O‘zA O`zbek

24.05.2019 09:41 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida


Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 26 aprelda

qabul qilingan

Senat tomonidan 2019 yil 3 mayda

ma’qullangan

1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 yanvarda qabul qilingan O‘RQ–461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018 yil, 1-songa 2-ilova, № 7, 433-modda, № 10, 672-modda; 2019 yil, № 3,
161-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:

1) 162-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Ishni sud muhokamasiga tayyorlash bo‘yicha harakatlar da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ajrimda bayon etilishi mumkin, bundan ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida sudgacha majlis o‘tkazish hollari mustasno»;

2) 163-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirilsin:

«Ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida sudya fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha, bundan soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘riladigan ishlar mustasno, da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va ish qo‘zg‘atilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sudgacha majlis o‘tkazishi mumkin»;

3) quyidagi mazmundagi 1631-modda bilan to‘ldirilsin:

«1631-modda. Sudgacha majlis

Sudgacha majlis o‘tkazish chog‘ida sudya:

1) da’vogarni o‘zi arz qilgan talablarning mohiyati bo‘yicha so‘roq qiladi, undan javobgar bildirishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarni aniqlaydi va, agar bu zarur bo‘lsa, da’vogarga qo‘shimcha dalillar taqdim etishni taklif qiladi, shuningdek arz qilingan talablaridan voz kechish huquqini hamda voz kechishning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;

2) ishning holatlari bo‘yicha javobgarni so‘roq qiladi, da’vogarning talablariga qarshi uning qanday e’tirozlari borligini va bu e’tirozlar qanday dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligini aniqlaydi, shuningdek javobgarga da’vogarning talablarini tan olish yoxud qarshi talablar qo‘zg‘atish huquqini tushuntiradi, javobgarga ish yuzasidan yozma tushuntirishlar taqdim etishni taklif qiladi. Javobgarning yozma tushuntirishlarni va dalillarni taqdim etmaganligi, shuningdek sud majlisiga kelmaganligi ishni ishdagi mavjud dalillar bo‘yicha ko‘rish uchun to‘sqinlik qilmaydi;

3) taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;

4) ishning murakkabligini hisobga olgan holda sud muhokamasining prognoz qilinayotgan, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan iltimosnomalar va hujjatlarni sudga topshirish, guvohlar mavjud bo‘lganda ularning ro‘yxatlarini almashish muddatlarini nazarda tutuvchi jadvalini aniqlaydi;

5) sud majlisida hozir bo‘lgan taraflar va boshqa manfaatdor shaxslardan ular o‘rtasida ushbu ishning sudga taalluqliligi masalasi bo‘yicha kelishuv, ushbu Kodeksning 163-moddasida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish zaruriyati mavjudligini aniqlaydi.

Sudgacha majlisning vaqti va joyi to‘g‘risida taraflar va boshqa manfaatdor shaxslar xabardor qilinganlik faktini qayd etishni ta’minlaydigan sud chaqiruv qog‘ozlari, buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.

Sudgacha majlis o‘tkazilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, unda quyidagilar ko‘rsatiladi: sudgacha majlis o‘tkazilgan yil, oy, sana va joy; ishni yuritayotgan sudning nomi; sudyaning va majlis kotibining (sudya yordamchisining yoki katta yordamchisining) familiyasi hamda ismi-sharifining bosh harflari; taraflar, boshqa manfaatdor shaxslar haqidagi va ularga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar; taraflar tomonidan berilgan tushuntirishlar.

Taraflar kelmagan taqdirda, sudya ushbu Kodeks 163-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan harakatlarni amalga oshiradi. Bunday holda sudgacha majlis bayonnomasi tuzilmaydi.

Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, sudgacha majlisda ish yuritish to‘xtatib turilishi yoki tugatilishi, da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilishi mumkin»;

4) 171-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Sud kutilmagan va favqulodda holatlarda ishni sud majlisida ko‘rish mumkin bo‘lmagan taqdirda, shu jumladan:

tarafning iltimosnomasi bo‘yicha, u nizoni kelishuv yo‘li bilan hal qilish maqsadida suddan ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilgan taqdirda;

agar sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxs sud majlisiga kela olmasligi sabablarini asoslagan holda sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilgan bo‘lsa va basharti ushbu shaxsning ishtirokisiz ishni ko‘rish mumkin bo‘lmasa;

ishda ishtirok etuvchi shaxsning o‘z vakili sud majlisiga uzrli sababga ko‘ra kela olmaganligi munosabati bilan qilgan iltimosnomasi bo‘yicha;

sud protsessi ishtirokchilaridan birortasi, agar sud ishni ushbu shaxsning ishtirokisiz ko‘rish mumkin emas deb hisoblasa, kelmagan taqdirda;

tarafning qo‘shimcha dalillar taqdim etish yoki uchinchi shaxslardan talab qilib olish zarurati bilan bog‘liq holda sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi bo‘yicha;

sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilayotganda videokonferensaloqa o‘rnatish imkoni bo‘lmagan taqdirda;

sud protsessi ishtirokchilaridan birortasi kelmagan va ko‘rsatilgan shaxsning sud muhokamasining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilinganligi to‘g‘risida dalillar mavjud bo‘lmagan taqdirda;

ishga daxldor bo‘lmagan javobgarni ishga daxldor bo‘lgan javobgar bilan almashtirish zarur bo‘lgan taqdirda;

nizoli huquqiy munosabatdan chiqib ketgan tarafni uning huquqiy vorisi bilan almashtirish zarur bo‘lgan taqdirda;

ikkinchi javobgarni yoki uchinchi tarafni ishda ishtirok etish uchun jalb etish zarur bo‘lgan taqdirda sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.

Sud muhokamasi uni keyinga qoldirishga asos bo‘lib xizmat qilgan holatlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan muddatga ushbu Kodeksda sud muhokamasi uchun nazarda tutilgan muddat doirasida, biroq ko‘pi bilan o‘n kunga qoldirilishi mumkin.

Sud muhokamasini keyinga qoldirishlar soni uch martadan oshmasligi kerak.

Sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.

Agar sud majlisida taraflar hozir bo‘lsa, sud kelgan guvohlarni sud muhokamasi keyinga qoldirilguniga qadar so‘roq qilishga haqli. Bu guvohlarning ko‘rsatuvlari yangi sud majlisida o‘qib eshittiriladi. Ushbu guvohlarni yangi sud majlisiga takroran chaqirish faqat zarur hollarda amalga oshiriladi.

Ishda ishtirok etuvchi, ammo sud majlisiga kelmagan shaxslar ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda yangi sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilinadi. Sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladigan tilxat orqali xabardor qilinadi.

Sud muhokamasi keyinga qoldirilganidan so‘ng davom ettiriladi.

Zarur bo‘lgan taqdirda ishning muhokamasi u qoldirilganidan keyin boshidan boshlanadi».

2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;

ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining

Prezidenti                                                             Sh. Mirziyoev


O'zA