O‘zA O`zbek

05.02.2018 17:51 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublikaning turizm salohiyatini, birinchi navbatda investitsiyalarni faol jalb qilish, sohaga innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, mamlakatning boy tabiiy, madaniy va tarixiy merosining mavjud resurslari va imkoniyatlaridan har tomonlama foydalanish hisobiga rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida:

1. 2018-yil 10-fevraldan boshlab Isroil davlati, Indoneziya Respublikasi, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur Respublikasi, Turkiya Respublikasi va Yaponiya fuqarolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipajining a’zolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilansin.

2. 2018-yil 10-fevraldan boshlab fuqarolari uchun Tashqi ishlar vazirligiga turistik vaucherni yoxud O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilayotgan yuridik yoki jismoniy shaxsning murojaatnomasini taqdim etishga oid talab bekor qilinishini hamda hujjatlarni qabul qilish kuni hisobga olinmagan holda ikki ish kuni mobaynida vizani rasmiylashtirishni nazarda tutadigan turizm vizalarini rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadigan mamlakatlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi Tashqi ishlar vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-iyuldan boshlab elektron kirish vizalarini berish tizimi ishga tushirilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi «Milliy turizm mahsulotini targ‘ib qilish markazi» DUK O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi «Milliy PR-markazi» DUK etib qayta tashkil etilsin, unga respublikaning turizm salohiyatini targ‘ib qilishni tashkil etish bo‘yicha vazifalar yuklatilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

2018-yil 1-martiga qadar «Milliy PR-markazi» DUK uchun zamonaviy va yuqori texnologik suratga olish uskunalari, avtotransport vositalari, shu jumladan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega bo‘lgan avtotransport vositalarini sotib olishni o‘z ichiga oluvchi zaruriy moddiy-texnik bazasi yaratilishini, shuningdek, ijara to‘lovisiz zaruriy xonalar ajratilishini;

2018-yil 1-apreliga qadar ijodiy va suratga olish guruhlarini, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish yo‘li bilan shakllantirishni, shuningdek, ularni ta’minlash va moddiy rag‘batlantirish uchun zaruriy mablag‘lar ajratilishini;

shakllantirilgan ijodiy va suratga olish guruhlarining ssenariylar va suratga olish ishlari konsepsiyasini ishlab chiqish, respublika hududlariga ijodiy ekspeditsiyalar va xizmat safarlari, shuningdek, mamlakatning turizm salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha materiallarni tayyorlaydigan boshqa ijodiy guruhlar faoliyatini doimiy asosda, shu jumladan autsorsing orqali moliyalashtirilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi hamda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasining quyidagi aholi qatlamlari uchun respublika hududlari bo‘ylab turizm-ekskursiya turlari tashkil etilishini ko‘zda tutuvchi «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturini (keyingi o‘rinlarda – Dastur) amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun – ta’til davri va dam olish kunlarida;

tashkilotlar xodimlari uchun – dam olish kunlarida, umummilliy bayramlar va ta’til kunlarida, ayniqsa, turizm mavsumi sust davrda;

aholining ijtimoiy zaif qatlamlari, pensionerlar, urush va mehnat faxriylari uchun – sanatoriy-kurortlarda dam olishdan faol foydalangan holda yil davomida;

keksalar, yosh oilalar, fuqarolar yig‘inlari faollari, xotin-qizlar va boshqa jamoat birlashmalari vakillari uchun – turizm mavsumi sust davrda.

6. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:

bir oy muddatda Dasturni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash uchun kiritsin;

Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda turizm xizmatlari ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlarining sifat, xavfsizlik va narxlarning raqobatbardoshligi mezonlaridan kelib chiqib Dasturda ishtirok etish hamda ularning Dasturni amalga oshirish doirasida o‘zaro hamkorlik qilish mexanizmlarini belgilasin;

2018-yilning 1-martiga qadar o‘zining rasmiy veb-saytida Dasturda ishtirok etish shartlari, turizm-ekskursiya dasturlarini tashkil etish mexanizmlari haqidagi, hamkor tashkilotchilar va ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatlari hamda boshqa zaruriy ma’lumotlarni joylashtirsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining tuzilgan xalqaro shartnomalarini mazkur Farmonning talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.

