O‘zA O`zbek

31.12.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining byudjet sohasidagi vakolatlarini kengaytirish, byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning masʼuliyatini yanada oshirish, mahalliy byudjetlar daromadlarini shakllantirish va mablagʻlaridan foydalanishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining erkinligini taʼminlashga qaratilgan yangi byudjet tizimi joriy etilmoqda.

Ilk bor “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan respublika byudjeti xarajatlari vazirlik va idoralar kesimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan, mahalliy byudjetlar xarajatlari esa xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan tasdiqlanishi belgilab qoʻyildi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga bevosita bogʻliq boʻlgan hamda toʻliq mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldiriladigan daromad turlari kengaytirildi.

2020-yildan boshlab barcha davlat maqsadli jamgʻarmalari va chetdan jalb qilingan tashqi qarz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan davlat xarajatlari konsolidatsiyalashgan davlat byudjetida aks ettirilib, byudjet qamrovi va ochiqligi darajasi kuchaytirildi. Xalqaro standartlarga muvofiq umumiy fiskal balansining hisobini yuritish yoʻlga qoʻyildi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliqlarni ortiqcha undirganlik uchun davlat soliq xizmati organlarining javobgarligi kuchaytirildi, zamonaviy usullarni qoʻllagan holda xorijiy amaliyotda sinalgan soliq nazorati shakllari joriy etildi, shuningdek, soliqlarni hisoblash va toʻlash tartiblari soddalashtirildi.

Oʻz navbatida, amalga oshirilayotgan islohotlar vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining birinchi darajali xarajatlarni, davlat dasturlari va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish borasida javobgarligini oshirishni, manbasi aniq boʻlmagan tadbirlarni amalga oshirmaslikni hamda byudjet intizomini yanada qatʼiylashtirishni talab etadi.

Davlat moliyasi tizimi va byudjet intizomini yanada mustahkamlash, soliq-byudjet tizimining shaffofligini oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet daromadlari prognoz koʻrsatkichlari bajarilishida manfaatdorligini kuchaytirish, shuningdek, “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar 2020-2024 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

soliq-byudjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida oʻrta muddatli byudjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik byudjetni shakllantirishning yangi “natijaga yoʻnaltirilgan byudjet” tizimini joriy etish;

makrofiskal prognozlar ishonchliligini taʼminlash boʻyicha institutsional salohiyatni va byudjet jarayoni ishtirokchilarining masʼuliyatini oshirish;

byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning masʼuliyatini kuchaytirish;

fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;

byudjet hisobi standartlarini unifikatsiya qilish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash;

byudjet maʼlumotlarining ochiqligi, toʻliqligi va xalqaro standartlarga mosligini taʼminlash;

byudjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki oy muddatda xalqaro moliyaviy institutlarning takliflarini inobatga olgan holda 2020-2024 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

2. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining byudjet-moliya sohasidagi asosiy vazifasi etib belgilansin:

soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazani toʻliq qamrab olish, soliqlar yigʻilishi darajasini oshirish, mavjud zaxiralarni safarbar etish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali tegishli byudjet daromadlari prognozining bajarilishini taʼminlash;

byudjet mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanish hamda uni tejash, byudjet intizomini mustahkamlash, byudjet mablagʻlaridan foydalanishning natijadorligi boʻyicha hisobdorlik tizimini kuchaytirish;

birinchi navbatda moliyalashtiriladigan (ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar) xarajatlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish va kreditor qarzdorlikka yoʻl qoʻymaslik;

obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalarni amalga oshirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlarni, birinchi navbatda, oldingi yillardan oʻtuvchi obyektlarni ishga tushirishga yoʻnaltirish;

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida olinadigan tashqi qarz mablagʻlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng dolzarb chora-tadbirlarini moliyalashtirishga yoʻnaltirish hamda ulardan samarali foydalanish orqali natijadorlikni taʼminlash.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yilda:

konsolidatsiyalashgan byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotning 0,5 foizidan oshmasligini;

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromad va xarajatlari balanslashtirilgan holda ijro etilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish boʻyicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd AQSH dollaridan oshmasligini;

Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilinadigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qaytariladigan tashqi qarzni oʻzlashtirishning cheklangan hajmi 1,5 mlrd AQSH dollaridan oshmasligini taʼminlasin.

