O‘zA O`zbek

24.01.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Respublikada oxirgi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashadigan aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari boʻyicha yuqori natijalarni taʼminlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish va trenerlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish zarurati mavjud.

Mamlakatda yuksak madaniyatga ega boʻlgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonni shakllantirish maqsadida aholining jismoniy tarbiya va sport sohasida malaka va bilimlarini orttirishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlarni belgilash, iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya) jarayoniga innovatsion shakllar va usullarni joriy etish maqsadida:

1. Quyidagilar jismoniy tarbiya va sport tizimini isloh qilishning 2025-yilgacha asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanayotgan aholining umumiy sonini 30 foizgacha, sport tashkilot va muassasalarida shugʻullanayotgan yoshlarning umumiy sonini 20 foizgacha oshirish;

davlat sport taʼlimi muassasalarida trener va mutaxassislarning sifat tarkibi, xususan, oliy maʼlumotli xodimlar sonini bosqichma-bosqich 80 foizgacha yetkazish;

joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof toʻrt bosqichli – tashkilot-tuman (shahar)-hudud-respublika tizimini ishlab chiqish va joriy etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi sport maktablari oʻquvchi-sportchilari oʻrtasida “Bolalar sport oʻyinlari”ni oʻtkazish orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash va yoshlar terma jamoalariga zaxira yaratish hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Talabalar sport oʻyinlari”ni tashkil etish natijasida talabalarni sport bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish;

aholining keng qatlamlari, jumladan, umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari, professional va oliy taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalari oʻrtasida jismoniy tarbiyani ommalashtirish, ular orasida iqtidorlilarini aniqlash maqsadida “Umumtaʼlim maktab sporti” festivali, “Jismoniy tayyorgarligi rivojlangan muassasa” koʻrik-tanlovini bosqichma-bosqich (tuman/shahar, hudud, respublika) oʻtkazish tizimini ishlab chiqish va jismoniy tayyorgarlik darajasi rivojlangan eng yaxshi umumtaʼlim maktabi, professional va oliy taʼlim muassasasi nominatsiyasini joriy etish;

2020-yildan boshlab sport sohasida “Tashkent Marathon” xalqaro marafoni, “Save Aral” xalqaro ekomarafoni, avtoralli va motokross sport musobaqalarini tizimli oʻtkazish orqali sport turizmini rivojlantirish;

aholining barcha qatlamlari oʻrtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sinovlarini oʻtkazishni joriy etish;

sport turlari boʻyicha terma jamoalar sportchilari uchun ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish, tayyorgarlik jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sport sohasida samarali tibbiy va farmakologik taʼminotni yoʻlga qoʻyish;

sport turlari boʻyicha 18 yoshgacha boʻlgan hududiy terma jamoa aʼzolarini hududiy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining oʻsmirlar boʻlimlarida va undan katta yoshdagi hududiy terma jamoa aʼzolarini tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida muntazam ravishda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazib borish mexanizmini joriy etish;

2020-yil 1-fevraldan boshlab bosqichma-bosqich olimpiya sport turlari boʻyicha respublika sport musobaqalarida doping-test namunalarini olish tizimini joriy etish;

qishki Olimpiya sport turlari infratuzilmasini yaratish, ushbu sport turlarini ommaviylashtirish orqali professional sportchilarni tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish;

Oʻzbekiston sport delegatsiyalarini nufuzli sport musobaqalariga tizimli tayyorlash boʻyicha Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanida Olimpiya tayyorgarlik markazini tashkil etish;

xorijlik sportchi va muxlislarni keng jalb qilish hamda sport infratuzilmasidan samarali foydalanish maqsadida “xospitaliti xizmatlari”ni yoʻlga qoʻyish, “Sport Visa” qoʻshimcha (elektron boʻlmagan) kirish vizasini joriy etish;

sport sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirish, shu jumladan, sport tashkilotlarida davlat ulushini kamaytirish boʻyicha zarur choralar belgilash;

sport lotereyalarini tashkil etish orqali sportni qoʻshimcha moliyalashtirish tizimini kengaytirish;

huquqni muhofaza qilish organlari va Qurolli Kuchlar tizimidagi taʼlim muassasalari, jumladan, “Temurbeklar maktabi” oʻquvchi-talabalari uchun “Armiya oʻyinlari” dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha fakultativ mashgʻulotlar va toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, sport inshootlari va muassasalarining boshqaruv tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, jumladan, “Sport.uz” axborot tizimi orqali sport inshootlarining telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini taʼminlash;

milliy sport turlarini rivojlantirish va ommaviyligini oshirish, ularni Osiyo va Olimpiya oʻyinlari dasturlariga kiritish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

2. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2020-yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;