8. Quyidagilar:

a) asosiy faoliyat turi tematik xiyobonlar xizmatlarini tashkil qilish bo‘lgan yuridik shaxslarni ular tomonidan tematik xiyobonlar foydalanishga topshirilgan kundan e’tiboran 3 yil muddatga – yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek, yagona soliq to‘lovini to‘lashdan;

b) tematik xiyobonlar, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarini 2022-yilning 1-yanvariga qadar – belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga ko‘ra tematik xiyobonlar, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarini qurish, qayta ta’mirlash va jihozlash uchun O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, texnika, xom ashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, qurilish va boshqa materiallarni olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari);

v) turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini 2022-yil 1-yanvarga qadar – O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan:

haydovchi bilan birgalikda 8 va undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan turizm toifasiga oid transport vositalari;

dor (osma) yo‘llarni, tog‘-chang‘i ko‘targichlar, funikulyorlar va boshqa o‘xshash ob’ektlar va inshootlarni qurish, qayta ta’mirlash va jihozlash uchun asbob-uskunalar, mexanizmlar va ehtiyot qismlar, shuningdek, aerostatlar (havo sharlari), motor qayiq va kvadrotsikllar uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga ko‘ra bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilsin.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatga olinib, litsenziyaga ega bo‘lgan turizm operatorlariga istisno tariqasida ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 l. dan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega bo‘lgan olib kirilayotgan transport vositalariga avtotransport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘yicha alohida davlat raqami seriyasini tatbiq etgan holda va ulardan faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida foydalanish sharti bilan 5 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida boj to‘lovlarini to‘lashga ruxsat etilsin.

10. Belgilansinki:

2018-yilning 1-yanvaridan e’tiboran turizm mahsulotlarini sotish va/yoki turizm xizmatlarini onlayn bron (band) qilish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning soliqqa solinadigan bazasi elektron xizmatlarni, jumladan, elektron to‘lovlar, bron (band) qilish, ekvayring va boshqa xizmatlarni, shuningdek, turizm xizmatlarining zamonaviy turlarini taklif qiluvchi ixtisoslashtirilgan internet-saytlar va portallarni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan xarajatlar miqdoriga kamaytiriladi;

jamoat joylarida Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlarini (Wi-Fi) barpo etgan operatorlar, provayderlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar foydalanuvchilarning shaxsini majburiy tartibda aniqlagan holda tegishli sifatdagi ulanishni ta’minlashlari lozim;

o‘z hududida Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlarini (Wi-Fi) o‘rnatgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning soliq solinadigan bazasi, shu jumladan yagona soliq to‘lovi bo‘yicha bazasi tegishli sifatdagi simsiz ulanish hududini kengaytirish uchun asbob-uskunalarni xarid qilish va internet-trafikni sotib olishga yo‘naltirilgan xarajatlar miqdoriga kamaytiriladi;

jamoat joylarida Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlarini (Wi-Fi) barpo etgan operatorlar, provayderlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga bunday hududlarni tashkil etgan joylarda 18 kv.m.dan ortiq bo‘lmagan o‘lchamdagi reklama banneri yoki romlarini o‘rnatish huquqi beg‘araz asosda va mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli ruxsatlarini olmasdan taqdim etiladi;

Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlarida (Wi-Fi) taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini nazorat qilish Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

11. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining mehmonxonalarni, tutash yo‘l, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmalarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 200 million AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasini ochish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ikki oy muddatda tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga quyidagi shartlarda kreditlar ajratilishi uchun ularga kredit liniyalarini ochsin:

mehmonxonalar va tutash yo‘l, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmalari ob’ektlari uchun import uskunalar va texnologiyalarni xarid qilish uchun kredit muddati 15 yilni (imtiyozli davr – 5 yil) tashkil qiladi. Maqsadli kredit liniyasining mablag‘lari hisobiga bitta mijoz uchun ajratiladigan kredit hajmi loyiha qiymatining 50 foizidan oshmasligi lozim;

kreditlar vakolatli tijorat banklarining investitsiya loyihasini amalga oshirishning iqtisodiy va moliyaviy maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi ijobiy qarorlari asosida beriladi. Bunda, bir qarz oluvchiga beriladigan kredit miqdori bitta investitsiya loyihasi uchun 10 million AQSh dollaridan oshmasligi lozim.

12. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Dunyo Bo‘ylab» telekanali O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ichki turizm, dam olishning faol turlari va sport turizmini rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlari va tabiiy boyliklar, shu jumladan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlarni yoritish masalalari bo‘yicha bosh axborot hamkori sifatida belgilansin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda o‘n kunlik muddatda mazkur Farmonni hisobga olgan holda kirish turizmini rivojlantirish, ichki turizmning jadal rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining vakolatlari va tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarining loyihalarini ishlab chiqsin va kiritsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga
2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Vazirlik va idoralar bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmon bilan muvofiqlashtirsin.

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri – Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash raisi A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmuradov va O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining raisi A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                     Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 3-fevral

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga
SH A R H

O‘zbekiston Respublikasi boy ma’naviy-madaniy merosga, turli-tuman tarixiy-arxeologik ob’ektlarga, qulay tabiiy-iqlim sharoitiga va ko‘p tarmoqli ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lib, bu esa turizmning turli shakllarini ildam rivojlantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

Qisqa vaqt ichida respublikada turistik sohani rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekistonning turizm salohiyatini kompleks ravishda rivojlantirishga yo‘naltirilgan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, ular o‘z navbatida turizm sohasidagi yangi davlat siyosatiga asos bo‘ldi, turizm sohasidagi sub’ektlarga ahamiyatli tarzda soliq va bojxona imtiyozlari va afzalliklarini berdi.

Shu bilan bir qatorda, sohada bir qator hal etilmagan masalalar mavjudligi, shu jumladan xorijiy fuqarolar uchun viza va pasport rejimini liberallashtirish ishlari sekin olib borilayotganligi, ular uchun elektron kirish vizalarini rasmiylashtirish imkoniyati mavjud emasligi, boy ichki va ziyorat turizmlari salohiyatidan sust foydalanilganligi, investitsiyalar, xususan, xorijiy investitsiyalar sekin jalb etilayotganligi sababli turizm infratuzilmasining yetarlicha rivojlanmaganligi, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yetarlicha tatbiq etilmayotganligi sohaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Qayd etib o‘tilgan masalalarni hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmonda Isroil davlati, Indoneziya Respublikasi, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur Respublikasi, Turkiya Respublikasi va Yaponiya fuqarolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipajining a’zolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Yevropa ittifoqi, Sharqiy Osiyoning bir qator davlatlari va Yaqin Sharq mamlakatlarining, hamda Hindiston Respublikasi, Kanada, Yangi Zelandiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi 39 ta mamlakat fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga turistik vaucherni yoxud O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilayotgan yuridik yoki jismoniy shaxsning murojaatnomasini taqdim etishga oid talab bekor qilinishini hamda hujjatlarni qabul qilish kuni hisobga olinmagan holda ikki ish kuni mobaynida vizani rasmiylashtirishni ko‘zda tutadigan turizm vizalarini rasmiylashtirishning 2018-yil 10-fevraldan e’tiboran soddalashtirilgan tartibi kiritildi.

Mamlakatning turistik, madaniy, tabiiy va sport salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha ishlarni yanada faollashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi «Milliy turizm mahsulotini targ‘ib qilish markazi» DUK O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi «Milliy PR-markazi» DUK sifatida qayta tashkil etildi hamda unga respublikaning turizm salohiyatini targ‘ib qilishni tashkil etish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

Shu bilan birga, 2018-yilning 1-iyulidan e’tiboran bir qator xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun elektron kirish vizalarini berish tizimi joriy etiladi.

Farmon qabul qilinishi bilan respublikada «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» nomi ostida mamlakat bo‘ylab tanishtiruv sayohatlari va turlarini tashkillashtirishning keng miqyosli dasturi ishga tushirilmoqda, uning doirasida bir millionga yaqin fuqarolarimiz, shu jumladan o‘quv muassasalarining o‘quvchilari va talabalari, nogiron bolalar va kam ta’minlangan oilalar farzandlari, ishchilar, nafaqaxo‘rlar, mahalla faollari, ayollar va aholining boshqa qatlamlari ham mamlakat bo‘ylab sayohat qilish imkoniga ega bo‘ladilar.

