Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.01.2018 20:19 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi PQ-2821-son qaroriga muvofiq hamda YUNЕSKOning Sportda dopingga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini qo‘llash tadbirlarini amalga oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligini (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Agentlik faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:

sportda doping qo‘llanishining oldini olish va dopingga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, Butunjahon antidoping kodeksi, xalqaro antidoping standartlariga asoslangan milliy antidoping qoidalari hamda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va joriy qilish, shuningdek, ularga rioya etilishini ta’minlash;

antidoping nazoratining samarali tizimini, sportda farmakologik ta’sir ko‘rsatuvchi dori vositalari va boshqa moddalar qo‘llanishini nazorat qilish dasturlari va uslublari, shuningdek, sportchilar va sport tashkilotlari uchun intizomiy reglamentni ishlab chiqish va joriy etish;

tadqiqotlar (doping-testlar) va doping nazoratining boshqa elementlarini tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasida Butunjahon dopingga qarshi agentligining respublika sportchilari haqida ma’lumotlarni to‘plash va saqlash uchun mo‘ljallangan antidoping ma’muriyatchiligi va menejment (ADAMS tizimi) bo‘yicha onlayn tizimini qo‘llash;

antidoping nazorati sohasida ilg‘or uslublar va texnologiyalar bilan almashish hamda ularni mamlakatimizda joriy qilish uchun yetakchi xorijiy tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash;

sport federatsiyalari, klublari va jamoalari tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga ko‘maklashish, ularga sportda doping qo‘llanishining oldini olish va antidoping nazoratini amalga oshirish borasida uslubiy yordam ko‘rsatish, ta’lim dasturlarini amalga oshirish, sog‘lom va halol sportni targ‘ib qilish;

davlat hokimiyati organlari, jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning antidoping nazorati sohasida o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish.

3. Belgilab qo‘yilsinki, Agentlik:

o‘z faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beruvchi davlat organi hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablag‘lari, xalqaro moliya institutlarining grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlik bosh direktoriga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, Agentlikning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

5. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining Agentlikni beg‘araz foydalanish huquqi asosida Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Olmazor ko‘chasi, 6-uyda joylashtirish bo‘yicha taklifi ma’qullansin.

6. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi nizomini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining “Milliy antidoping xizmati"ni tugatish hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi tizimida “Sport psixologiyasi bo‘limi” tashkil etilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

har yili O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirishda Agentlikni saqlash va uning faoliyat ko‘rsatishi, shu jumladan, antidoping tadqiqotlarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin;

Agentlikka 1 ta avtotransport vositasini xarid qilish va uni saqlash uchun limit ajratsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Agentlik buyurtmanomalari bo‘yicha Agentlik faoliyatini tashkil etish va uning faoliyat ko‘rsatishi uchun jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarning kirish vizalari konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Agentlik buyurtmanomalari bo‘yicha Agentlik faoliyatini tashkil etish va uning faoliyat ko‘rsatishi uchun jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar belgilangan tartibda berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularni davlat bojlari undirilmasdan vaqtinchalik yashash joyiga vaqtincha propiska qilish va vaqtinchalik propiska muddatining uzaytirilishini ta’minlasin.

11. Agentlikka biologik namunalarni to‘plash uchun maxsus moslamalar va boshqa tovarlarni xarid qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri import shartnomalari, shuningdek, tadqiqotlar (doping-testlar) o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish shartnomalarini tender savdolari o‘tkazmasdan tuzish huquqi berilsin.