4. Belgilansinki, davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarning natijadorligini baholash jarayoni quyidagilarni nazarda tutadi:

yakunlangan loyiha va dasturlarni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi auditdan oʻtkazib, audit natijalari boʻyicha axborotni har chorak yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga yuboradi;

tegishli vazirlik va idoralar yakunlangan loyiha va dasturlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalariga 3 oy ichida taqdimotlar oʻtkazadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi loyiha va dasturlarning ishlab chiqilishi, tanlab olinishi, monitoringi va audit natijalariga oid maʼlumotlar ommaviy axborot vositalari va veb-saytlarda joylashtirilishini taʼminlaydi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi:

xodimlar umumiy cheklangan soni doirasida boshqaruv xodimlarining soni 3 ta shtat birligidan iborat davlat qarzi hisobiga moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarni audit qilish sektorini tashkil etsin;

uch oy muddatda davlat qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarni baholash va auditdan oʻtkazish hamda ularni xatarlar boʻyicha guruhlashtirish masalalarini oʻz ichiga oluvchi tartibni tasdiqlasin.

6. 2020-yilda ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. 2020-yil 1-fevraldan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam taʼminlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 1,07 barobarga oshirilsin.

2020-yil 1-fevraldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida:

mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori – oyiga 679 330 soʻm;

pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 238 610 soʻm;

eng kam yoshga doir pensiyalar – oyiga 466 680 soʻm;

bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 466 680 soʻm;

zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 286 390 soʻm;

14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa, kam taʼminlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam miqdorlari 2-ilovaga muvofiq belgilansin;

soliqlar, yigʻimlar, jarimalar, davlat bojlari va koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari, tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shugʻullanish uchun patent (litsenziya) toʻlovlari hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa toʻlovlar miqdorini aniqlashda qoʻllaniladigan bazaviy hisoblash miqdori – 223 000 soʻm oʻzgarishsiz qoldirilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Moliya vazirligi:

mazkur qarorning 3-ilovasida koʻrsatilgan 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishi yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrsin;

ikki hafta muddatda yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun va mohiyatini soliq toʻlovchilarga tushuntirish hamda amaliyotga joriy
qilishni koʻzda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirsin.

9. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi salbiy boʻlgan taqdirda mazkur summaning oʻrnini soliq toʻlovchining arizasiga koʻra qoplash tartibi 2020-yil 1-iyuldan boshlab joriy etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda elektron hisobvaraq-faktura tizimi operatorlari sonini koʻpaytirish hamda operatorlar bilan hamkorlikda 2020-yil 1-aprelgacha elektron hisobvaraq-fakturalar almashish tizimini toʻlaqonli joriy qilish choralarini koʻrsin;

elektron hisobvaraq-fakturalar yuritishga oʻtgan soliq toʻlovchilar uchun soliq hisobotlarini topshirish tartibini soddalashtirish, shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn nazorat-kassa mashinalar yuritishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik choralarini joriy etish boʻyicha takliflarni 2020-yil 1-iyulgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. 2020-yilda soliq yukining keskin oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida jismoniy shaxslar mulkiga kadastr qiymati asosida belgilangan mol-mulk soligʻi summasi 2019-yilda hisoblangan soliq summasining 1,3 barobaridan ortiq oshirilmasligi belgilansin.

11. 2020-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy soliq tushumlari quyidagicha taqsimlansin:

a) byudjet tashkilotlari boʻyicha:

byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga – 99,2 foiz;

Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga – 0,4 foiz;

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga – 0,4 foiz;

b) boshqa toʻlovchilar boʻyicha:

byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga – 98,4 foiz;

Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga – 0,8 foiz;

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga – 0,8 foiz.

