O‘zA O`zbek

27.07.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6035-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining (keyingi oʻrinlarda – Sanitariya-epidemiologiya xizmati) asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

sanitariya-epidemiologiya sohasida potensial xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, respublika hududidagi yuqumli kasalliklar tabiiy oʻchoqlari ustidan epidemiologik monitoring va epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlar majmuini amalga oshirish;

sanitariya-gigiyena, radiatsion gigiyena, fizik omillar, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya va oʻta xavfli kasalliklar tashxisi boʻyicha laboratoriyalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

inson salomatligiga taʼsir etuvchi xavfli omillarni boshqarish, tizimli monitoringini olib borish va tahlil qilishning yangi shakl va usullarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish;

jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish, mazkur yoʻnalishda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar amalga oshirish, bu boradagi ilmiy izlanishlarni muvofiqlashtirish, soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va ular bilan hamkorlik qilish, oziq-ovqat xomashyosi va isteʼmol mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish faoliyati ustidan belgilangan tartibda nazorat qilish;

sohaga oid davlat va boshqa xizmatlarni koʻrsatish, mahsulot, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga qoʻyiladigan majburiy talablarga taalluqliligi boʻyicha maxsus ekspertizalar tayinlash va oʻtkazish;

sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish va tibbiy profilaktika boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlash;

davlat va idoraviy tibbiyot statistikasini yuritish, toʻplash, tahlil qilishiga uslubiy rahbarlik qilish, aholi salomatligiga salbiy taʼsir qiluvchi omillarni aniqlash maqsadida zarur tekshirishlar va soʻrovlar oʻtkazish;

xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi ustidan davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish va qonunbuzilish holatlari aniqlanganda qonunchilikda belgilangan choralarni qoʻllash.

2. Belgilansinki, Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning tizimidagi tashkilotlar oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlarga ega:

karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud boʻlgan taqdirda karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash;

yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan tibbiy-sanitariya chora-tadbirlarini amalga oshirish;

inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tugʻdiruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishi yoxud texnogen yoki tabiiy xususiyatga ega halokat sodir boʻlishi real xavfi vujudga kelganda mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar obyektlarda tekshirishlar oʻtkazish;

sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari buzilganligi aniqlangan holatlarda litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalarini hal qilish yuzasidan tegishli organlar va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;

yuridik va jismoniy shaxslarga nazorat obyektidagi huquqbuzarliklarni bartaraf qilish uchun mos ravishda, ammo oltmish kundan ortiq boʻlmagan muddatni belgilagan holda, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;

elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini laboratoriya-instrumental usulini qoʻllagan holda oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatgacha tekshiruvdan oʻtkazish hamda tekshiruvdan oʻtkazishga begʻaraz ekspert yoki mutaxassis sifatida laboratoriya xodimlarini jalb qilish;

favqulodda vaziyatlarda, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelganda, ommaviy zaharlanish va guruhli kasalliklar qayd etilganda (davolash muassasasi xabari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari va boshqa hollarda) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish;

byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan Sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatiga shartnoma asosida qoʻshimcha xodimlar jalb qilish.

3. Quyidagilar:

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati, hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) boʻlimlari xodimlarining umumiy cheklangan soni 17 554 nafar etib belgilanadi;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun javobgar boʻlgan vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati Sogʻliqni saqlash vazirligining tarkibiga kiradi, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining boshligʻi bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari hamda Bosh davlat sanitariya vrachi hisoblanadi;

tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimlari oʻz faoliyatida tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari esa – Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga bevosita boʻysunadilar va ularning oldida hisobdordir;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalari oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradilar;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, uning oʻrinbosarlari esa sogʻliqni saqlash vazirining taqdimnomasiga koʻra Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning L.M.Isayev nomidagi filiali Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tadqiqot instituti hamda L.M.Isayev nomidagi tibbiy parazitologiya ilmiy-tadqiqot instituti negizida tashkil etiladi;

Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barcha davlat yuqumli kasalliklar shifoxonalari va dispanserlari hamda davlat tibbiyot tashkilotlarining yuqumli kasalliklar boʻlinmalari faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshiradi;

Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti yuridik shaxs maqomi saqlangan holda – Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tashkiliy tuzilmasiga kiradi;

Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori bir vaqtning oʻzida Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining birinchi oʻrinbosari hisoblanadi;

L.M.Isayev nomidagi tibbiy parazitologiya ilmiy-tadqiqot institutining klinikasi yuridik shaxs maqomi saqlangan holda – Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining L.M.Isayev nomidagi filialining tashkiliy tuzilmasiga kiradi;

Milliy referens laboratoriya Laboratoriya kompleksi negizida tashkil qilinadi. Bunda, uni moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi va u respublika hududidagi barcha sanitariya-gigiyena, radiologiya, toksikologiya, bakteriologiya, parazitologiya hamda virusologiya laboratoriyalari natijalarini muvofiqlashtiradi va ularga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatadi;

5. Quyidagilar:

Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik maqomiga ega boʻlmagan Biologik xavfsizlik markazi hamda Gen texnologiyalari markazi;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalarida tegishlicha Sogʻliqni saqlash koʻrsatkichlari tahlili va istiqbolni belgilash markazi va uning boʻlinmalari tashkil qilinsin.

Belgilansinki:

sogʻliqni saqlash tizimi hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlarining tarkibiga kiruvchi tibbiyot va yordamchi tashkilotlardagi tibbiy statistika maʼlumotlarini toʻplash, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek, aholi sogʻligʻining holatiga va kasalliklar tarqalishiga taʼsir qiluvchi tendensiyalar va qonuniyatlarni aniqlash Sogʻliqni saqlash koʻrsatkichlari tahlili va istiqbolni belgilash markazining asosiy vazifalari hisoblanadi;

idoraviy mansubligidan qatʼi nazar barcha davlat tibbiyot va yordamchi tashkilotlari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan muddatlar va shakllarda sogʻliqni saqlash koʻrsatkichlariga oid maʼlumotlarni Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalariga taqdim etib boradi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Sogʻliqni saqlash koʻrsatkichlari tahlili va istiqbolni belgilash markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

6. Sanitariya-epidemiologiya xizmati boshligʻiga:

zarur hollarda Sanitariya-epidemiologiya xizmati markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalari tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish, unga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun xorijiy institutlar, kompaniyalar, mutaxassislar va ekspertlarni, shu jumladan shartnoma asosida jalb qilish huquqi berilsin.

7. Sanitariya-epidemiologiya xizmati:

ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari va boʻlimlarining namunaviy tuzilmalarini tasdiqlasin;

bir oy muddatda Sanitariya-epidemiologiya xizmati markaziy apparati va tarkibiy tuzilmalarni Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir boʻlgan, zarur nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirsin;

Milliy referens laboratoriya bazasida mikroorganizmlar banki (biologik va genetik kolleksiya) hamda maxsus immunoglobulin va zardoblar banki, vivariy va genetik laboratoriya singari boʻlimlar tashkil etilishini taʼminlasin.

8. Sanitariya-epidemiologiya xizmati Sogʻliqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda xavfni tahlil qilish mexanizmini joriy qilish uchun nazorat ostidagi obyektlarning yagona elektron bazasini yaratsin va 2021-yil 1-yanvardan boshlab, uning toʻliq ishga tushirilishi hamda “Elektron hukumat” tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.

Belgilansinki:

yagona elektron bazani ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi, uni keyinchalik texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar esa – Sanitariya-epidemiologiya xizmatining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati yagona elektron bazani shakllantirish, samarali faoliyatini taʼminlash va keyinchalik rivojlantirish uchun masʼul hisoblanadi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati nazorat ostidagi obyektlarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligini oʻrganish natijalarini oʻzining veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda joylashtirib borsin hamda ushbu yoʻnalishda jamoatchilik fikrini tizimli ravishda tahlil qilsin.

9. Vazirlar Mahkamasi (B.A. Musayev) Sanitariya-epidemiologiya xizmati tuzilishi munosabati bilan barcha zarur tashkiliy masalalarni (qayta tashkil etish, joylashtirish, taʼminot, moliy-iqtisodiy masalalar va boshqalar) tezkorlik bilan xal etilishini taʼminlasin.

10. Sanitariya-epidemiologiya xizmati Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh koʻchasi, 46-uy manzili boʻyicha operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilsin.

11. Sogʻliqni saqlash vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                                                                                   Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

27-iyul 2020-yil


16 079
OʻzA