O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mustaqillik yillarida xalqimizning boy tarixi va madaniyatining ajralmas bir qismini tashkil etadigan, ma’naviy taraqqiyotimiz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy qo‘lyozmalar, san’at asarlari, osori- atiqalarni saqlash, ularni ilmiy tadqiq etish, yurtimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida targ‘ib qilish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Ana shunday noyob tarixiy-madaniy ashyolar nafaqat xalqimiz madaniyatining nodir durdonalari, balki jahon miqyosidagi yirik kolleksiyalar hisoblanadi.
Shu bilan birga, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid ko‘plab qimmatbaho eksponatlar xorijiy davlatlarning muzeylari va arxiv fondlarida saqlanmoqda. Ushbu madaniy meros yodgorliklarini aniqlash va tadqiq etish, imkon qadar mamlakatimizga olib kelish yuzasidan keyingi yillarda muayyan ishlar qilindi.
Ayni vaqtda xalqimiz, xususan, yoshlarimizni ana shu bebaho ma’naviy boylikdan bahramand etish, tariximiz va madaniyatimizning noma’lum sahifalarini chuqur o‘rganish, chet ellardagi O‘zbekistonga oid madaniy boyliklar haqida to‘liq ma’lumotlar bazasini yaratish, bu yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, “O‘zarxiv” agentligining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
milliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, chet ellarda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni aniqlash, ularning to‘liq ma’lumotlar bazasi – reyestrini yaratish va uni muntazam yangilab borish, shuningdek, ana shu tarixiy eksponatlarning asl yoki ko‘chirma nusxalarini, foto va videotasvirlarini yurtimizga olib kelish, tegishli ilmiy markazlar, xususan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borib, erishilgan natijalarni ilmiy muomalaga kiritish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;
faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha xorijiy davlatlardagi muzey va fondlar, arxivlar, ilmiy-madaniy muassasalar bilan o‘zaro madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, turli anjumanlar, konferensiya va ko‘rgazmalar tashkil etish;
chet mamlakatlarda saqlanayotgan madaniy boyliklarni yurtimizga qaytarish yuzasidan muzokaralar olib borish va zarur chora-tadbirlar ko‘rish, bu borada xalqaro miqyosdagi ilg‘or tajribani o‘rganish va amaliyotga joriy etish;
madaniy boyliklarning olib kirilishi va olib chiqilishi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi va samarali bajarilishini tahlil qilish, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, xalqaro shartnomalar va umume’tirof etilgan normalarni milliy qonunchiligimiz nuqtai nazaridan atroflicha o‘rganish;
xorijdagi mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni ommaviy axborot vositalarida, jumladan, global internet tarmog‘ida keng yoritish, ular haqidagi bibliografik to‘plamlar, kataloglar, kitob-albomlar va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etib borish;
to‘plangan materiallarni mamlakatimiz va jahon miqyosida ilmiy muomalaga kiritish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining tarkibiy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Markaz direktoriga, zarurat tug‘ilgan hollarda, Markazning tarkibiy tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.
4. O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Markaz tomonidan mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish yuzasidan olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish;
Markazning yillik faoliyat rejasini tasdiqlash va uning amalga oshirilishi uchun ko‘maklashish, shuningdek, zaruratdan kelib chiqqan holda, Markazga yuklangan asosiy vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, Markazning taklifiga asosan uning mutaxassislari va boshqa tashkilotlardan Markazga jalb qilinadigan ekspertlarni xorijiy davlatlarga safarlarga jo‘natish ishlarini muvofiqlashtirish;
har chorak yakuni bo‘yicha Markaz hisobotlarini eshitish, uning faoliyati samarasi va natijadorligini baholash;
mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va bu borada zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
Markaz Komissiyaning ishchi organi hamda Markaz direktori, lavozimiga ko‘ra, Komissiyaning mas’ul kotibi hisoblanadi;
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamenti mutasaddiligida faoliyat yuritadigan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi hisoblanadi;
Markaz direktori va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Markaz xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llanadi;
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik institutining Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Mustaqillik maydoni, 2-uy manzilidagi binosiga bepul foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi;
Markaz faoliyati natijasida xorijda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarning asl yoki ko‘chirma nusxalari, foto va videotasvirlari O‘zbekiston Respublikasiga olib kelinganida (qaytarilganida), zarur ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilganidan so‘ng, ular Komissiyaning xulosasiga asosan, tegishli davlat muzeylari tasarrufiga bepul o‘tkazib beriladi.
6. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
Markazni saqlab turish xarajatlari, shuningdek, 2017-yilda Markazning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
davlat buyurtmasi asosida ilmiy tadqiqotlarni bajarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan ajratiladigan maqsadli grant mablag‘lari;
Markaz mutaxassislari va boshqa tashkilotlardan unga jalb qilinadigan ekspertlarni xorijiy davlatlarga xizmat safarlariga yuborish va chet ellik mutaxassislar (ekspertlar)ni jalb etish xarajatlari va Markaz faoliyati bilan bog‘liq boshqa xarajatlar uchun tadbirkorlik faoliyatidan, jumladan, noshirlik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar, xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari, shuningdek, homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi Markazning xorijda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni o‘rganish ishlarini tashkil etish uchun har yili ilmiy jihatdan asoslangan tadqiqotlarga davlat buyurtmasini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan davlat buyurtmasida belgilangan ilmiy tadqiqotlar uchun davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi ilmiy-texnik loyihalarga ajratiladigan byudjet mablag‘lari hisobidan maqsadli grantlar ajratilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ushbu qarorda nazarda tutilgan xarajatlar uchun zarur byudjet mablag‘larini 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida ijtimoiy soha bo‘yicha ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida ajratsin, 2018-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlarida ushbu sohaga ajratilgan mablag‘lar doirasida nazarda tutsin;
biriktirilgan bitta xizmat avtotransportini saqlab turish uchun limit ajratsin.
9. Belgilab qo‘yilsinki:
chet ellik mutaxassislar (ekspertlar)ning mehnatiga haq to‘lash miqdori O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Moliya vazirligi bilan kelishilgan takliflari asosida mehnat shartnomasida belgilanadi va erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladi;
chet ellik mutaxassislar (ekspertlar)ga O‘zbekiston Respublikasida bo‘lgan davrida bir kunlik safar xarajatlari 20 AQSh dollariga teng miqdorda, kundalik me’yor bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha milliy valyutada to‘lanadi;
chet ellik mutaxassislar (ekspertlar)ning bir oydan oshmagan muddatga tuzilgan qisqa muddatli mehnat shartnomalari bo‘yicha mamlakatimizda yashash xarajatlari Markaz tomonidan milliy valyutada to‘lanadi, bir oydan ortiq muddatga tuziladigan mehnat shartnomalari bo‘yicha chet ellik mutaxassislar (ekspertlar)ning yashash xarajatlari uchun to‘lovlar, tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq, oylik maoshlarni to‘lashda amalga oshiriladi;
mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid, xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklarni aniqlash, ular haqida to‘liq ma’lumotlar bazasini shakllantirish va tadqiq etish uchun jalb etiladigan chet ellik mutaxassislar (ekspertlar)ning Markaz bilan tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida olinadigan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda, belgilangan tartibda, Markazni zarur aloqa turlari va vositalari, jumladan, Hukumat telefon aloqasi bilan ta’minlasin, shuningdek, keng qamrovli internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyatini yaratib bersin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va xizmat ko‘rsatadigan tijorat banklariga Markazning buyurtmanomalari bo‘yicha Markaz mutaxassislarining va unga boshqa tashkilotlardan jalb qilinadigan ekspertlarning xorijiy xizmat safarlari hamda chet ellik mutaxassislar (ekspertlar)ning mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar uchun mablag‘larni konvertatsiya qilish tavsiya etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Markazning xorijiy davlatlarga xizmat safariga boradigan mutaxassislari va boshqa tashkilotlardan jalb qilinadigan ekspertlar O‘zbekistonning chet davlatlardagi elchixonalari vakillari tomonidan kutib olinishi, kuzatib qo‘yilishi, vizalar rasmiylashtirilishida va tarjimonlarni biriktirishda hamda Markazning xorijiy mamlakatlardagi tegishli tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda amaliy yordam ko‘rsatsin;
Markazning buyurtmanomalariga binoan chet eldan jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar (ekspertlar)ga kirish vizalari konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markazning buyurtmanomalariga binoan chet eldan jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar (ekspertlar)ga davlat boji undirilmasdan, ko‘p martalik kirish vizalari berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Markaz faoliyatini ta’minlash, shuningdek, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarning ma’lumotlar bazasi – reyestrini yaratish, ularning ko‘chirma nusxalari, foto va videotasvirlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish, turli anjuman, konferensiya va ko‘rgazmalar tashkil etish uchun imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlarni jalb qilish bo‘yicha xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy donorlar bilan tizimli ishlar olib borsin.
15. Markaz:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Madaniyat vazirligi bilan birgalikda, bir oy muddatda, Markazga malakali mutaxassislar puxta tanlov asosida tanlab olinishi hamda kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, ikki oy muddatda, qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Markaz va Komissiyaning nizomini, respublika muassasalaridan ekspertlarni, jumladan, chet ellik mutaxassislar (ekspertlar)ni mehnat shartnomasi asosida jalb etish tartibini tasdiqlashni hamda boshqa tashkiliy masalalarni nazarda tutadigan Hukumat qarorini qabul qilsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 20-iyun