Respublika tuman (shahar)larni ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan sport turlariga ixtisoslashtirish roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Konsepsiyada nazarda tutilgan maqsadli koʻrsatkichlar va asosiy yoʻnalishlar har yili Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan, shuningdek, ushbu tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan “Yoʻl xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

har yili 1-noyabrga qadar kelgusi yil uchun sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi (keyingi oʻrinlarda – respublika kalendar rejasi) sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalar) taqdimnomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan shakllantiriladi va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi;

respublika kalendar rejasida belgilangan xarajatlar tarkibida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalar)ning faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, sportchilarni sugʻurtalash xarajatlari nazarda tutiladi;

tasdiqlangan respublika kalendar rejasiga asosan hududiy hamda tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari tomonidan har yili 1-dekabrga qadar tasdiqlanadi;

sportchi yoshlarni saralash va katta sportga iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya), sport zaxirasini shakllantirish tizimini yoʻlga qoʻyish, yoshlar orasida sportni ommalashtirishda yuqori natijalarga erishish maqsadida hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, umumtaʼlim maktablari oliy taʼlim muassasalari kamida bittadan ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan, shu jumladan, milliy sport turlariga ixtisoslashtiriladi;

ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari biriktirilgan hududlarda, shu jumladan, mahalla fuqarolar yigʻinlarida aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish boʻyicha masʼul etib belgilanadi.

4. Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari:

jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qoʻllab-quvvatlash va ularning inshootlari infratuzilmasini rivojlantirish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasining byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjeti, tuman (shahar) byudjetlari daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan mablagʻlarni hududiy sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini qoʻshimcha moliyalashtirish uchun yoʻnaltirish;

respublika sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarini sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sinovlarini oʻtkazish, aholi va yoshlar oʻrtasida bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini har chorakda muhokama etib borish;

tegishli hududda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish hamda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport tashkilotlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha masʼul hisoblanadi.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik, idora va tashkilotlar, oʻz tasarrufida boʻlgan yoki tegishli hududda joylashgan ochiq sport obyektlari (stadion, futbol maydoni va boshqa sport obyektlari) hamda istirohat bogʻlarida (xususiy tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlar bundan mustasno) aholining yugurish, yurish va badantarbiya turlari bilan bepul shugʻullanishi uchun sharoit yaratsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining:

vazirlik markaziy apparati tuzilmasidagi jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring boshqarmasi negizida Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasini tashkil etish;

sport pasportini rasmiylashtirish va berish uchun yigʻimni pul toʻlovi amalga oshirilayotgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilash;

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda taʼlim muassasalarining sport inshootlarini, ularda rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʻyicha investitsiya majburiyatini olgan holda, oʻquv mashgʻulotlaridan boʻsh vaqtda tadbirkorlik subyektlariga foydalanishga berish;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda sport lotereyalarini tashkil etish va yuridik shaxslar tomonidan sport lotereyalarini oʻtkazishdan olingan daromadning 10 foizigacha boʻlgan qismini byudjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami mablagʻlarini shakllantirishning qoʻshimcha manbasi etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tuman va shahar boʻlimlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tizimdagi sport maktablari va kollejlari oʻquv sinf va laboratoriya xonalari hamda yotoqxonalarini jihozlash uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligining byudjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqamiga 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan 50 milliard soʻm mablagʻ ajratsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda “Milliy bank” AJ jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini moliyalashtirish uchun 200 million yevro, shu jumladan, 2020-yilda 50 million yevro miqdorida xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kredit mablagʻlarini (keyingi oʻrinlarda – kredit mablagʻlari) jalb qilsin.

9. Belgilab qoʻyilsinki, loyiha tashabbuskorlariga:

2020-2021 yillarda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish uchun ajratiladigan tijorat banklarining summasi 10 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan milliy valyutadagi kreditlar uchun – asosiy stavkadan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan qoplab beriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu imtiyozlar uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga belgilangan tartibda ajratsin;

kredit mablagʻlari jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini barpo etishda innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan foydalanishni nazarda tutuvchi namunaviy loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Qurilish vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda bir oy muddatda ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi, taʼlim muassasalari va boshqa obyektlarning quvvati hamda mazkur bandda koʻrsatilgan talablardan kelib chiqib, har bir sport turlari boʻyicha barpo etiladigan sport obyektlarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.

10. 2020-yilda xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kreditlari hisobidan respublika hududlarida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish boʻyicha istiqbolli loyihalarning yigʻma koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni:

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tarkibidagi sport taʼlimi muassasalarining shtat birliklari doirasida sport diyetologi, sport psixologi, sport farmakologi, massajchi va seleksiya boʻyicha trener lavozimlari hamda respublika oliy sport mahorati maktablarida har bir sport turi boʻyicha Bosh trener-seleksioner lavozimini joriy etish;

sport muassasalarining xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida sport tayyorgarligidan oʻtayotgan oʻquvchi-sportchining sportdagi natijalari yaxshilanganda va u boshqa yuqori darajadagi sport taʼlimi muassasasiga oʻtkazilganda, uni tayyorlagan trenerga bir oylik ish haqi miqdorida bir martalik mukofot puli toʻlash;

