrugi;

xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish uchun – o‘ttiztadan ko‘p bo‘lmagan saylov okrugi. Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.

Ushbu Kodeksda belgilangan normalar doirasida mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglari soni tegishli mahalliy Kengash tomonidan aholi, saylovchilar soni, hudud va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar, tumanlar va shaharlarning ma’muriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda belgilanadi.

Saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p chetga chiqishi, qoida tariqasida, o‘n foizdan oshmasligi kerak.

Saylov okruglarining ro‘yxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri ko‘rsatilgan holda saylovdan kamida yetmish besh kun oldin tegishli saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi.

10-modda. Saylov uchastkalarini tuzish tartibi va normasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalari tuman va shaharlar hokimliklari taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuziladi.

Saylovchilarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari tumanlarning, shaharlarning, shaharlardagi tumanlarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi. Uchastkalar harbiy qismlarda ham tuziladi va qismlar joylashgan yerdagi okruglarga kiradi. Saylov uchastkalarining chegaralari boshqa saylov okruglarining chegaralarini kesib o‘tmasligi kerak.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Bu uchastkalar ular joylashgan yerdagi saylov okruglariga kiradi. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida tuziladigan uchastkalarni okrugga biriktirish to‘g‘risidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etiladi.

Harbiy qismlarda saylov uchastkalari qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan okrug komissiyalari tomonidan tuziladi. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi. Harbiy qismlarda, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa saylovga kamida yetti kun qolganida tuziladi.

Saylov uchastkalarining soni okruglar sonidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Okrug saylov komissiyasi saylov uchastkalarining tartib raqamini belgilaydi hamda tegishli uchastka komissiyasining telefon raqamlarini, joylashgan yerini va ovoz berish binosini ko‘rsatgan holda saylovchilarni har bir uchastkaning chegaralari to‘g‘risida xabardor etishni tashkil qiladi.

Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bir vaqtda o‘tkazilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tomonidan yagona saylov uchastkalari tuziladi.

3-bob. Saylov komissiyalari

11-modda. Saylov komissiyalari tizimi

Saylov komissiyalari tizimiga quyidagilar kiradi:

Markaziy saylov komissiyasi;

viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari;

okrug saylov komissiyalari;

uchastka saylov komissiyalari.

Saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi.

Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Kodeksga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

Masalalarni ko‘rib chiqish va qarorlar qabul qilish saylov komissiyasi tomonidan kollegial tarzda amalga oshiriladi.

Saylov komissiyalari o‘z faoliyatini ochiq va oshkora amalga oshiradi.

Saylov komissiyasining majlislarida siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar hozir bo‘lishi mumkin.

Saylov komissiyalari nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun teng shart-sharoitlarni, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish uchun ajratilgan budjet mablag‘larining adolatli taqsimlanishini, ovoz berishning va saylov yakunlarini chiqarishning halol bo‘lishini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘radi.

12-modda. Markaziy saylov komissiyasini tuzish

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan kamida o‘n besh nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi.

Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasiga ko‘ra Qonunchilik palatasi hamda Senat tomonidan saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasining Raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari va komissiya kotibi komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasining a’zosi tegishli guvohnomaga ega bo‘ladi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisining va uning o‘rinbosarining guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, Markaziy saylov komissiyasi boshqa a’zolarining guvohnomasi esa Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi tomonidan imzolanadi.

13-modda. Markaziy saylov komissiyasiga a’zolik

Yigirma besh yoshga to‘lgan, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaro Markaziy saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin.

Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Markaziy saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Markaziy saylov komissiyasining a’zosi boshqa saylov komissiyasining yoki siyosiy partiyaning a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib, Senat a’zoligiga nomzod etib, ishonchli vakil etib ro‘yxatga olingan a’zosi komissiya tarkibidan chiqib ketgan deb hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasi a’zosining vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan bevosita yoki uni a’zolikka tavsiya etgan organning taqdimnomasiga binoan quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:

u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risida yozma ariza berganda;

u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

u o‘z vazifalarini muntazam ravishda bajarmay kelganda;

qonunga ko‘ra u Markaziy saylov komissiyasi a’zosining vakolatlarini amalga oshirish bilan bir vaqtda shug‘ullanib bo‘lmaydigan lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda;

u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoki vafot etgan deb e’lon qilinganda;

u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda;

u vafot etganda.

Markaziy saylov komissiyasining yangi a’zosi ushbu Kodeksda belgilangan tartibda saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasining a’zosi ushbu komissiyaning qaroriga binoan komissiyada doimiy asosda ishlashi mumkin. Markaziy saylov komissiyasida doimiy asosda ishlovchi komissiya a’zolarining soni ko‘pi bilan yetti kishidan iborat bo‘ladi.

Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zolari ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Markaziy saylov komissiyasi a’zolariga Qonunchilik palatasi deputatlariga, Senat a’zolariga nisbatan qo‘llaniladigan daxlsizlik to‘g‘risidagi qoidalar tatbiq etiladi.

14-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari

Markaziy saylov komissiyasi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni o‘tkazish uchun tuziladigan saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi yuzasidan saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qiladi;

saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlashni amalga oshiradi, saylovni tashkil etish masalalari yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, yo‘riqnomalar hamda nizomlarni tasdiqlaydi, tushuntirishlar beradi;

Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish hamda O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatidan (bundan buyon matnda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati deb yuritiladi) foydalanish faoliyati bo‘yicha umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlarini o‘tkazish uchun saylov okruglarini tuzadi;

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarini tegishli okruglarga biriktirish to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlarini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzadi, shuningdek ularning joylashgan yeri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;

saylov komissiyalari tarkibiga o‘zgartishlar kiritish tartibini belgilaydi;

agar okrug saylov komissiyalarining qarorlari ushbu Kodeksga zid bo‘lsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi;

chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning saylovdagi kuzatuvchilariga mandatlar beradi;

saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, pul mablag‘larini saylov komissiyalariga taqsimlaydi, shu jumladan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan ta’minlashga doir boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi;

siyosiy partiyalarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari uchun mandat namunasini belgilaydi;

taqdim etilgan hujjatlar asosida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga oladi, ro‘yxatga olingan nomzodlarning ro‘yxatlari va ular haqidagi ma’lumotlar matbuotda e’lon qilinishini hamda ularga guvohnomalar berilishini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga oladi hamda ularga guvohnomalar beradi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga saylovda ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar ro‘yxatlarining, imzo varaqalarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining hamda boshqa hujjatlarning, saylov qutilarining va saylov komissiyalari muhrlarining namunalari hamda shakllarini, ularni saqlash tartibini belgilaydi;

saylov byulletenlarini tayyorlash va saylov uchastkalariga yetkazish tartibini belgilaydi;

saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat organlari hamda jamoat birlashmalari vakillarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;

saylovning yakunlarini chiqaradi, O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha ovoz berishning umumiy natijalarini aniqlaydi hamda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar soni, har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar soni to‘g‘risidagi xabarni matbuotda e’lon qiladi;

ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, takroriy ovoz berish, Qonunchilik palatasi deputatlarining yoki Senat a’zolarining takroriy saylovi va bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylov o‘tkazilishini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida takroriy ovoz berish va takroriy saylov o‘tkazilishini tashkil etadi;

saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarini hamda Senat a’zolarini ro‘yxatga oladi, shuningdek ularning ro‘yxatini matbuotda va boshqa manbalarda e’lon qiladi;

saylovdan keyin Qonunchilik palatasining, Senatning birinchi majlisini chaqiradi;

saylangan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganligi to‘g‘risida guvohnoma topshiradi;

Qonunchilik palatasi deputatiga va Senat a’zosiga tegishincha Qonunchilik palatasi deputatining hamda Senat a’zosining guvohnomasini va ko‘krak nishonini beradi;

saylovchilarning hamda saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;

ushbu Kodeks talablari buzilganligi to‘g‘risidagi materiallarni sudga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;

boshqa mamlakatlarning saylov organlari, xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning vakillari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, uchrashuvlar tashkil etadi, bitimlar va memorandumlar tuzadi;

xorijiy mamlakatlardagi saylovlarni kuzatishda ishtirok etadi, shu jumladan xalqaro tashkilotlarning missiyalari tarkibida ishtirok etadi;

xalqaro tashkilotlarni, chet davlatlarning saylov organlarini va vakillarini saylovlarni kuzatish uchun taklif etadi;

saylovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlarning idoraviy arxivlarga topshirilishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Reglamentini tasdiqlaydi;

jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni mustahkamlaydi va rivojlantiradi.