12. Agentlik tomonidan sportchilarning biologik namunalarini to‘plash uchun respublikaga olib kelinadigan maxsus moslamalar va boshqa tovarlar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2-ilovaga muvofiq kiritilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari K.V.Akmalov va O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.J.Qurbonov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                     Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2018-yil 3-yanvar

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga
SHARH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror, avvalambor, sog‘lom va halol sportni targ‘ibot qilish hamda Butunjahon antidoping agentligining kodeks va standartlarini O‘zbekistonda samarali amalga oshirish, O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash borasida barcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Shu o‘rinda Sportda dopingga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani barcha a’zo davlatlar katorida O‘zbekiston Respublikasi 2010-yilda ratifikatsiya etganini alohida ta’kidlash joiz.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi zimmasiga Butunjahon antidoping agentligining antidoping boshqaruvi va menejmenti (ADAMS) maxsus dasturini respublikamizda joriy etish va qo‘llash mas’uliyati yuklatilgan. Mazkur dastur orqali Agentlik faoliyatini samarali tashkil etish va butunjahon tezkor ma’lumotlar bazasi axborotlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi hamda musobaqa va musobaqalardan tashqari bo‘lgan davr mobaynida doping-test jarayonlaridan O‘zbekiston sportchilari o‘tishi to‘g‘risida aniq axborot bazasi shakllantirilib, doping-nazorat tizimi tashkil etiladi. Ayniqsa, O‘zbekiston sportchilari dori vositalaridan terapevtik maqsadlarda foydalanishi va taqiqlangan dori vositalaridan foydalanmasligi to‘g‘risida aniq tavsiyalar berish mexanizmi va samarali antidoping tizimi joriy etiladi.

Qaror bilan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining “Milliy antidoping xizmati” negizida “Sport psixologiyasi bo‘limi”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Agentlik tarkibida 3 ta bo‘lim va 2 ta komissiya tashkil etilishi natijasida sportchilar, murabbiylar, sport tibbiyoti xodimlari va boshqa mutaxassislarga sog‘lom va halol sport targ‘iboti hamda taqiqlangan dori vositalari yoki uslublar nazoratini ta’minlash kabi dopingga qarshi kurashish borasidagi qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgan.

Bundan tashqari, qarorda quyidagi maqsadli tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:

Agentlikni saqlash va uning faoliyat ko‘rsatishi, shu jumladan, antidoping tadqiqotlarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun zarur mablag‘lar ajratish;

Agentlikka biologik namunalarni to‘plash uchun maxsus moslamalar va boshqa tovarlarni xarid qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri import shartnomalari, shuningdek, tadqiqotlar (doping-testlar) o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish shartnomalarini tender savdolari o‘tkazmasdan tuzish huquqini berish;

Agentlik faoliyatini tashkil etish va uning faoliyat ko‘rsatishi uchun jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar berish, ularni davlat bojlarini to‘lashdan ozod etgan holda vaqtinchalik yashash joyiga vaqtincha propiska qilish va vaqtinchalik propiska muddatining uzaytirilishini ta’minlash;

Agentlik tomonidan sportchilarning biologik namunalarini to‘plash uchun respublikaga olib kelinadigan maxsus moslamalar va boshqa tovarlarni belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etish.

Agentlik zimmasiga sport jamoatchiligini doping orqali sportchilarga yetkaziladigan zarar, inson sog‘lig‘i uchun doping qabul qilishning salbiy oqibatlari to‘g‘risida xabardor etish, Butunjahon antidoping agentligining dasturlari va loyihalarini amalga oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish vazifalari yuklangan. Shuningdek, Butunjahon antidoping agentligining yangi qoida va talablarini tezkor tatbiq etish hamda uzluksiz monitoringini olib borish; doping-tekshiruv va biomateriallar topshirish protsedurasi haqida sportchilar, sport shifokorlariga ma’lumot va tavsiyalar taqdim etish, xalqaro tajribaga muvofiq tadqiqotlar olib borish; O‘zbekistonda antidoping onlayn xizmati va taqiqlangan dori-darmonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini yaratish; taqiqlangan dori-darmonlar to‘g‘risida seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish, sportda dopingga qarshi kurashish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish kabi masalalar Agentlikning ustuvor vazifalari sifatida belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori mamlakatimizda sog‘lom va halol sportni targ‘ib etish va har tomonlama rag‘batlantirish masalasiga davlat tomonidan qaratilayotgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasidir.


13 332