O‘zA O`zbek

10.04.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini  rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi va 2019-2022 yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish konsepsiyasi doirasida tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va undan barchaning foydalana olish imkoniyatini taʼminlash, tibbiyot ilm-fanining zamonaviy yutuqlari va texnologiyalarini joriy etish, aholi sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Aholi salomatligini taʼminlash, tibbiy-sanitar yordam koʻrsatish, turli xil, ayniqsa surunkali kasalliklar profilaktikasida va ularni davolashda sifat, xavfsizlik va samaradorlik jihatidan amalda sinalgan xalq tabobati muhim oʻrin tutadi.

Oʻtgan davr ichida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida xalq tabiblari tomonidan xizmatlar koʻrsatish sohasida huquqiy baza shakllantirildi, Oʻzbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tashkil etildi, xalq tabobatining usullari va yutuqlarini samarali va xavfsiz tarzda qoʻllash uchun birinchi navbatdagi shart-sharoitlar yaratildi, uni rivojlantirishning asosiy maqsadlari va yoʻnalishlari belgilab berildi.

Shu bilan birga, amalga oshirilgan ishlar tahlili xalq tabobati xizmatlarini koʻrsatishni, uning usullari samaradorligini baholash mexanizmlarini yana-da takomillashtirish, xalq tabobatini zamonaviy sogʻliqni saqlash tizimiga izchil integratsiyalash, ushbu yoʻnalishda mutaxassislar va boshqa tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish zarurati mavjudligidan dalolat bermoqda.

Xalq tabobatining kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha samarali usullarini zamonaviy tibbiyot amaliyotiga jadal integratsiyalash, fuqarolar salomatligini yana-da mustahkamlash, ushbu sohada mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida:

1. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan Xalq tabobati sohasidagi 2014-2023 yillarga moʻljallangan strategiya amalga oshirilayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin. Uning maqsadi quyidagi yoʻnalishlarda aʼzo mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat:

salomatlik, osoyishtalik, insonlarga qaratilgan tibbiy-sanitar yordam koʻrsatishni taʼminlash, tibbiy-sanitariya xizmatlari sifatini oshirish, sogʻliqni saqlash xizmatlari bilan yalpi qamrab olishni kengaytirish hamda isteʼmolchilarga oʻz sogʻligʻi haqida gʻamxoʻrlik qilish borasida ongli tanlov uchun imkoniyatlar yaratishda xalq tabobatining salohiyatidan foydalanish;

meʼyorlar va qoidalarni belgilash, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish hamda xalq tabobati mahsulotlari va amaliyotini sogʻliqni saqlash tizimiga integratsiyalash, kadrlar malakasini oshirish, davolash koʻnikmalari, xizmatlari va usullarini takomillashtirish yoʻli bilan xalq tabobatini xavfsiz va samarali qoʻllashga lozim darajada koʻmaklashish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining ekspertlarini jalb qilgan holda, Oʻzbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi, “Tabobat” akademiyasi va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-2025 yillarda Oʻzbekistonda xalq tabobatini rivojlantirish konsepsiyasini maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar) hamda uni amalga oshirishga doir yillar boʻyicha “Yoʻl xaritasi” bilan birgalikda tasdiqlashni nazarda tutuvchi qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Ushbu Konsepsiyani ishlab chiqishda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilsin:

taklif etilayotgan chora-tadbirlarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi PF–5590-son Farmoni bilan tasdiqlangan va hozirda amalga oshirilayotgan 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi bilan uzviy bogʻliqligi;

aniq mexanizmlar va bosqichlarni koʻrsatgan holda, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Xalq tabobati sohasidagi 2014-2023 yillarga moʻljallangan strategiyasida nazarda tutilgan tavsiyalar va takliflarni amalda bajarish;

Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, Vyetnam, Fransiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarning xalq tabobatini rivojlantirish borasidagi ilgʻor institutsional tajribasini, shu jumladan, joyiga borib keng oʻrganish;

oʻtkazilgan tahlillar va tadqiqotlar asosida xalq tabobati vositalari va usullarining sifati hamda xavfsizligini tartibga solishning institutsional mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, uning asosiy yoʻnalishlarini rivojlantirish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasining 2020-yil 1-maydan:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan, davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomiga ega Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi (keyingi oʻrinlarda – Respublika markazi);

tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida mazkur qarorning 8-bandida koʻrsatilgan moliyalashtirish manbalari bilan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Xalq tabobatini rivojlantirish markazlarini (keyingi oʻrinlarda – Hududiy markazlar) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

4. Quyidagilar Respublika markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:

xalq tabobati usullaridan, shu jumladan, oʻzbek xalq tabobatining tarixiy anʼanalari va oʻziga xos merosidan foydalangan holda kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qoʻyish va davolash, shuningdek, boshqa tibbiy xizmatlar koʻrsatishning samaradorligini tahlil qilish va oʻrganish;

xalq tabobatining asosiy yoʻnalishlarini (fitoterapiya, akupunktura, ayurveda, gomeopatiya, yoga, moksoterapiya, naturopatiya, osteopatiya, termal tibbiyot, xiro-amaliyot, sigun va boshqalar) rivojlantirish, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlashda va zamonaviy tibbiyotda ularni qoʻllash boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlar tayyorlash;

xalq tabobatini kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qoʻyish va davolash masalalarida zamonaviy tibbiyotga integratsiyalash boʻyicha, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot va laboratoriya tadqiqotlari oʻtkazish orqali takliflar tayyorlash;

xalq tabobatida foydalaniladigan oʻsimliklarni oʻstirish va oʻsimlik koʻrinishida boʻlmagan xomashyo tayyorlashni, ushbu yoʻnalishda laboratoriya va ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishni tashkil etish, shuningdek, xalq tabobatida eng koʻp ishlatiladigan oʻsimliklar va xomashyoni oʻstirishni mahalliylashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;

xalq tabobati boʻyicha mutaxassislarni, tibbiyot xodimlarini va tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni Hududiy markazlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

fuqarolar salomatligini taʼminlashda xalq tabobatining rolini oshirish borasidagi muammolarni oʻrganish va takliflar tayyorlash yuzasidan ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;

xorijiy mamlakatlarning xalq tabobati vakili boʻlgan tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik qilish, mamlakatimizda xalq tabobatini yana-da rivojlantirish masalalari boʻyicha birgalikda anjumanlar, forumlar va boshqa tadbirlar oʻtkazish.

5. Quyidagilar:

Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Xalq tabobatini rivojlantirish markazlari tashkil qilinayotgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalari va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Belgilansinki:

Respublika markazi xalq tabobati sohasida bosh muassasa, Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasi esa ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha klinik baza hisoblanadi;

Respublika markazi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) tashkiliy tuzilmasiga kiradi va unga hisobdor boʻladi;

Respublika markaziga Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;

Respublika markazi direktori mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha Vazirlik bosh boshqarmasining boshligʻiga tenglashtiriladi;

Respublika markazi Vazirlikning ilmiy-amaliy, tadqiqot va boshqa muassasalarini optimallashtirish hisobiga toʻldiriladi;

Hududiy markazlar Respublika markazining joylardagi boʻlinmalari hisoblanadi, Respublika markazi ularga metodik rahbarlik qiladi va faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Hududiy markazlarda oʻqitish Vazirlik tomonidan tasdiqlangan, Respublika markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Oʻzbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi va “Tabobat” akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha pullik asosda amalga oshiriladi;

Hududiy markazlarda oʻqitish qiymatining miqdori Respublika markazi tomonidan belgilanadi;

Hududiy markazlarga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish Vazirlik tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Hududiy markazlarning bitiruvchilariga xalq tabobati boʻyicha malaka oshirganlik toʻgʻrisida rasmiy hujjat deb tan olinadigan belgilangan shakldagi sertifikat beriladi;

xalq tabobati boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarga Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi xalq tabobatining tegishli yoʻnalishlarida faoliyat olib borish huquqini beruvchi guvohnoma beriladi;