15-modda. Markaziy saylov komissiyasining Raisi

Markaziy saylov komissiyasining Raisi:

Markaziy saylov komissiyasining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;

Markaziy saylov komissiyasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi, komissiya a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida ishtirok etish uchun davlat organlarining, siyosiy partiyalarning hamda boshqa jamoat birlashmalarining, tashkilotlarning vakillarini va mansabdor shaxslarini taklif etadi;

davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, jamoat birlashmalari bilan munosabatlarda Markaziy saylov komissiyasi nomidan ish yuritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov yakunlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot beradi;

Markaziy saylov komissiyasining qarorlarini va boshqa hujjatlarini imzolaydi;

Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni taqsimlaydi va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi;

tegishincha Qonunchilik palatasining va Senatning birinchi majlisini ochadi hamda Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi saylanguniga qadar unda raislik qiladi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘z vakolatlarini bajarishi imkoni bo‘lmaganda, shuningdek Rais bo‘lmagan taqdirda, Raisning vazifalari Rais o‘rinbosarining yoki Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan komissiya a’zolaridan birining zimmasiga yuklatiladi.

16-modda. Markaziy saylov komissiyasining majlislari

va qarorlari

Markaziy saylov komissiyasi ishining tashkiliy shakli uning majlislari bo‘lib, ular zaruratga qarab o‘tkaziladi. Agar majlisda komissiya a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, majlis vakolatli hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘linib qolgan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi Raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida bayonnoma yuritilib, u raislik qiluvchi va Markaziy saylov komissiyasining kotibi tomonidan imzolanadi.

Markaziy saylov komissiyasining a’zolari alohida fikr bildirishga haqli bo‘lib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi.

Markaziy saylov komissiyasi o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, qarorlar Markaziy saylov komissiyasining Raisi tomonidan imzolanadi.

Markaziy saylov komissiyasining qarorlari qabul qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida o‘sha kunning o‘zida, shuningdek zarur bo‘lgan hollarda, boshqa manbalarda e’lon qilinishi lozim.

Markaziy saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari okrug va uchastka saylov komissiyalari, davlat organlari, siyosiy partiyalar hamda boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiydir.

17-modda. Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati

Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini ta’minlash uchun uning Kotibiyati tuziladi.

Kotibiyat ishiga Markaziy saylov komissiyasining kotibi rahbarlik qiladi.

Kotibiyatning tuzilishi, shtatlari va uning ish tartibi Markaziy saylov komissiyasining Raisi tomonidan tasdiqlanadi.

18-modda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov

komissiyasining Reglamenti

Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining tartibi Markaziy saylov komissiyasining majlisida qabul qilinadigan Reglamentida belgilanadi.

19-modda. Viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarini

tuzish

Mahalliy Kengashlarga saylovni tashkil etish va o‘tkazish uchun:

xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha viloyat saylov komissiyasi;

xalq deputatlari tuman Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha tuman saylov komissiyasi;

xalq deputatlari shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha shahar saylov komissiyasi tuziladi.

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tegishli mahalliy Kengashlar tomonidan saylovga kamida sakson kun qolganida yetti – o‘n besh nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuziladi hamda o‘z vakolatlarini keyingi saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilinguniga qadar amalga oshiradi.

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalarining raislari ushbu komissiya a’zolari orasidan saylov komissiyasi majlisida tegishli mahalliy Kengashning taqdimnomasiga binoan saylanadi.

Komissiya raisining o‘rinbosari va komissiya kotibi komissiya majlisida uning a’zolari orasidan saylanadi. Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari rasmiy veb-saytlarida va matbuot nashrlarida o‘z tarkibi, manzili va komissiyaning telefon raqamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi.

20-modda. Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasining

vakolatlari

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi:

tegishli hududda ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi hamda saylovni tashkil etish va o‘tkazish masalalari yuzasidan tushuntirishlar beradi;

tegishli mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi hamda ushbu okrug komissiyasi joylashgan yer to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;

tegishli mahalliy Kengashga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini shakllantiradi va komissiya tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;

tegishli saylov komissiyalarining faoliyatini yo‘naltirib boradi, ularning tarkibiga o‘zgartishlar kiritish tartibini belgilaydi, agar okrug va uchastka saylov komissiyalarining qarorlari ushbu Kodeksga zid bo‘lsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki viloyat, tuman, shahar prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qilishi mumkin;

deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;

deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga oladi va ularga guvohnomalar beradi;

deputatlikka nomzodlar saylov kampaniyasida ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi;

pul mablag‘larini tegishli saylov komissiyalari o‘rtasida taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan ta’minlashga doir boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi;

tegishli mahalliy Kengash sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar ro‘yxatlarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining, o‘z muhrining, saylovga oid boshqa hujjatlarning shakllarini tasdiqlaydi va tayyorlanishini ta’minlaydi;

siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarining hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;

tegishli mahalliy Kengashga o‘tkazilgan saylov yakunlarini chiqaradi, saylangan deputatlarni ro‘yxatga oladi, saylov yakunlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va saylangan deputatlarning ro‘yxatlarini matbuotda e’lon qiladi (hammaga ma’lum qiladi);

deputatlarga tegishli mahalliy Kengash deputati guvohnomasini va ko‘krak nishonini beradi;

takroriy saylov o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni hal etadi;

saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;

ushbu Kodeks talablari buzilganligi to‘g‘risidagi materiallarni sudga yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;

saylovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlarning arxivlarga va idoraviy arxivlarga topshirilishini ta’minlaydi.

21-modda. Okrug saylov komissiyalarini tuzish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi esa tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va olti – sakkiz nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarining a’zolari xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi.

Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarining a’zolari fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi.

Okrug saylov komissiyasining a’zolari jamoatchilikning obro‘-e’tiborli vakillari orasidan tasdiqlanadi.

22-modda. Okrug saylov komissiyasining vakolatlari

Okrug saylov komissiyasi:

tegishli hududda ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

saylov uchastkalarini tuzadi, okrug bo‘yicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qiladi;

uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;

saylov uchastkalarining joylashgan yeri haqida saylovchilarni xabardor qiladi;

uchastka saylov komissiyalarini tuzadi va ularning tarkibi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;

nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi;

nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga ko‘maklashadi;

deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi;

siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;

saylovchilar ro‘yxatlarining tuzilishini va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib boradi;

saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlaydi va ularni tegishincha Markaziy saylov komissiyasiga, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga taqdim etadi;

takroriy ovoz berish va takroriy saylov, shuningdek bo‘shab qolgan o‘rinlarga deputatlar saylovi o‘tkazilishini tashkil etadi;

saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

23-modda. Uchastka saylov komissiyasini tuzish

Uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh – o‘n to‘qqiz nafar a’zodan, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

Agar komissiya yetti nafargacha a’zodan iborat tarkibda tuzilsa, rais va kotib saylanadi.