12. 2020-yil 1-yanvardan boshlab:

rentabellik darajasidan kelib chiqib, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ uchun foyda soligʻi stavkalari 4-ilovaga muvofiq belgilansin;

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi oltin, palladiy va kumush uchun 20 foiz va mis boʻyicha 15 foiz miqdorida belgilansin.

14. Belgilansinki, oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtgan oliy taʼlim muassasalariga qonunchilikda oliy taʼlim muassasalari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari qoʻllaniladi va 2020-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy soliqning 12 foizlik stavkasi tatbiq etiladi.

15. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan 2020-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlari boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan yer soligʻi qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi:

2020-yil 1-aprelga qadar “Oʻzdaverloyiha” ilmiy-loyiha instituti, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlari boʻlgan barcha yuridik shaxslarga yer soligʻini hisoblash uchun qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymatini yetkazsin;

2020-yil 1-iyulga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, xalqaro tajribadan kelib chiqib, 2021-yildan boshlab qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymatini belgilashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

16. Belgilansinki, mobil aloqa xizmatlari koʻrsatish va alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivo uchun aksiz soligʻi boʻyicha:

Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjeti va Toshkent shahri shahar byudjetlariga ajratiladigan mablagʻlar har oyda (hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar, yil yakuni boʻyicha oxirgi ish kuniga qadar) oʻtkaziladi;

daromadlar prognozining bajarilmagan qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjetiga Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi, prognozning oshirib bajarilgan qismi Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti ixtiyorida qoldiriladi.

17. Mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat soliq xizmati organlari rahbarlari byudjet daromadi prognoz koʻrsatkichlarini ortiqcha toʻlangan va undirilgan soliq summalari hisobiga bajarilishiga yoʻl qoʻymasliklari boʻyicha qatʼiy ogohlantirilsin.

2020-yil 1-yanvardan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra ortiqcha undirilgan soliq summalarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasiga teng boʻlgan stavkada foizlar toʻlagan holda qaytarish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda:

Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetiga oʻtkazilgan soliqlar boʻyicha – Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari, tuman va shaharlar byudjetlariga oʻtkazilgan soliqlar boʻyicha – tegishli mahalliy byudjetlar hisobidan;

byudjet tizimi byudjetlari oʻrtasida taqsimlangan soliqlar boʻyicha – tegishli byudjetlar hisobidan ularga ajratmalar meʼyoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.

18. Foyda soligʻi toʻliqligicha Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Moliya vazirligi takliflariga asosan mazkur qarorning 5-ilovasida koʻrsatilgan davlat korxonalari va ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari boshqaruv organlarida 2020-yil davomida olinadigan foydadan dividendlar (ajratmalar) toʻlash, ularning miqdorlari va toʻlash davriyligini belgilash toʻgʻrisidagi masalalarning koʻrib chiqilishini taʼminlasin.

19. Quyidagi soliq turlari boʻyicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi toʻliq hajmda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjeti va Toshkent shahrining shahar byudjetiga qoldirilsin:

jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;

qoʻshilgan qiymat soligʻi (mazkur qarorning 5-ilovasida koʻrsatilgan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi bundan mustasno);

foyda soligʻi (mazkur qarorning 5-ilovasida koʻrsatilgan yirik soliq toʻlovchilar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek, norezidentlarning toʻlov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan toʻlanadigan foyda soligʻi bundan mustasno).

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga narxlar (tariflar) va qonunchilik hujjatlari oʻzgarishidan kelib chiqib, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha daromadlar prognozini tasdiqlangan koʻrsatkichlar doirasida hududlar kesimida qayta taqsimlash huquqi berilsin.

20. 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining aylanma kassa mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

21. 2020-yilda byudjet tizimi byudjetlari hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish quyidagi hollarda taqiqlansin:

moliyalashtirish manbasi aniq boʻlmasa;

belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari)siz yoki loyiha hujjatlarini qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlash, yaʼni parallel ravishda olib borish;

pudratchi (loyihachi) tashkilotlarni tender (konkurs) oʻtkazmasdan (“Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlarida nazarda tutilgan boʻlmasa) tanlab olish asosida.