Turizm sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mehmonxonalar, ular bo‘yidagi yo‘l, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmalarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun turizm sohasi tadbirkorlik sub’ektlariga kredit mablag‘larini ajratish maqsadida O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit liniyalarini ochish nazarda tutilgan.

Asosiy faoliyati tematik xiyobonlar xizmatlarini tashkillashtirishdan iborat bo‘lgan yuridik shaxslar tematik istirohat bog‘larini foydalanishga topshirish sanasidan boshlab 3 yil muddatga yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini hamda yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etiladi.

Shuningdek, tematik xiyobonlar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun tematik xiyobonlar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari tomonidan 2022-yil 1-yanvargacha olib kirilayotgan jihozlar, texnika, xom ashyo, butlovchi buyumlar va zaxira qismlari va qurilish materiallari va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan boshqa materiallar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Bundan tashqari, turizm sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlari respublika hududiga olib kirilayotgan turistik toifadagi transport vositalari hamda kanat yo‘li, tog‘-chang‘i ko‘targichlar, funikulyorlar va boshqa shunga o‘xshash ob’ekt va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun jihozlar, mexanizmlar va zaxira qismlari, shuningdek, havo sharlari, aerostatlar, kvadrotsikllar va motorli qayiqlar uchun 2022-yil 1-yanvargacha bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Farmon bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatga olingan litsenziyaga ega bo‘lgan turizm operatorlariga istisno tariqasida ekstremal turlarni tashkil qilish uchun olib kirilayotgan dvigateli hajmi 2,4 l. dan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega bo‘lgan transport vositalariga avtotransport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘yicha alohida davlat raqami seriyasini tatbiq etgan holda va ulardan faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida foydalanish sharti bilan 5 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida boj to‘lovlarini to‘lashga ruxsat etiladi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini turizm sohasiga jadal tatbiq etish maqsadida Farmon bilan quyidagilar nazarda tutilgan:

2018-yilning 1-yanvaridan e’tiboran turizm mahsulotlarini sotish va/yoki turizm xizmatlarini onlayn bronlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga elektron to‘lovlar, bronlash, ekvayring va boshqa elektron xizmatlarni tatbiq qilish, shuningdek, turizm xizmatlarining zamonaviy turlarini taklif qiluvchi ixtisoslashtirilgan internet-saytlar va portallarni yo‘lga qo‘yishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan soliq imtiyozlarini taqdim qilish;

jamoat joylarida Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlari (Wi-Fi) bilan jihozlagan operatorlar, provayderlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga foydalanuvchilarning shaxsini majburiy tartibda aniqlash bilan birgalikda tegishli sifatdagi ulanishni ta’minlash bo‘yicha majburiyat qo‘yildi;

o‘z hududida Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlarini (Wi-Fi) o‘rnatgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga tegishli sifatdagi simsiz ulanish hududini kengaytirish uchun asbob-uskunalarni xarid qilish va internet-trafikni sotib olishga yo‘naltirilgan soliq imtiyozlarini joriy qilish;

Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlarini (Wi-Fi) barpo etgan operatorlar, provayderlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga bunday hududlar tashkil etilgan joyda beg‘araz asosda 18 kv.m.dan ortiq bo‘lmagan maydondagi reklama banneri yoki romlarini o‘rnatish huquqini taqdim etish.

Tunu-kun namoyish etiladigan «Dunyo Bo‘ylab» telekanali O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ichki turizm, dam olishning faol turlari va sport turizmini rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlari va tabiiy boyliklar, shu jumladan qo‘riqlanadigan tabiat hududlarini saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlarni yoritish masalalari bo‘yicha axborot hamkori sifatida belgilandi.

Farmonda belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi ichki va ziyorat turizmlarini jadal rivojlantirish va ularning boy salohiyatidan har tomonlama foydalanish uchun yanada qulay sharoitlar yaratadi.

26 463