Zarur bo‘lgan hollarda, uchastka saylov komissiyasining son tarkibi o‘zgartirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida uchastka saylov komissiyasi raisining vazifalarini ushbu vakolatxonalarning rahbari amalga oshiradi.

Uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

24-modda. Uchastka saylov komissiyasining vakolatlari

Uchastka saylov komissiyasi:

uchastka bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatini tuzadi;

saylovchilarni saylovchilarning ro‘yxati bilan tanishtiradi, ro‘yxatda yo‘l qo‘yilgan xatolar va noaniqliklar to‘g‘risidagi arizalarni qabul qiladi hamda ko‘rib chiqadi va ro‘yxatga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani hal etadi;

saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish va ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilardan to‘ldirilgan saylov byulletenlarini yopiq konvertlarda qabul qilib oladi;

aholini saylov kuni va ovoz berish joyi to‘g‘risida xabardor etadi;

binoning yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari va saylov qutilari, shuningdek boshqa jihozlar bilan tayyorlab qo‘yilishini ta’minlaydi;

saylov kuni uchastkada ovoz berishni tashkil etadi;

ovozlarni sanab chiqadi;

saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

25-modda. Saylov komissiyasi a’zolariga qo‘yiladigan

talablar

Yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasining, okrug va uchastka saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin.

Boshqa saylov komissiyalarining a’zolari, siyosiy partiyalarning a’zolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek nomzodlarga bevosita bo‘ysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas.

Komissiya a’zosi shaxsiy arizasiga ko‘ra, shuningdek vakolatlaridan mahrum etilgan taqdirda, o‘z vazifalarini bajarishdan ozod etilishi mumkin.

Komissiya a’zosi ushbu Kodeks talablarini buzgan yoki zimmasidagi majburiyatlariga muntazam ravishda e’tiborsizlik qilgan taqdirda, uni vakolatlaridan mahrum etish huquqi komissiyani tuzgan organga tegishli bo‘ladi.

Zarur bo‘lgan taqdirda, ushbu Kodeksda belgilangan tartibda saylov komissiyasining yangi a’zosi saylanadi.

26-modda. Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish

va ularning vakolatlari muddati

Saylov komissiyasining majlisi, agar unda majlis o‘tkazilayotgan kundagi komissiya a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli bo‘ladi. Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorga rozi bo‘lmagan komissiya a’zolari alohida fikrini bayon etishga haqli bo‘lib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalari, shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlar, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning rahbarlari ijro etishi uchun majburiydir.

Saylov komissiyasining qaroriga binoan komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi yoki boshqa a’zosi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan saylov o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod qilinishi mumkin.

Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashishi, ularning ishi uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishi shart.

Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun kerakli bo‘lgan binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.

Saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat organlariga hamda jamoat birlashmalarining organlariga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega, ular qo‘yilgan masalani ko‘pi bilan uch kunlik muddatda ko‘rib chiqishi va saylov komissiyasiga javob qaytarishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug hamda uchastka saylov komissiyalari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari chiqarilganidan, tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi.

Mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug va uchastka saylov komissiyalari tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi.

4-bob. Saylovchilarning ro‘yxatlarini tuzish

27-modda. Saylovchilarning ro‘yxatlari

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi.

Saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuziladi.

Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila a’zolarining va boshqa saylovchilarning ro‘yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida tuziladi.

28-modda. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursidir.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, saylov kampaniyasi davrida esa tegishli uchastka saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.

Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki ro‘yxatini oladi.

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘radi.

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish bo‘yicha ishda ishtirok etish uchun jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning ro‘yxatlarini aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashadi.

Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari bo‘yicha saylovchining Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.

Saylovchilarning ro‘yxati har bir saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.

Saylov kuni saylov uchastkalarida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan olingan saylovchilar ro‘yxatlaridan foydalaniladi.

29-modda. Fuqarolarni saylovchilarning ro‘yxatlari

bilan tanishtirish

Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi.

Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga o‘n besh kun qolganida, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.

Uchastka saylov komissiyasi ro‘yxat bilan tanishish joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor etadi.

Saylov komissiyalari saylovchilarning ro‘yxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganidan keyin ham ularga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.

Saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida to‘xtatiladi.

30-modda. Saylovchilarning ro‘yxatlari xususida bahslashuv

Har bir fuqaro saylovchilarning ro‘yxatlaridagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart.

Uchastka saylov komissiyasining harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

5-bob. Saylov byulleteni

31-modda. Saylov byulletenining mazmuni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan tasdiqlanadi.

Nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tug‘ilgan yili, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.

Saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish bo‘lishi kerak.

Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda nashr etiladi.

Saylov byulletenlari Brayl alifbosi asosida tayyorlanishi mumkin.

32-modda. Saylov byulletenlarini tayyorlash va yetkazib berish

Uchastka saylov komissiyalari saylov byulletenlarini ovoz berish kuniga, shu jumladan muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida okrug saylov komissiyalaridan oladi. Saylov byulletenlarining topshirilganligi hamda qabul qilinganligini okrug va uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari yoxud kotibi tegishli hujjatda o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.

Uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining soni uchastka bo‘yicha ro‘yxatlarga kiritilgan fuqarolar soniga nisbatan yarim foizdan ortiqroq bo‘lishi mumkin emas. Saylov byulleteni o‘ng tomonining yuqori burchagiga uchastka saylov komissiyasining ikki a’zosi imzo qo‘yadi, imzolar uchastka komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi. Uchastka saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan saylov byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.

6-bob. Kuzatuvchilarning, siyosiy partiyalar

vakolatli vakillarining, ommaviy axborot vositalari

vakillarining huquq va majburiyatlari

33-modda. Siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi

boshqarish organlaridan, boshqa davlatlar

va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar

Siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, shuningdek boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi.

Manfaatdor tashkilotlar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n besh kun oldin ariza bilan ma’lum qiladi.

Manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin besh kun ichida saylov komissiyasi kuzatuvchi uchun mandat beradi. Boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega:

saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;

nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;

saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;

ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish;

saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish;

agar tegishli saylov uchastkasida ushbu Kodeksning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilish.

Kuzatuvchilarga quyidagilar taqiqlanadi:

saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;

fuqarolarga ta’sir o‘tkazish, biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish;

saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;

saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish.

34-modda. Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining mandatini o‘z yonida olib yurishi shart.

35-modda. Ommaviy axborot vositalarining vakillari

Ommaviy axborot vositalarining vakillari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida hozir bo‘lish, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chog‘ida hozir bo‘lish huquqiga ega.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Boshqa davlatlarning ommaviy axborot vositalari vakillarini Markaziy saylov komissiyasi akkreditatsiyadan o‘tkazadi.

7-bob. Saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish,

siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi

36-modda. Saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanganligi ularning vakolatlari muddati tugashidan kamida uch oy oldin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

37-modda. Nomzodlar ko‘rsatish huquqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadir.

38-modda. Imzolarni to‘plash tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha siyosiy partiya o‘zining vakolatli vakili ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini olganidan keyingina saylovchilarning imzosini to‘plashga haqli. Bu sanaga qadar to‘plangan imzolar hisobga olinmaydi.

Saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli. Bunda saylovchi o‘z familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini (yoshi o‘n sakkizda bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda tug‘ilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek imzo qo‘yilgan sanani ko‘rsatadi. Mazkur ma’lumotlar qo‘lda yozib kiritiladi. Imzo varaqasiga o‘z imzosini qo‘yadigan saylovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar saylovchining iltimosiga ko‘ra imzo to‘plashni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan kiritilishi mumkin.

Imzo varaqasi imzoni to‘plagan shaxs tomonidan o‘z familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan holda imzolanadi, shuningdek tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi.

Saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o‘ziga og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Imzo to‘plash tamomlanganidan so‘ng siyosiy partiyaning vakolatli vakili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida qilib tikilgan imzo varaqalarini Markaziy saylov komissiyasiga topshiradi.

39-modda. Imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshirish

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida o‘n besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar tekshirilishi lozim.

Tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng nisbatda tanlab olinadi.

Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.

Agar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan ko‘prog‘ini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi. Agar qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz bo‘lib chiqsa, mazkur imzo varaqalari to‘lig‘icha haqiqiy emas deb topiladi. Mazkur holda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga saylovda ishtirok etish huquqini rad etadi.

8-bob. Nomzodlarni va ularning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish, ularning huquqiy maqomi

40-modda. Nomzodlarni ro‘yxatga olish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni esa tegishli viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasi amalga oshiradi.

Nomzod etib ro‘yxatga olingan shaxsga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi beriladi.

Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi.

Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda tegishli saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashg‘ulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi.

41-modda. Nomzodlar faoliyatining kafolatlari

Ro‘yxatga olingan barcha nomzodlar teng huquqlarga ega bo‘ladi.

Nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, saylovoldi yig‘ilishlarida, televidenie va radio orqali so‘zga chiqish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan saylovni o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod bo‘lish huquqiga ega.

Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin saylov okrugi doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar esa O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida davlat yo‘lovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yo‘lovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yo‘nalishlari mustasno) tekinga yurish huquqiga ega. Saylov okrugidan tashqarida yashovchi deputatlikka nomzod saylov okrugiga borish va yashash joyiga qaytish uchun ularda tekinga yurish huquqidan foydalanadi.

Nomzodlarning xizmat safari va boshqa xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki ularga nisbatan sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin emas. Bunday rozilik berilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Markaziy saylov komissiyasini bu haqda darhol xabardor etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni majburiy keltirishga, xuddi shuningdek ularning shaxsiy buyumlarini, yukini, transportini, turar joyi va xizmat xonalarini ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

42-modda. Nomzodlik maqomidan mahrum etish.

Nomzodning nomzodlikdan voz kechishi

Siyosiy partiya u yoki bu shaxsni nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi o‘z qarorini saylovga kechi bilan o‘n besh kun qolganida bekor qilish huquqiga ega, bu shaxs tegishli saylov komissiyasi tomonidan nomzodlik maqomidan mahrum etilishi mumkin. Siyosiy partiya nomzodlar ko‘rsatish muddati tugaguniga qadar tegishli saylov komissiyasiga yangi nomzodni ro‘yxatga olish to‘g‘risida taklif kiritishi mumkin.

Siyosiy partiya faoliyatining tugatilganligi nomzodni shu partiyadan saylovda ishtirok etish huquqidan mahrum etadi.

Nomzod saylovga qadar istalgan vaqtda nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Buning uchun u tegishli saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.

43-modda. Nomzodning ishonchli vakillari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod o‘n besh nafarga qadar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod o‘n nafarga qadar, viloyat Kengashi deputatligiga nomzod besh nafarga qadar, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod uch nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli, ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, Markaziy saylov komissiyasi ularga tegishli guvohnomalar beradi.

Deputatlikka nomzod ro‘yxatga olinganidan keyin ishonchli vakillarini o‘z xohishiga ko‘ra belgilaydi va ular haqida tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qiladi. Saylov komissiyasi ishonchli vakillarni ro‘yxatga oladi va ularga guvohnomalar beradi.

Nomzod saylovga qadar o‘z ishonchli vakilini tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilgan holda istalgan vaqtda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istalgan vaqtda o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli.

Ishonchli vakil saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Nomzodlar ishonchli vakillarining O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasidagi safar xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.

9-bob. Saylovoldi tashviqoti

44-modda. Saylovoldi tashviqotini olib borish

Saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir.

Saylovoldi tashviqoti (bundan buyon matnda tashviqot deb yuritiladi) nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi.

Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

45-modda. Tashviqot olib borish turlari, shakllari va usullari

Tashviqot quyidagicha tarzda olib boriladi:

siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;

nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish.

Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Tashviqot:

ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘i orqali;

bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali;

saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Tashviqot davrida uni olib borishning ushbu Kodeksda taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.

46-modda. Tashviqotni ommaviy axborot vositalari

orqali olib borish

Tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta’minlanadi.

Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to‘lash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.

Tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

47-modda. Tashviqotni bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va

boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda

tarqatish orqali olib borish

Nomzodlar va siyosiy partiyalarga bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish uchun teng sharoitlar yaratiladi. Tashviqot materiallari O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.

Bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

tashviqot materiallarini tayyorlagan yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) va u haqdagi boshqa ma’lumotlar;

tashviqot materiallariga buyurtma bergan yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi);

tashviqot materiallarining adadi, chiqarilgan sanasi to‘g‘risidagi axborot.

48-modda. Saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali

tashviqot olib borish

Nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali tashviqot uchun teng sharoitlar yaratiladi.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarni o‘tkazish joyi va vaqti haqida okrug yoki uchastka komissiyasiga ma’lum qilinadi, mazkur komissiyalar bu haqda saylovchilarni oldindan xabardor qiladi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchrashuvlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur ma’lumot va axborot materiallarini olishda yordam ko‘rsatishi shart.

Nomzod yoki uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

10-bob. Ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish

49-modda. Ovoz berish binolari hamda uchastka

saylov komissiyalari binolari

Ovoz berish binolari maxsus ajratilgan joylar bo‘lib, ularda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlanishi, saylov byulletenlarini berish uchun joylar ajratilishi hamda saylov qutilari o‘rnatilishi kerak. Saylov qutilari ovoz beruvchilar ularning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari orqali o‘tib keladigan qilib o‘rnatiladi. Ovoz berish binosida boshqa hech qanday siyosiy tadbirlar o‘tkazilishiga ruxsat etilmaydi. Binolarni jihozlash va ularda zarur tartibni saqlab turish mas’uliyati uchastka saylov komissiyasining zimmasida bo‘ladi.

Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun zarur binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.

Lozim bo‘lgan darajada jihozlangan ovoz berish binolari saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n bir kun oldin taqdim etilishi kerak.

Tutash hududlarni obodonlashtirish, fuqarolar, ayniqsa jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, saylov komissiyalarini texnik vositalar, mebel, ashyolar, ofis texnika vositalari, transport bilan ta’minlash mahalliy davlat hokimiyati organlarining, aloqa vositalari bilan ta’minlash esa O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining zimmasiga yuklatiladi.

Jamoat tartibini saqlash, saylov o‘tkaziladigan binolar va joylarni qo‘riqlash, shuningdek saylov natijalariga doir hujjatlarni tashish chog‘ida uchastka saylov komissiyalari a’zolarini kuzatib borish tegishli vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.

50-modda. Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni,

xonalarni va ovoz berish xonalarini jihozlashga doir talablar

Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar tegishli tarzda jihozlanishi va quyidagilarga ega bo‘lishi kerak:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i (binoning ustida va ichida);

O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi (binoning ichida);

saylov uchastkasining tartib raqami ko‘rsatilgan peshlavha;

yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari;

zarurat bo‘lsa, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari;

kuzatuvchilar uchun alohida joylar;

saylov sanasiga bag‘ishlangan plakatlar;

saylov uchastkasining xaritasi;

uchastka saylov komissiyasi a’zolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchiliklar jadvali haqidagi axborot;

saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli ma’lumotlar joylashtiriladigan maxsus stend;

barcha ro‘yxatga olingan nomzodlarning Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan nashr qilingan tarjimai holi va dasturi;

zarur mebel, ofis texnika vositalari (telefon, printer, Internet jahon axborot tarmog‘iga ulangan va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan kompyuterlar, seyf, kanselyariya tovarlari);

yong‘inga qarshi vositalar.

