O‘zA O`zbek

02.08.2018 00:45 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Ta’kidlash lozimki, mamlakatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish uchun eng qulay investitsiya muhitini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat boshqaruvini isloh qilish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvni cheklash, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish va soddalashtirish, tovarlar (ishlar va xizmatlar)dan erkin foydalanishni ta’minlash, shuningdek, hududlarda zarur infratuzilmani yaratish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Soliq yukini kamaytirish va investorlar uchun soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan soliq siyosati va bojxona-tarif jihatdan tartibga solish islohotlari jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, investorlar bilan ishlashda, ayniqsa, joylarda, investorlarning tashabbuslari barcha darajadagi hokimliklar tomonidan lozim darajada qo‘llab-quvvatlanmasligi, bu borada vazirlik va idoralar faoliyati aniq muvofiqlashtirilmaganligi bilan bog‘liq byurokratik to‘siq va g‘ovlar hali ham mavjudligi qulay investitsiya muhitini shakllantirish bo‘yicha davlat siyosatining izchilligiga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, investorlarning bu boradagi davlat siyosatining izchilligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va investorlar bilan ishlashda davlat tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish maqsadida:

1. 2018 yil 1 avgustdan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

insofli faoliyat yuritgan investor va tadbirkorlik subyektiga davlat organi (mansabdor shaxs) tomonidan ularga nisbatan qabul qilingan ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonishi sababli kelib chiqqan mulkiy zararning o‘rni qoplanadi, agarda ushbu hujjatning qonuniy kuchiga ishonib mol-mulkdan foydalangan, bitim tuzgan yoki taqdim etilgan afzallik va ustunliklardan boshqacha tarzda foydalangan hamda mazkur hujjat keyinchalik haqiqiy emas deb topilgan yoki bekor qilingan bo‘lsa;

davlat organi (mansabdor shaxs)ning ma’muriy hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi, agar u insofli investor va tadbirkorlik subyektining qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lsa, sud tartibida ko‘rib chiqiladi, uning saqlab qolinishi jamoat manfaatlariga tahdid solayotgan hollar bundan mustasno.

2. Belgilansinki, 2018 yil 1 sentyabrdan:

davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yiladi;

yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar

va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat beriladi;

jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma’muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi.

3. Belgilab qo‘yilsinki, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishga faqat quyidagi maqsadlarda yo‘l qo‘yiladi:

mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;

xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;

avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obyektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obyektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi obyektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obyektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);

aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan obyektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

4. 2018 yil 1 oktyabrdan investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berishning quyidagi yangi mexanizmlari joriy etilsin:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini 50 yilgacha muddatga, lekin arizada ko‘rsatilganidan kam bo‘lmagan muddatga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijaraga berish;

ko‘chmas mulk obyektlarini (mehmonxonalar, savdo obyektlari, madaniy-ko‘ngilochar majmualar, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, ta’lim va tibbiyot tashkilotlari, yo‘l infratuzilmasi va boshqalar) qurish uchun yer uchastkalariga doimiy egalik qilish huquqini auksion orqali sotish.

5. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tuman (shahar) hokimlariga chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini 50 yilgacha muddatga, lekin arizada ko‘rsatilganidan kam bo‘lmagan muddatga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijaraga berish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida va tartibda 10 million AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan ekvivalentda chet el investitsiyasi ulushi bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalarini tuzish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga umumiy maydoni 2000 kvadrat metrdan ortiq, lekin 5000 kvadrat metrdan ko‘p bo‘lmagan, foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 iyundagi “Davlat mulki obyektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3067-son qarorining 1 va 2-ilovalarida ko‘rsatilgan obyektlar bundan mustasno) investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sotish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi berilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi

hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:

chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondidagi xorijiy investitsiyalar ulushining eng kam miqdorini 30 foizdan 15 foizgacha kamaytirish;

chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonaning ishtirokchisi sifatida xorijiy yuridik shaxs qatnashishi shartligi to‘g‘risidagi talabni bekor qilish;

chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondining eng kam miqdorini 600 million so‘mdan 400 million so‘mgacha kamaytirish;

chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdorini uch baravarga kamaytirish;

aksiyadorlik jamiyatlari ustav fondining eng kam miqdorini 400 million so‘m miqdorida belgilash;

meva-sabzavot mahsulotlariga eksport kontraktlarini “O‘zagroeksport” AJ tomonidan e’lon qilingan narxlardan past bo‘lmagan narxlar bo‘yicha tuzish, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport kontraktini tuzmasdan, “O‘zagroeksport” AJ rasmiy veb-saytida qayd etilgan narxlardan past bo‘lmagan narxlar bo‘yicha invoys asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibini bekor qilish haqidagi takliflari ma’qullansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmurodov:

vakolatli organlardan har birining huquqlaridan kelib chiqqan holda ularning chet el investitsiyalarini jalb etish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan faoliyatini ta’minlasin;

vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilarning ushbu sohadagi asosiy vazifalarning bajarilishini baholagan holda davlat investitsiya siyosatining amalga oshirilishi to‘g‘risidagi oylik hisobotlarini eshitishlarni, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini qo‘llagan holda o‘tkazsin;

xorijiy investorlarni mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati, biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar to‘g‘risida keng xabardor qilish maqsadida xalqaro konferensiyalar, seminarlar, yirik investitsiya forumlarini tashkil etish orqali chet el investitsiyalarini jalb etishni kengaytirsin.

8. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga – investitsiya muhitini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning samarali amalga oshirilishi, xorijiy investorlarga zarur ko‘mak ko‘rsatilishi, investitsiya buyurtmanomalari sifatli va tezkor ko‘rib chiqilishi, investitsiya buyurtmanomalari bo‘yicha kelishish tartib-taomillari o‘tkazilishi, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va investitsiya faoliyati sohasidagi muammoli masalalarning hal qilinishi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar

va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – xorijiy investorlarga barcha

zarur ko‘mak ko‘rsatilishi, investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni o‘rnatish orqali investitsiya buyurtmanomalarining tezkor ko‘rib chiqilishi, investorlarning tizimli ravishda shaxsan qabul qilinishi, tegishli infratuzilmaning ta’minlanishi, yer uchastkalari ajratilishi, ruxsat beruvchi hujjatlar berilishi, investitsiya buyurtmanomalari bo‘yicha kelishish tartib-taomillarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi, investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tizimli monitoring qilinishi;

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbari zimmasiga – faoliyat yuritmayotgan yoki qurilishi tugallanmagan obyektlar, samarasiz foydalanilayotgan ishlab chiqarish binolari hamda yer maydonlarining ularda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun puxta xatlovdan o‘tkazilishi;

“O‘zbekenergo” AJ raisi, “O‘ztransgaz” AJ raisi, O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – investorlarning ishlab chiqarish obyektlari qurilishi va ularning tashqi infratuzilmaga ulanishi, investorlarning ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiq elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv bilan uzluksiz hamda tashqi kanalizatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanishi;

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi zimmasiga – investorlarga respublika hududlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda maslahat ko‘magining ko‘rsatilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. Investitsiya kiritish vaqtida O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan eng kam oylik ish haqining 8500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda xo‘jalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek, xorijiy korxona tashkil etish shaklida O‘zbekiston Respublikasiga investitsiya kiritgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ko‘p martalik uch yillik viza olish va uning amal qilish muddatini O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish huquqi berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mamlakat iqtisodiyotining ustuvor sohalariga katta miqdorda investitsiya kiritgan chet el fuqarolariga “Faxriy fuqaro” maqomini berish tartibini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

10. Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha

chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda investitsiya kiritish uchun eng qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan, investitsiya faoliyati sohasidagi unifikatsiya qilingan qonun hujjati loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, bo‘ysunuvidan qat’i nazar, barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan investorlarning huquq va kafolatlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin hamda qonun hujjatlari buzilishining oldini olish va aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda:

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni investitsiya faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan yoki uni murakkablashtirayotgan norma va qoidalarni aniqlash nuqtai nazaridan to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rsin.

14. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmurodov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi PrezidentiSh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2018 yil 1 avgust

9 601