O‘zA O`zbek

30.08.2018 22:25 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmoni haqida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmoni haqida 30 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma yetti yilligi bayrami arafasida xalqimizga xos mehr-shafqat, insonparvarlik, bagʻrikenglik, kechirimli boʻlish, olijanoblik kabi ezgu fazilatlarni yanada yuksak namoyon etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga muvofiq, Farmon bilan qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan 261 nafar fuqaro afv etildi.

Farmonga muvofiq, 215 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinib, oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytariladi, shuningdek, 46 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 5 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 135 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmonga koʻra, afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishi, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishi uchun ularga koʻmak berish yuzasidan masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

OʻzA
3 449