Ovoz berish xonalari yorug‘ va keng bo‘lishi, alohida kirish va chiqish joyi bo‘lishi, shuningdek ularda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun nishab yo‘lkalar nazarda tutilgan bo‘lishi lozim.

51-modda. Ovoz berish vaqti va joyi

Ovoz berish saylov kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni saylovdan kamida o‘n kun oldin xabardor qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyasi, agar ro‘yxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib bo‘lgan bo‘lsa, ovoz berish tugaganligini istalgan vaqtda e’lon qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan saylov uchastkalarida saylov qutilarini soat 20.00 dan oldin ochish va ovozlarni sanab chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.

52-modda. Saylovchining shaxsini aniqlash

Ovoz berish binosiga kelgach, saylovchi uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi.

Biron-bir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.

53-modda. Uchastka saylov komissiyasining ovoz berishdan

oldingi faoliyati

Saylov kuni ovoz berish binosi uchastka saylov komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lganda ochiladi.

Uchastka saylov komissiyalari:

yashirin ovoz berish uchun binoni ovoz berish boshlanguniga qadar tayyor holatga keltiradi;

uchastka saylov komissiyasi a’zolari orasida vazifalarni taqsimlaydi;

komissiyaning ikki a’zosi tomonidan imzolangan, muhr bilan tasdiqlangan saylov byulletenlarini tayyorlaydi.

54-modda. Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi

faoliyati

Ovoz berish kuni saylov uchastkasida soat 8.00 da O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi.

Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya a’zolari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida:

ovoz berish boshlanganligini e’lon qiladi;

saylov qutilarining bo‘shligini tekshiradi va ularni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar bilan plombalaydi, plombalar raqami ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi;

uchastkadagi ro‘yxat bo‘yicha saylovchilarning soni, olingan saylov byulletenlari soni hamda muddatidan oldin ovoz berganlar haqida ma’lum qiladi. Ushbu ma’lumotlar yakuniy bayonnomaga kiritiladi;

ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazishni muvofiqlashtirib boradi hamda nazorat qiladi, zarurat bo‘lganda komissiya a’zolariga yordam ko‘rsatadi, ular vaqtinchalik yo‘q bo‘lgan hollarda ularni boshqa a’zolar bilan almashtiradi;

ovoz berish tugallanganligini e’lon qiladi;

binoda hozir bo‘lgan saylovchilarga ovoz berishni tugallashi uchun imkoniyat beradi.

Uchastka saylov komissiyasining a’zolari:

saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida uning saylovchilar ro‘yxatidagi ma’lumotlarini tekshiradi, unga ovoz berish saylov byulletenini imzo qo‘ydirib topshiradi;

kuzatuvchilarga va ommaviy axborot vositalari vakillariga saylov jarayonini kuzatish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

55-modda. Ovoz berish tartibi

Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldiradi. Saylov byulletenini to‘ldirish chog‘ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.

Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga «+» yoki «ü» yoxud 
«x» belgisini qo‘yadi.

Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.

Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi (yuqori chap burchagini kesish yo‘li bilan) lozim va alohida saqlanadi.

56-modda. Saylovchining turgan joyida ovoz berish

Ayrim saylovchilar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.

Tegishli komissiyaning kamida ikki nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta’minlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lishi mumkin.

57-modda. Muddatidan oldin ovoz berish

Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti tegishli okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi.

Saylovchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri va ovoz beruvchining imzosi bilan tasdiqlanadi.

58-modda. Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish

tugaganidan keyingi faoliyati

Ovoz berish tugagach, uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari ovoz berish tugaganligini komissiyaning barcha a’zolari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida e’lon qiladi.

Uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari komissiya a’zolari bilan birgalikda:

plombalarning raqamlarini tegishli dalolatnoma bilan solishtiradi;

oldindan yozuv ashyolarini yig‘ishtirib qo‘yib, saylov byulletenlarini sanab chiqish uchun joy (stol) tayyorlaydi;

foydalanilmagan va buzilgan saylov byulletenlarini sanab chiqadi va bekor qiladi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi;

muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga tashlaydi;

statsionar va ko‘chma saylov qutilarini ochadi;

har bir nomzod bo‘yicha saylov byulletenlarini o‘qib eshittirgan va namoyish etgan holda alohida-alohida bog‘lamlarga ajratadi;

har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlarni sanab chiqadi;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlarini aniqlaydi va sanab chiqadi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi;

yakuniy bayonnomaga ovoz berish natijalari to‘g‘risidagi yozuvni kiritadi.

Uchastka saylov komissiyasi ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish chog‘ida kelib tushgan shikoyatlarni (arizalarni) ko‘rib chiqadi. Shundan so‘ng uchastka saylov komissiyasi ovozlarni sanab chiqish natijalari bo‘yicha majlis o‘tkazib, unda ovoz berish yakunlari to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ovozlarni sanab chiqish natijalari uchastka saylov komissiyasining majlisida ko‘rib chiqiladi hamda rais, rais o‘rinbosari, kotib, saylov komissiyasining boshqa a’zolari tomonidan imzolanadigan bayonnomaga kiritiladi. Shundan so‘ng bayonnoma uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari tomonidan o‘qib eshittiriladi hamda mazkur bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo‘yiladi.

Ovozlarni sanab chiqish jarayonida ishtirok etayotgan siyosiy partiyaning vakolatli vakili, kuzatuvchilar uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini olishga haqli.

Uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining ko‘chirma nusxasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda darhol tegishli okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi, asl nusxa esa rais yoki uning o‘rinbosari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvida olib borib topshiriladi.

11-bob. Takroriy ovoz berish, takroriy saylov

59-modda. Takroriy ovoz berishni o‘tkazish asoslari va tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikki nafardan ortiq nomzod ishtirok etayotgan bo‘lsa va agar ulardan hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilardan yarmidan ko‘pining ovozini olmagan bo‘lsa, takroriy ovoz berish o‘tkaziladi, unda eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod ishtirok etadi.

Markaziy saylov komissiyasi takroriy ovoz berish kunini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilgan kundan e’tiboran bir oy ichida, lekin saylov o‘tkazilgan kundan kamida o‘n besh kun keyin o‘tkaziladigan qilib tayinlaydi. Takroriy ovoz berish o‘tkazilishi haqidagi xabar matbuotda e’lon qilinadi.

Agar Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi bo‘yicha ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berishni o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda tegishli saylov komissiyasini hamda okrug saylovchilarini xabardor etadi. Takroriy ovoz berish ushbu Kodeks talablariga rioya etilgan holda ikki haftalik muddatda o‘tkaziladi.

Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.

60-modda. Takroriy saylovni o‘tkazish asoslari va tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shuningdek, agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida bitta nomzod ishtirok etgan bo‘lsa va u zarur miqdorda ovoz to‘play olmagan bo‘lsa, Markaziy saylov komissiyasi takroriy saylov tayinlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy saylovi ham ushbu Kodeksda asosiy saylovni o‘tkazish uchun belgilangan ayni tartibda va ayni shartlarga rioya etgan holda o‘tkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning o‘sha ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy saylovi asosiy saylov o‘tkazilganidan keyin qirq kun ichida o‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:

agar saylov okrugi bo‘yicha saylov o‘tmagan yoxud haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;

agar takroriy ovoz berish saylangan deputatni aniqlash imkonini bermagan bo‘lsa;

agar saylov okrugi bo‘yicha ko‘pi bilan ikki nomzod qo‘yilgan bo‘lsa va ulardan hech biri saylanmagan bo‘lsa.

Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi tegishli saylov komissiyasining topshirig‘iga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan taqdirda, tegishli saylov komissiyasi takroriy saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning o‘sha ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin kechi bilan bir oylik muddat ichida o‘tkaziladi. Saylov komissiyalarini tuzish, nomzodlarni ro‘yxatga olish va boshqa tadbirlar ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

12-bob. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining

o‘ziga xos xususiyatlari

61-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga

qo‘yiladigan talablar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti besh yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lishi mumkin emas.

O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi mumkin.

Quyidagilar:

qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar;

diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

62-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga

nomzodlar ko‘rsatish huquqi

Siyosiy partiya saylov kompaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin.

63-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida

ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan

taqdim etiladigan hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagilarni taqdim etishi kerak:

saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotnoma;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi.

64-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar

ko‘rsatish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va qirq besh kun qolganida tugaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyaning yuqori organi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bitta nomzod ko‘rsatishi mumkin.

Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga faqat o‘z partiyasi a’zolari orasidan yoki partiyasizni nomzod etib ko‘rsatishga vakolatlidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.

Siyosiy partiyaning rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni iltimos qilib Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

siyosiy partiya yuqori organining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;

siyosiy partiya yuqori organi majlisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaviyligi ko‘rsatiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari. Siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarida O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosi bo‘lishi kerak. Bunda siyosiy partiya bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) imzolar umumiy sonining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga ma’lum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

65-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga

kirishish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari rasmiy ravishda e’lon qilingan kundan e’tiboran kechi bilan ikki oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida qasamyod qilgan paytdan e’tiboran o‘z lavozimiga kirishadi.

Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimga kirishguniga qadar bajaradi.

66-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga

muddatidan ilgarigi saylov

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Senat Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi.

13-bob. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining

o‘ziga xos xususiyatlari

67-modda. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi

Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat bo‘ladi.

Qonunchilik palatasi deputatlari hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida saylanadi.

68-modda. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi

Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin.

Belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foizi imzosini to‘plashi mumkin.

69-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi;

imzo varaqalari.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjat qabul qilib olingan sana va vaqt qayd etilgan ma’lumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi.

70-modda. Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka

nomzodlar ko‘rsatish

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi.

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalar deputatlikka bir yuz ellik nafar nomzod, ya’ni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir. Bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.

Ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi kerak.

Siyosiy partiyalar o‘z partiyasi a’zolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatishga vakolatlidir. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.

71-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga

qo‘yiladigan talablar

Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadir.

Quyidagilar:

sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;

saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;

diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

72-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni

ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar

Siyosiy partiyaning rahbari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

siyosiy partiya yuqori organining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;

siyosiy partiya yuqori organi majlisining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningdek saylov okrugining nomi va tartib raqami ko‘rsatiladi;

deputatlikka nomzodning o‘z nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi;

deputatlikka nomzodning, basharti u Qonunchilik palatasi deputati etib saylangudek bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga ma’lum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.

73-modda. Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni

ro‘yxatga olish

Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalar asosida Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni ro‘yxatga oladi.

Deputat etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan paytdan e’tiboran Qonunchilik palatasi deputati maqomiga ega bo‘ladi.

Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasiga Qonunchilik palatasi deputatining maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan vazifalarni o‘z zimmasidan soqit qilganligi to‘g‘risida yozma shaklda ma’lum qilishi shart.

Qonunchilik palatasi deputatlariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘n kun ichida guvohnoma va ko‘krak nishoni beriladi.

74-modda. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga Qonunchilik palatasi

deputatlari saylovini o‘tkazish

Deputatlarning vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda, tegishli saylov okruglarida yangi saylov o‘tkaziladi.

Saylov Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov o‘tkazilishiga kamida bir oy qolganida tayinlanadi va ushbu Kodeksning talablariga rioya qilgan holda tashkil etiladi. Bunda okrug saylov komissiyasi saylovga yigirma besh kun, uchastka saylov komissiyalari esa o‘n besh kun qolganida tuziladi. Deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘n besh kun qolganida tugallanadi.

Qonunchilik palatasi vakolat muddatining tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida Qonunchilik palatasi deputatining o‘rni bo‘shab qolgan taqdirda, ushbu bo‘shab qolgan o‘ringa yangi deputat saylovi o‘tkazilmasligi mumkin.

14-bob. Senatni shakllantirish tartibi

75-modda. Senatni shakllantirish

Senat hududiy vakillik palatasi hisoblanadi.

Senat a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – olti kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Senatning o‘n olti nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Senatning vakolat muddati – besh yil.

76-modda. Senat a’zolarining saylovini o‘tkazish muddati

Senat a’zolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi.

77-modda. Senat a’zoligiga saylanadigan nomzodlarga

qo‘yiladigan talablar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, mahalliy Kengashning saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat a’zoligiga saylanish uchun nomzod bo‘lishi mumkin.

78-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat a’zolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisini o‘tkazish

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qo‘shma majlisini (bundan buyon matnda qo‘shma majlis deb yuritiladi) chaqirish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qo‘shma majlis, agar unda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari e’lon qilinganidan (hammaga ma’lum qilinganidan) keyin uch kunlik muddatda Senat a’zolarini saylash uchun qo‘shma majlislar o‘tkazilishini e’lon qiladi.

Markaziy saylov komissiyasining qo‘shma majlislarni o‘tkazish sanasi, vaqti hamda joyi ko‘rsatilgan qarori ommaviy axborot vositalarida, shuningdek uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi (hammaga ma’lum qilinadi).

Qo‘shma majlisni Markaziy saylov komissiyasi a’zosi ochib, eng obro‘li, tajribali, katta yoshli deputatlar orasidan majlisga raislik qiluvchi to‘g‘risida taklif kiritadi. Qo‘shma majlisning ishini olib borish uchun ochiq ovoz berish orqali uch kishidan besh kishigacha miqdorda ishchi hay’at saylanadi, shuningdek tushgan takliflarni hisobga olish va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun uch kishidan iborat Kotibiyat tuziladi.

79-modda. Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish

Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish qo‘shma majlisda amalga oshiriladi.

Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish uchun raislik qiluvchining taqdimnomasiga binoan ochiq ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan Maslahat kengashi saylanadi.

Maslahat kengashi katta tajribaga ega bo‘lgan eng obro‘li, katta yoshli deputatlar orasidan, qoida tariqasida, har bir mahalliy Kengashdan bittadan vakil saylanadi.

Maslahat kengashi o‘z raisini saylaydi.

Maslahat kengashi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li deputatlar orasidan Senat a’zoligiga nomzodlarni ko‘rsatadi va ko‘rib chiqadi hamda saylov byulleteniga kiritish uchun taklif kiritadi.

Nomzodlarning alohida-alohida eshituvi va muhokamasi natijalariga ko‘ra qo‘shma majlisda ularni saylov byulleteniga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan deputatlarning ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan Senat a’zoligiga nomzod saylov byulleteniga kiritilgan hisoblanadi.

Saylov byulleteniga olti nafardan kam bo‘lmagan Senat a’zoligiga nomzodlar kiritiladi.

80-modda. Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovoz berishni

tashkil etish

Yashirin ovoz berishni o‘tkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan deputatlar orasidan to‘qqiz nafargacha a’zodan, shu jumladan komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda Sanoq komissiyasi saylanadi.

Sanoq komissiyasi:

Senat a’zoligiga saylov bo‘yicha ovoz berishni tashkil etadi va o‘tkazadi;

qo‘shma majlis ishtirokchilariga yashirin ovoz berishni o‘tkazish vaqti, joyi va tartibini e’lon qiladi;

saylov byulletenlarini ularga Senat a’zoligiga har bir nomzodning tug‘ilgan yilini ko‘rsatgan holda, familiyasi, ismi va otasining ismini alifbo tartibida kiritish orqali tayyorlaydi;

ovoz beruvchilarning ro‘yxatini aniqlashtiradi, ularga saylov byulletenlarini topshiradi;

saylov byulletenining yuz tomoniga muhr qo‘yadi va unda Sanoq komissiyasining kamida ikki nafar a’zosining imzosi qo‘yilgan bo‘lishini ta’minlaydi;

ovozlarni sanab chiqadi va yashirin ovoz berish natijalari to‘g‘risida bayonnoma tuzadi;

yashirin ovoz berish natijalarini qo‘shma majlisga tasdiqlash uchun kiritadi.