Hududiy markazlarning direktorlari Respublika markazi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi;

Hududiy markazlarda oʻqituvchilik faoliyatiga tibbiyot va farmatsevtika oliy taʼlim muassasalari hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining professor-oʻqituvchilar tarkibi, xalq tabobati boʻyicha mutaxassislar va tibbiyot xodimlari jalb qilinadi;

Hududiy markazlar xodimlariga tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida tegishli lavozimlar uchun oʻrnatilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;

talab yuqori boʻlgan dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va tayyorlash hamda xalq tabobati sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda tegishli tibbiyot oliy taʼlim muassasalari va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari balansida turadigan va Hududiy markazlarga doimiy foydalanish uchun beriladigan 1 gektargacha boʻlgan maydonga ega mini-plantatsiyalar (keyingi oʻrinlarda – mini-plantatsiyalar) tashkil qilinadi;

Hududiy markazlarda ilgʻor ilmiy izlanishlar va tadqiqot ishlari olib borish uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish hamda ularni zarur asbob-uskunalar, texnika va boshqa moddiy-texnik resurslar bilan jihozlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Vazirlik, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi va “Tabobat” akademiyasi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyulga qadar muddatda mini-plantatsiyalar tashkil qilish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni tanlash va ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash ishlarini amalga oshirsin.

8. Hududiy markazlar faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar, shu jumladan, xalq tabobati boʻyicha mutaxassislarni, tibbiyot xodimlarini va tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishdan tushgan mablagʻlar;

xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari grantlari;

tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlari (grantlar, texnik koʻmaklar
va boshqalar);

yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning xayriya mablagʻlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

9. Vazirlik va Oʻzbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasining 2020-yil 1-maydan quyidagilarda xalq tabobati xonalarini ochish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

tuman (shahar), viloyat va respublika darajasidagi davlat koʻp tarmoqli tibbiyot muassasalarida va ushbu muassasalar tibbiyot xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 1 nafardan shtat birligini ajratish orqali ularni toʻldirish;

nodavlat tibbiyot tashkilotlarida.

Vazirlik bir oy muddatda ushbu band talablarini hisobga olgan holda nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan tibbiy faoliyatni amalga oshirishning litsenziya talablari va shartlarini qayta koʻrib chiqish qismi boʻyicha qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni taʼminlasin.

10. Vazirlik ikki hafta muddatda quyidagilarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

Hududiy markazlarning tuzilmasi va nizomi;

Hududiy markazlarda tinglovchilarni oʻqitish dasturi;

kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qoʻyish va davolash masalalarida xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot bilan hamkorligi va integratsiyasini nazorat qilish mexanizmlari hamda tartibi.

11. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan xalq tabobati usullarini qoʻllagan holda kasalliklarni davolash uchun tavsiya etiladigan hamda mahalliy tabiiy va oʻsimliklardan olinadigan xalq tabobati dori vositalari roʻyxati shakllantirilganligi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3968-son qarorida xalq tabobati usullaridan foydalangan holda xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribasi, koʻrsatadigan xizmat turlari, aloqa va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish koʻzda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Vazirlik Fanlar akademiyasi bilan birgalikda mazkur maʼlumotlar bazasiga xalq tabobati usullarini qoʻllagan holda kasalliklarni davolash uchun tavsiya etiladigan tabiiy va oʻsimliklardan olinadigan dorilar, xalq tabobati vositalari, shuningdek, xalq tabobati usullaridan foydalangan holda xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish choralarini koʻrsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

har yilgi davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari loyihalarini shakllantirishda xalq tabobati boʻyicha ilmiy-tadqiqot loyihalari uchun tanlov eʼlon qilinishini taʼminlasin;

Vazirlikning asoslantirilgan hisob-kitoblari va Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Kuzatuv kengashi qarorlari asosida Jamgʻarma mablagʻlarini mazkur qarorga muvofiq Hududiy markazlarda zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish va ularni zarur asbob-uskunalar, texnika va boshqa moddiy-texnik resurslar bilan jihozlash uchun yoʻnaltirishni taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Respublika markazi buyurtmanomalariga asosan Hududiy markazlar faoliyatini va keyinchalik ishlashini tashkil etish maqsadida xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb qilish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishi (muddati uzaytirilishi), shuningdek, ushbu xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishi (muddati uzaytirilishi)ni belgilangan toʻlovlarni undirmagan holda taʼminlasin.