Mazkur bandda koʻrsatilgan byudjet intizomi qoidalariga rioya qilinishi ustidan Bosh vazirning tegishli sohalar boʻyicha oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish, qurilish meʼyorlari va qoidalarini qayta koʻrib chiqish, qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatini tartibga solish, ular oʻrtasida sogʻlom raqobatni shakllantirish, yollanma ishchilarning norasmiy faoliyatini legallashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi va Innovatsion rivojlanish vazirliklari bilan birgalikda 2020-yil 1-mayga qadar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarning hosildorlik oshishiga, suv va moddiy (elektroenergiya, mineral oʻgʻitlar va boshqalar) resurslar iqtisod qilinishiga taʼsirini mustaqil konsalting kompaniyalarni jalb qilgan holda oʻrgansin va 2020-yil 1-sentyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.

Mustaqil konsalting kompaniyalarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasidan qoplansin.

24. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining:

davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda zarar yetkazilmasligini taʼminlash;

Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha hududiy jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan chiqariladigan qarorlarini majburiy tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari bilan kelishilishi hamda zararlarni qoplashda ularning davlat byudjeti va mahalliy byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishi yuzasidan masʼulligi belgilab qoʻyilsin.

25. Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga davlat bojlari, yigʻimlar va soliq boʻlmagan toʻlovlar, maʼmuriy va moliyaviy jarimalardan ajratmalar miqdorini byudjetdan tashqari mablagʻlardan toʻlab kelinayotgan ish haqi va ragʻbatlantirish toʻlovlarini unifikatsiyalashtirgan holda Davlat byudjeti orqali amalga oshirish hisobiga maqbullashtirish boʻyicha taklif kiritsin.

Vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan ularning xodimlariga uy-joy va avtomashinalar xaridi uchun imtiyozli kreditlarni va foizsiz ssudalarni ajratish bekor qilinsin.

26. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab byudjet tashkilotlari, vazirlik, idoralar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining:

milliy valyutadagi byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobi faqat Yagona gʻazna hisobvaragʻida yuritiladi;

vaqtincha boʻsh turgan milliy valyutadagi mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish ularning soʻrovlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan kelishilgan holda elektron auksion orqali amalga oshiriladi;

tijorat banklari depozitlariga 2020-yilgacha joylashtirilgan milliy valyutadagi mablagʻlari depozit muddati tugagandan soʻng, muddat uzaytirilmasdan Yagona gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Bunda tijorat banklari depozitlariga kredit resursi sifatida maqsadli joylashtirilgan mablagʻlar mazkur resurs hisobiga berilgan kreditlar soʻndirilgandan soʻng Yagona gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi byudjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamgʻarmalarining tijorat banklardagi hisobvaraqlarining harakati boʻyicha maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻysin.

28. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davolash va profilaktika muassasalarida, “barkamol avlod”, bolalar musiqa va sanʼat maktablarida, sport muassasalarida, davlat madaniyat muassasalarida, veterenariya boʻlinmalarida, shuningdek, adliya organlarida pullik xizmatlar koʻrsatish amaliyotini oʻrganib chiqqan holda aholiga yanada qulaylik yaratish, pul tushumlarining shaffofligini oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin.

29. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar davlat tashkilotlarida yengil xizmat avtomashinalari cheklangan sonini belgilash, shuningdek, rahbar xodimlarga xizmat avtomashinalarini klassiga qarab biriktirish tartibini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

30. Maktabgacha taʼlim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda oʻz tasarrufidagi muassasalarda ovqatlantirish boʻyicha joriy etilgan autsorsing tizimining samaradorligini oʻrganib chiqsin va natijasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.

31. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi markaziy apparatida taʼlim muassasalarida ish xaqini rejalashtirish va moliyalashtirish boʻlimlarini tashkil etish uchun hududiy gʻaznachilik organlarining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga qoʻshimcha 4 tadan shtat birliklari ajratilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Moliya vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda umumtaʼlim maktablarining oʻquv binolaridan samarali foydalanishga hamda sinflarni komplektlash jarayonining shaffofligini oshirishga qaratilgan umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

32. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga, hududiy moliya organlari tomonidan esa hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga tegishli byudjetlardan kelgusi uch yil uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlarining chegaralangan miqdorlarini hamda yuqori byudjetlardan quyi byudjetlarga beriladigan transfertlar miqdorini har yili 15-iyunga qadar yetkazish tartibi joriy etilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga har yili 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy rivojlanishining keyingi yilga moʻljallangan makroiqtisodiy prognozi aniqlashtirilgan koʻrsatkichlarini, har yili 15-avgustga qadar esa oʻrta muddatli (kelgusi uch yilga) davrga moʻljallangan prognozlarini taqdim qilsin.

33. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yil 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi byudjet tizimi byudjetlari oʻrtasida byudjetlararo transfertlarning miqdorini aniqlash va oʻtkazish qoidalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

34. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining davlat byudjeti xarajatlari samaradorligini baholashning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibini bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:

2020-yil davomida sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, avtomobil yoʻllari va suv xoʻjaligi sohalarida 2018-2019 yillar davomida qabul qilingan tadbirlarga yoʻnaltirilgan byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlarning natijadorligini xalqaro moliya institutlari ekspertlarini jalb qilgan holda tahlil etib, baholash;

baholash natijalaridan kelib chiqib, tajriba tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va Suv xoʻjaligi vazirligi xarajatlarining sifat va miqdor koʻrsatkichlarini belgilash hamda ularni baholash tizimini joriy etish, shu asosda koʻrsatilgan vazirlik va idoralarning 2021-yil uchun byudjetlarini shakllantirish;

2021-yildan boshlab barcha vazirlik va idoralarning byudjetlari xarajatlarining samaradorlik indikatorlarini belgilagan holda maqsadli rejalashtirish tizimiga oʻtkazish va mazkur tizimni 2022-yil byudjetini shakllantirishda tatbiq etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida belgilangan shtat birliklari doirasida 5 ta shtat birligidan iborat Byudjet xarajatlari samaradorligini baholash va byudjetni rejalashtirishning dasturiy-maqsadli uslublarini joriy etish boʻlimi tashkil etilsin.

35. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi miqdorlarini tasdiqlasin.

36. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan amalga oshiriladigan xarajatlarni, shuningdek, respublika byudjetidan mablagʻ oluvchi byudjet mablagʻlari taqsimlovchilari tomonidan ularga ajratilgan byudjet mablagʻlaridan manzilli va samarali foydalanilishi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatsinlar;

2020-yil 1-sentyabrga qadar yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda vazirlik va idoralar, byudjet tashkilotlari va byudjetdan mablagʻ oluvchilar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini va javobgarligini oshirishni nazarda tutuvchi Ichki nazorat va ichki auditni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotidan boshlab moliyaviy aktivlar va majburiyatlarning oʻzgarishi bilan bogʻliq moliyaviy oʻtkazmalarni Davlat moliyasi statistikasining xalqaro standartlaridan kelib chiqib, hisobotda aks ettirsin.

40. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining xarajatlarini quyidagi hajmlarda aniqlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari 113 500,0 mlrd soʻm miqdorida;

byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining xarajatlari 26 260,0 mlrd soʻm miqdorida;

Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining xarajatlari 426,0 mlrd soʻm miqdorida.

41. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi davlat moliyasini boshqarish, buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotlarni shakllantirish, shuningdek, byudjet muassasalarida ishlovchi ishchi xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar hisobini toʻliq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish boʻyicha axborot dasturlarining uzluksiz faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetining qoʻshimcha mablagʻlari hisobiga server va telekommunikatsion qurilmalarini yangilasin.

42. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

43. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 30-dekabr


44 224
O'zA