sport maktablari erishgan natijalariga koʻra ular maqomini qayta koʻrib chiqish va belgilash tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligining 2020-yil 1-fevraldan boshlab sport sohasidagi yutuqlarni munosib ravishda ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda gʻolib va sovrindor (1-3 oʻrin) boʻlgan sportchi-oʻquvchilarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan oliy taʼlim muassasalariga (tibbiyot yoʻnalishidan tashqari) qoʻshimcha davlat granti asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilish;

b) “Bolalar sport oʻyinlari”ning jamoaviy oʻyin turlari boʻyicha respublika bosqichi:

gʻoliblariga (1-oʻrin) oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida soha boʻyicha mutaxassislik fanidan maksimal ball olish huquqini beruvchi, uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilish;

gʻolib va sovrindorlarni (1-3 oʻrin) tayyorlagan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini respublika kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan egallagan 1-oʻrin uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 6 baravari, 2-oʻrin uchun – 4 baravari, 3-oʻrin uchun – 3 baravari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlash;

v) umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan jismoniy tarbiya fan olimpiadasining gʻolib va sovrindorlarini (1-3 oʻrin) tayyorlagan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari va sport taʼlim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmasdan, ularga:

tuman (shahar) bosqichi gʻolib va sovrindorlarini (1-3 oʻrin) tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasini;

viloyat bosqichi gʻolib va sovrindorlarini (1-3 oʻrin) tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasini;

respublika va xalqaro musobaqalar gʻolib va sovrindorlarini (1-3 oʻrin) tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasini toʻgʻridan-toʻgʻri berish;

g) olimpiya sport turlari boʻyicha respublika (1-oʻrin) va xalqaro musobaqalarda (Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida 1-3 oʻrinlar) gʻolib chiqqan oliy taʼlim muassasalari talabalarini tayyorlagan jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi kafedralar oʻqituvchilariga navbatdagi ilmiy unvonlarni (dotsent, professor) toʻgʻridan-toʻgʻri berish.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Moliya vazirligining:

sport maktablarining oʻquv dasturlarida oʻquv mashqlar soatini qisqartirish hisobiga ushbu maktablardagi trener-oʻqituvchilarning bazaviy tarif stavkasi har haftadagi bevosita oʻquv-mashq ishlarining 24 akademik soati uchun belgilash;

bosqichma-bosqich tuman (shahar) bolalar va oʻsmirlar sport maktablaridagi bosh hisobchi lavozimlari hisobidan tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport boʻlimlarida markazlashgan buxgalteriya xizmatini joriy etish hamda unga tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarning hisobini yuritishni yuklash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida, uning hududiy boshqarmalari tuzilmasiga qoʻshimcha 28 ta boshqaruv xodimi shtat birliklari kiritilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2020/2021 oʻquv yiliga qadar oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining davlat taʼlim standartlari, malaka talablari va fan dasturlarini takomillashtirsin hamda bitiruvchilarga jismoniy tarbiya oʻqituvchisi va ixtisoslashgan sport turi boʻyicha trener kvalifikatsiyasini berish amaliyotini joriy etsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalar) bilan birgalikda hududlarda ixtisoslashtirilgan tuman (shahar), umumtaʼlim maktablari hamda oliy taʼlim muassasalarini sport yoʻnalishlari boʻyicha zarur oʻquv adabiyotlar, metodik qoʻllanmalar va yoʻriqnomalar bilan taʼminlash boʻyicha tegishli choralarni koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “Milliy bank” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2020-yilning 1-iyuniga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida yagona elektron boshqaruv tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda davlat byudjetidan sport sohasi uchun, shuningdek, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika va hududiy kalendar rejalari uchun ajratiladigan mablagʻlar taqsimlanishi va ishlatilishining toʻliq nazoratini amalga oshirish, ular boʻyicha hisobotlarni shakllantirish, sport muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlar tushumlarini nazorat qilish va ishlatilishi shaffofligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur Farmon ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov – mazkur Farmon ijrosini sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida taʼminlash, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etsin;

Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.H.Nabiyev – Konsepsiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish, Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar koʻrilishini taʼminlasin, jismoniy tarbiya va sportni aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida ommalashtirish borasida sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalar) bilan yaqindan hamkorlik qilsin, sohada taʼsirchan jamoatchilik nazoratini tashkil etsin, mazkur Farmonda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin hamda uning ijrosi boʻyicha har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I.Zokirov –innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan sport zallari (boks, kurash, fitnes, gimnastika), futbol, voleybol, basketbol, badminton va tennis maydonlarining namunaviy loyihalari ishlab chiqilishini hamda ushbu sohada mavjud qurilish norma va standartlari qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin, shuningdek, qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari – hududlarni ustuvor, istiqboldagi hamda rivojlanayotgan sport turlariga ixtisoslashtirish boʻyicha ishlarni samarali tashkil qilsin, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga muvofiq hududiy sport musobaqalarini toʻliq hajmda moliyalashtirish hamda yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha zarur choralarni koʻrsinlar;

masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlariKonsepsiya va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, ishchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish yuzasidan barcha choralarni amalga oshirsinlar;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori v.b. K.I.Allamjonov – mazkur Farmonning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsinlar.

Oʻzbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 24-yanvar


24 194
O'zA