14. Vazirlik:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

uch oy muddatda Hududiy markazlar faoliyatini va keyinchalik ishlashini tashkil etish jarayoniga xorijiy davlatlardan, shu jumladan, xalq tabobati eng yaxshi rivojlangan Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, Vyetnam, Fransiya va Rossiya davlatlaridan xalq tabobati masalalari boʻyicha mutaxassis va ekspertlarni jalb qilishni taʼminlasin;

uch oy muddatda xalq tabobati sohasida istiqbolga va rivojlanish tajribasiga ega boʻlgan mamlakatlar bilan ushbu sohada hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shu jumladan, ilmiy-taʼlim loyihalari va dasturlarini amalga oshirish boʻyicha memorandum va kelishuvlarni imzolashning maqsadga muvofiqligi va mexanizmlari toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2020-yil yakuniga qadar respublikaning (tashkilotlarning) xalq tabobati sohasidagi xalqaro professional tashkilotlarga (Jahon akupunktura va moksoterapiya assotsiatsiyalari federatsiyasi, Jahon xiro-amaliyot federatsiyasi, Jahon gidroterapiya va klimatoterapiya federatsiyasi, Jahon xitoy tibbiyoti jamiyatlari federatsiyasi va boshqalarga) aʼzo boʻlishi masalasini koʻrib chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflarni kiritsin;

b) Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2020-yil 1-avgustga qadar Hududiy markazlar kutubxonalarini Abu Ali ibn Sino, Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziy, Abu Mansur Qumriy, Ismoil Jurjoniy kabi qomusiy olimlar, faylasuflar, tabiblar va xalq tabobati sohasidagi boshqa buyuk ajdodlarning ilmiy merosini oʻrganish bilan bogʻliq ishlar toʻplamlarining nusxalari bilan taʼminlasin;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi, Oʻzbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi, “Tabobat” akademiyasi va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda aholi oʻrtasida xalq tabobatining, kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qoʻyish va davolashda qoʻllaniladigan dorivor oʻsimliklarga asoslangan tabiiy mahsulotlarning afzalliklarini keng targʻib qilish choralarini koʻrsin.

15. Respublika markazi Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Parkent koʻchasi, 51-uy manzilida joylashtirilsin.

16. Vazirlik ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Mazkur qarorning bevosita ijrosini taʼminlash quyidagi shaxslar zimmasiga yuklansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha oʻrinbosari – mazkur qarorni sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida ijro qilish, masʼul vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va hokimliklar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, koʻrilgan choralar toʻgʻrisida ularning rahbarlari hisobotlarini muntazam eshitish, aniqlangan muammo va kamchiliklarni tezkor bartaraf etishni taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K.Shodmonov – Respublika markazi va Hududiy markazlar ishi samarali tashkil etilishi, ularning kelgusida faoliyat yuritishini taʼminlasin, Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini yana-da rivojlantirish masalalari boʻyicha Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, boshqa xalqaro va nohukumat tuzilmalar bilan yaqin va faol hamkorlikni oʻrnatsin;

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari B.Q.Yusupaliyev – kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qoʻyish va davolash masalalarida xalq tabobatining zamonaviy tibbiyotga bosqichma-bosqich integratsiyalashuvini, xalq tabobati usullaridan foydalangan holda xizmat koʻrsatuvchi shaxslarni xatlovdan oʻtkazish va ularni keyinchalik tegishli guruhlarga tasniflashni taʼminlasin;

masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – barcha tadbirlarni mazkur qarorga muvofiq belgilangan muddatlarda soʻzsiz va sifatli bajarsin, qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishda Vazirlikka yordam koʻrsatsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                                                                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 10-aprel


15 985
OʻzA