81-modda. Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovoz berish

tartibi

Yashirin ovoz berish boshlanishidan oldin Sanoq komissiyasi raisi uni o‘tkazish tartibini e’lon qiladi, komissiya a’zolari hozirligida saylov qutisini tekshiradi va bir marotaba ishlatiladigan plombalar bilan plombalaydi.

Saylov qutisi ovoz beruvchi uning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasi orqali o‘tib boradigan qilib o‘rnatiladi.

Qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan deputat Sanoq komissiyasi a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda ovoz beruvchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi, shundan keyin unga saylov byulleteni topshiriladi.

Saylov byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida o‘zi yoqlab ovoz berayotgan Senat a’zoligiga nomzodlarning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga «+» yoki «ü» yoxud «x» belgisini qo‘yish orqali to‘ldiriladi.

Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini ko‘rinarli joyda turishi kerak bo‘lgan saylov qutisiga tashlaydi.

Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni ovoz beruvchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin.

Yashirin ovoz berish jarayoni tugaganidan keyin foydalanilmagan, shuningdek buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi lozim (chap tomondagi yuqori burchakni qirqib qo‘yish orqali) va alohida saqlanadi.

82-modda. Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovozlarni sanab

chiqish va saylov natijalarini aniqlash

Ovozlarni sanab chiqish Sanoq komissiyasi a’zolari tomonidan yashirin ovoz berish natijalari aniqlanguniga qadar tanaffussiz o‘tkaziladi.

Saylov qutisidagi saylov byulletenlari asosida Sanoq komissiyasi:

ovoz berishda ishtirok etgan deputatlarning umumiy sonini;

Senat a’zoligiga har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Ovoz beruvchilar tomonidan saylov byulletenlariga qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilgan fuqarolarning familiyalari bo‘yicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.

Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari, ovoz berish chog‘ida bitta ham kvadratga «+» yoki «ü» yoxud «x» belgisi qo‘yilmagan saylov byulletenlari, shuningdek yuz tomonida muhr va Sanoq komissiyasi a’zolarining imzosi bo‘lmagan byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi.

Yashirin ovoz berish natijalari bo‘yicha bayonnoma tuziladi, bayonnoma Sanoq komissiyasining barcha a’zolari tomonidan imzolanadi. Bayonnomaning qalamda to‘ldirilishiga va unga biron-bir tuzatishlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

83-modda. Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovoz berish

natijalarini aniqlash

Ovoz berish natijalariga ko‘ra boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan Senat a’zoligiga nomzodlar, basharti qo‘shma majlisda hozir bo‘lgan mahalliy Kengashlar deputatlarining ellik foizidan ko‘prog‘i ularni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, saylangan deb hisoblanadi.

84-modda. Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha takroriy

ovoz berish va ularning takroriy saylovi

Agar ovoz berish chog‘ida belgilangan miqdorda Senat a’zolari saylanmagan bo‘lsa, saylanmay qolgan miqdordagi Senat a’zoligi uchun ovozlarning zarur miqdorini to‘plamagan nomzodlar bo‘yicha ana shu qo‘shma majlisning o‘zida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

Senat a’zolarining takroriy saylovi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:

agar saylov haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;

agar takroriy ovoz berish natijasida belgilangan miqdorda Senat a’zolari saylanmagan bo‘lsa.

Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda takroriy saylov saylanmay qolgan miqdordagi Senat a’zoligi uchun o‘tkaziladi.

Senat a’zolarining takroriy saylovi Senatga o‘tkazilgan asosiy saylovdan keyin ko‘pi bilan o‘n besh kunlik muddat ichida o‘tkaziladi.

Saylanmay qolgan miqdordagi Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish va takroriy saylov o‘tkazish ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

85-modda. Senat a’zolari saylovining yakunlari

Markaziy saylov komissiyasi qo‘shma majlislarning bayonnomalari asosida bu bayonnomalar kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay Senat a’zolarini ro‘yxatga oladi, ro‘yxatga olishdan keyin o‘n kun ichida esa guvohnoma va ko‘krak nishoni beradi.

Agar saylov davomida, ovozlarni sanab chiqish, yashirin ovoz berish natijalarini aniqlash chog‘ida ushbu Kodeks talablari saylov natijalariga ta’sir qilgan tarzda buzilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, Markaziy saylov komissiyasi Senat a’zolarining saylovini haqiqiy emas deb topishi mumkin.

86-modda. Senat a’zolari saylovining yakunlari ustidan

shikoyat qilish

Qo‘shma majlislarning, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

87-modda. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga Senat a’zolari

saylovini o‘tkazish

Bo‘shab qolgan o‘rinlarga Senat a’zolari saylovi tegishli qo‘shma majlislarda ushbu Kodeks talablariga rioya etilgan holda o‘tkaziladi.

Senat vakolat muddatining tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida Senat a’zosining o‘rni bo‘shab qolsa, bo‘shab qolgan o‘ringa Senatning yangi a’zosi saylovi o‘tkazilmasligi mumkin.

15-bob. Mahalliy Kengashlarga saylovning

o‘ziga xos xususiyatlari

88-modda. Mahalliy Kengashlarga saylov

Mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga o‘tkaziladi.

89-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar

tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

saylovda ishtirok etish to‘g‘risida siyosiy partiyaning tegishli viloyat, tuman, shahar organi rahbari tomonidan imzolangan ariza;

siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olinganligi haqidagi ma’lumotnoma.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt qayd etilgan ma’lumotnoma beradi. Saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddatda partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalarning kelib tushish navbati tartibiga qarab matbuotda e’lon qilinadi.

90-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarga

qo‘yiladigan talablar

Saylov kuni yigirma bir yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar mahalliy Kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga ega.

Quyidagilar:

sodir etgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;

saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;

diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Sudyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.

91-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar

ko‘rsatish tartibi

Mahalliy Kengashlarning deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugallanadi.

Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning tegishli organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalar tegishli hududda joylashgan har bir saylov okrugidan mahalliy Kengashlar deputatligiga bittadan nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir.

Bir shaxs tegishli mahalliy Kengashga saylov o‘tkazish bo‘yicha faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlar tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.

Ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi kerak.

Siyosiy partiyalar faqat o‘z partiyasi a’zolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatadi. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.

92-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni

ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar

Siyosiy partiya tegishli organining rahbari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni iltimos qilib, tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

siyosiy partiya tegishli organining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;

siyosiy partiya tegishli organi majlisining mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningdek saylov okrugining nomi va raqami ko‘rsatiladi;

mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodning o‘z nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi;

ushbu Kodeks 90-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarning, basharti ular mahalliy Kengashlar deputatlari etib saylangudek bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalar rahbarlariga ma’lum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqlar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni tegishli saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.

93-modda. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish

Deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda tegishli saylov okruglarida yangi saylov o‘tkaziladi.

Saylov tegishli mahalliy Kengash tomonidan saylov o‘tkazilishiga kamida bir oy qolganida tayinlanadi va ushbu Kodeksning talablariga rioya etilgan holda tashkil etiladi. Bunda okrug saylov komissiyasi saylovga yigirma besh kun qolganida, uchastka saylov komissiyalari esa o‘n besh kun qolganida tuziladi.

Tegishli mahalliy Kengashning vakolat muddati tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida deputatning o‘rni bo‘shab qolgan taqdirda, bo‘shab qolgan o‘ringa yangi deputat saylovi o‘tkazilmasligi mumkin.

