O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash hamda bemorlar salomatligini tiklashda nodavlat tibbiyot tashkilotlari imkoniyatlaridan foydalanish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishi asoratlarini kamaytirish, bemorlarga samarali tibbiy xizmat koʻrsatishni tashkil etish maqsadida davlat tibbiyot muassasalarida 5 mingdan ortiq oʻrin-joylar zaxirasi yaratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi
va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining (keyingi oʻrinlarda – Maxsus komissiya):

nodavlat tibbiyot tashkilotlariga shoshilinch profilaktika va epidemiyaga qarshi choralar koʻrilishini talab qiluvchi yuqumli kasalliklar qatoriga kiritilgan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga, istisno tariqasida, 2020-yil 1-sentyabrga qadar tibbiy xizmat koʻrsatishga ruxsat berish;

nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatishni faqat Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va nodavlat tibbiyot tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

3. Belgilansinki:

koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun nodavlat tibbiyot tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan, istisno tariqasida, tanlov (tender) oʻtkazmasdan aniqlanadi;

nodavlat tibbiyot tashkilotlarining koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

ushbu qarorning 2-bandi ikkinchi xatboshisida belgilangan muddat Maxsus komissiya tomonidan oʻzgartirilishi mumkin.

4. Oʻrnatilsinki, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, zarurat yuzaga kelganda Maxsus komissiya qaroriga asosan koronavirus infeksiyasini aniqlashda nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan kelishilgan holda ularning laborator-diagnostika xizmatlaridan foydalaniladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

nodavlat tibbiyot tashkilotlarida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnomalarni tezkorlik bilan tuzish;

nodavlat tibbiyot tashkilotlari tibbiyot xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda uni davolashning zamonaviy va samarali usullarini qoʻllash yuzasidan amaliy koʻnikmalarni oʻrgatish;

koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda nodavlat tibbiyot tashkilotlarining laborator-diagnostika xizmatlaridan foydalanish boʻyicha Maxsus komissiyaga taklif kiritish;

bemorlarni nodavlat tibbiyot tashkilotlariga joylashtirish va davolash natijalarining qatʼiy hisobini yuritish;

nodavlat tibbiyot tashkilotlarining xizmat koʻrsatuvchi xodimlarini shaxsiy gigiyena talablariga qatʼiy amal qilgan holda faoliyat koʻrsatishlarini taʼminlash;

nodavlat tibbiyot tashkilotlari bino-inshootlarining dezinfeksiya vositalari bilan tizimli ravishda ishlov berilishini taʼminlash;

dezinfeksiya tadbirlarini toʻliq amalga oshirish uchun yetarli miqdorda dezinfeksiya vositalari zaxirasini yaratish choralarini koʻrsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

           Prezidenti                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 26-mart.


2 675
OʻzА