O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Respublika aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarini samarali ekspluatatsiya qilish, ichimlik suvi resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, ichimlik suvidan foydalanishni davlat tomonidan nazorat qilishning yagona tizimini yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda “Davsuvinspeksiya” deb ataladi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyalari bilan birgalikda tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi texnik jihatdan tartibga solishga doir qonun hujjatlari hamda normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi;
suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlari tomonidan texnologik jarayonni takomillashtirishga va energiyani tejashga yo‘naltirilgan suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarining texnik auditdan o‘tkazilishi;
suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga ulanishning texnik shartlari talablariga rioya etilishi, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanib olishga yo‘l qo‘ymaslik;
suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarining holati va ularni ishlatish shart-sharoitlari, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimidagi buzilishlar va avariyalarning profilaktikasi hamda ularning oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan tadbirlarning amalga oshirilishi, ichimlik suvi yo‘qotilishining belgilangan normalariga rioya etilishi;
mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, yerosti suvlari quduqlarining holati va ularni ishlatish shart-sharoitlari yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish.
3. Belgilansinki:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyalari “Davsuvinspeksiya”ga bevosita hisobot beradilar;
“Davsuvinspeksiya” va uning ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyalari O‘zbekiston Respublikasining suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasidagi davlat nazorati yagona tizimini tashkil etadi;
“Davsuvinspeksiya” boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi;
“Davsuvinspeksiya” boshlig‘i o‘z maqomiga ko‘ra vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha hududiy inspeksiyalar rahbarlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari taqdimnomasiga binoan “Davsuvinspeksiya” boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod qilinadi.
4. Belgilab qo‘yilsinki, “Davsuvinspeksiya” o‘z faoliyatini:
ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash xizmatlari ko‘rsatish masalalarida – Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha Respublika komissiyasi bilan;
suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek, ichimlik suvi ishlab chiqarishning texnologik jarayoniga rioya qilish masalalarida – O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan;
erosti suvlari quduqlaridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha tizimli monitoring olib borish, gidrogeologik axborotlarni tahlil qilish masalalarida – O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan;
ichimlik suvidan oqilona foydalanish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanib olinishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalarida – mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini bir hafta muddatda taqdim etsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 18-aprel
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat
qilish davlat inspeksiyasini tashkil etish
to‘g‘risida»gi Farmoniga
SHARH
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirishga doir muhim dastur va loyihalar hayotga izchil tatbiq etilishi shahar va tumanlar, jumladan, qishloq joylarda markazlashtirilgan suv ta’minoti holatini tubdan yaxshilash imkonini berdi.
Shu bilan birga, ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvi sifatini nazorat qilish, foydalanilgan suvlarni oqizish (kanalizatsiya) hamda oqova suvni tozalash xizmatlarini tashkil etish sohasidagi qonunchilik va me’yoriy-texnik hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq hal etilmagan qator muammolar mavjud.
Ushbu muhim vazifalarni inobatga olgan holda, mazkur Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – "Davsuvinspeksiya") tashkil etildi. Inspeksiyaning asosiy vazifalari etib:
ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, kanalizatsiya hamda oqova suvlarni tozalash xizmatlari ko‘rsatishni texnik tartibga solishga oid qonunchilik va me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etish;
suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlari tomonidan suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarini texnologik jarayon va energiya tejashni takomillashtirishga qaratilgan texnik auditdan o‘tkazish;
suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga ulanish bo‘yicha texnik shartlar talabiga rioya etish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlaridan foydalanish holati va sharoitlari, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimida nosozliklar va avariya holatlarining oldini olish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish, ichimlik suvi isrof bo‘lishining o‘rnatilgan me’yorlardan oshmasligi;
mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha yerosti suv quduqlaridan foydalanish holati va sharoitlari ustidan davlat nazoratini ta’minlash belgilandi.
"Davsuvinspeksiya" o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun:
mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha toifadagi suv ta’minoti va kanalizatsiya obyektlari, shuningdek, suv chiqarish quduqlarini o‘z vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha o‘rganish;
yuridik va jismoniy shaxslarning obyektlari, shuningdek, turar joylarda suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish hamda ulardan foydalanish qoidalariga rioya etish bo‘yicha belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazish;
suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasidagi qonunchilik talablari, shuningdek, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima solish huquqiga ega.
Farmonga muvofiq, "Davsuvinspeksiya" o‘z faoliyatini:
ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash xizmati ko‘rsatish masalalari bo‘yicha – Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha Respublika komissiyasi bilan;
suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek, ichimlik suvi ishlab chiqarishning texnologik jarayoniga rioya qilish masalalarida – O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan;
erosti suvlari quduqlaridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha tizimli monitoring olib borish, gidrogeologik axborotlarni tahlil qilish masalalarida – O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan;
ichimlik suvidan oqilona foydalanish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanishga yo‘l qo‘ymaslik masalalari bo‘yicha – mahalliy ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
"Davsuvinspeksiya" va uning hududiy inspeksiyalari faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Mazkur Farmonning amalga oshirilishi:
birinchidan – ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish sohasidagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini o‘rnatish;
ikkinchidan – ichimlik suvini yetkazib berish va realizatsiya qilish, shuningdek, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash xizmatlarini ko‘rsatish ustidan nazorat o‘rnatish;
uchinchidan – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha Respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi hamda joylardagi ijro hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash imkonini beradi.