16-bob. Saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish

(hammaga ma’lum qilish)

94-modda. Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning umumiy sonini, saylov byulletenlari olgan saylovchilar sonini va saylov qutilaridagi saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Uchastka saylov komissiyasi saylov uchastkasida har bir okrug, har bir nomzod bo‘yicha berilgan ovozlarni alohida-alohida sanab chiqadi.

Sanab chiqilgan saylov byulletenlari asosida uchastka saylov komissiyasi:

har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini;

buzilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Saylov byulletenlariga qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilgan fuqarolarning familiyalari va masalalar bo‘yicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.

Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari, shuningdek ovoz berish chog‘ida bittadan ortiq kvadratga «+» yoki «ü» yoxud «x» belgisi qo‘yilgan yoki bitta ham kvadratga bunday belgi qo‘yilmagan saylov byulletenlari haqiqiy emas deb topiladi. Saylov byulletenining haqiqiyligi shubha tug‘dirganda, masala uchastka saylov komissiyasi tomonidan ovozga qo‘yish orqali hal etiladi.

Ovoz beruvchi tomonidan byulletenni to‘ldirish vaqtida xatoga yo‘l qo‘yilgan va uning o‘rniga yangi saylov byulleteni berilgan, bu haqda saylovchilar ro‘yxatida hamda bekor qilingan buzilgan saylov byulletenining orqa tomonida tegishli belgi qo‘yilgan saylov byulleteni buzilgan hisoblanadi.

95-modda. Okrug bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash

Okrug bo‘yicha saylov natijalari faqat uchastka saylov komissiyalarining taqdim etilgan bayonnomalari asosida aniqlanadi. Okrug saylov komissiyasi:

okrug bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning umumiy sonini;

saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini;

ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini;

har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Uchastka saylov komissiyasining bayonnomasida aks ettirilgan, ovozlarni sanab chiqish chog‘ida nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, okrug saylov komissiyasi o‘z majlisida uchastka komissiyasiga ushbu nomuvofiqliklarni bartaraf etishni taklif qilishga haqli.

Okrug bo‘yicha saylov natijalari okrug saylov komissiyasining majlisida aniqlanadi va bayonnomaga kiritiladi. Bayonnoma komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi, boshqa a’zolari tomonidan imzolanadi hamda tegishli saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

96-modda. Saylov natijalarini belgilash

Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalarining o‘ziga kelib tushgan bayonnomalari asosida:

O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha yoki viloyat, tuman va shahar bo‘yicha saylovchilarning umumiy sonini;

saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini;

ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini;

har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikkita nomzod ishtirok etgan taqdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodga nisbatan ko‘pchilik ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida turli sabablar (nomzodning o‘limi, nomzod sog‘lig‘ining saylovda ishtirok etishni istisno etuvchi holati yoki qonunda belgilangan boshqa sabablarga ko‘ra uning nomzodi olinganligi va hokazo) tufayli bitta nomzod ishtirok etgan taqdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Saylov, agar unda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan kami ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tmagan deb topiladi.

Saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va saylov yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida bu qaror ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

Mahalliy Kengashlarga o‘tkazilgan saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va ovoz berish yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida bu qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun – okruglar bo‘yicha ham) saylov haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shunday uchastkalar (okruglar) bo‘yicha ovoz berish natijalari, agar bu natijalarsiz ham saylov umuman bo‘lib o‘tgan deb topilishi mumkin bo‘lsa, tegishli komissiyaning qaroriga binoan saylovning umumiy natijalaridan chiqarib tashlanadi.

Tegishli saylov komissiyasi ovoz berish yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzadi va qaror qabul qiladi.

97-modda. Saylov natijalarini e’lon qilish

(hammaga ma’lum qilish)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov yakunlariga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasining qarori saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinadi, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda e’lon qilinadi (hammaga ma’lum qilinadi).

Mahalliy Kengashga o‘tkazilgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinadi va matbuotda e’lon qilinadi, shuningdek ommaviy axborot vositalarida hammaga ma’lum qilinadi.

17-bob. Saylovni moliyalashtirish

98-modda. Saylovni davlat tomonidan moliyalashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovga, mahalliy Kengashlarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Chet davlatlarning, ular jismoniy va yuridik shaxslarining hamda xalqaro tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan saylovni moliyalashtirish hamda nomzodlar va siyosiy partiyalarni moddiy jihatdan boshqacha tarzda qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.

Siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar saylov o‘tkazish uchun o‘z mablag‘larini ixtiyoriy ravishda berishi mumkin. Bu mablag‘lar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasi jarayonida ulardan foydalanish uchun qabul qilib olinadi.

99-modda. Saylov komissiyalarini moliyalashtirish

Markaziy saylov komissiyasini, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalarini, okrug va uchastka saylov komissiyalarini saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan amalga oshiriladi.

Markaziy saylov komissiyasini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetida alohida satrda nazarda tutiladi.

Saylov komissiyalari ishiga jalb etiladigan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

100-modda. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini

moliyalashtirish

Siyosiy partiyalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovda, mahalliy Kengashlarga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori Markaziy saylov komissiyasi va boshqa tegishli saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi. Bu haqdagi axborot Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek zarur hollarda, boshqa manbalarda e’lon qilinadi.

Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun davlat mablag‘lari shu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin ro‘yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari:

tashviqot olib borishga;

nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot o‘tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga;

saylov kampaniyasini o‘tkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanadi.

Siyosiy partiyalar o‘zining saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish to‘g‘risidagi axborotni saylov yakunlari e’lon qilinganidan keyin bir oy ichida o‘z rasmiy veb-saytlarida va bosma nashrlarida e’lon qiladi.

18-bob. Yakunlovchi qoidalar

101-modda. Saylov komissiyalari tomonidan jismoniy

va yuridik shaxslarning murojaatlarini

ko‘rib chiqish tartibi

Saylov komissiyalari saylov kampaniyasini o‘tkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu Kodeks talablari buzilganligi yoki saylovni tashkil etishning boshqa masalalari xususida o‘ziga kelib tushgan murojaatlarini o‘z vakolatlari doirasida ko‘rib chiqishi, ushbu murojaatlar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishi va uch kunlik muddatda ularga yozma javoblar berishi, saylovga kamida olti kun qolganida yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlarni esa darhol ko‘rib chiqib, javob qaytarishi shart.

Murojaatlar qaydlov daftarida ro‘yxatga olinishi lozim.

Saylov komissiyasining raisi murojaatni ko‘rib chiqish va unga doir qaror qabul qilish uchun tegishli komissiyani ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda chaqiradi va uning majlisini o‘tkazadi. Majlisga manfaatdor shaxslar taklif etilishi mumkin.

Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z vakolatiga kirmaydigan uchastka saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaat uch kunlik muddatda tegishli organlarga murojaat yuborgan shaxs bu haqda xabardor qilingan holda yuboriladi.

Murojaatni ko‘rib chiqqan saylov komissiyalari a’zolari uni ko‘rib chiqish natijalari va qabul qilingan qaror to‘g‘risida murojaat yuborgan shaxsni xabardor qilishi shart.

102-modda. Saylov komissiyalarining qarorlari ustidan

tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari, deputatlikka nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat kelib tushganidan keyin uch kun ichida, saylovga kamida olti kun qolganida esa darhol ko‘rib chiqilishi kerak. Shikoyat bergan shaxslar shikoyatni ko‘rib chiqishda bevosita ishtirok etish huquqiga ega.

103-modda. Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini

buzganlik uchun javobgarlik

Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish (hammaga ma’lum qilish), shu jumladan axborot tarmoqlariga, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirish taqiqlanadi.


O'zA
5 990