O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriXalqimiz asrlar davomida intilib yashagan va kurashgan, mustaqillik degan bebaho ne’matning qadr-qimmatini teran idrok etish, o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tgan og‘ir va mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli yo‘limiz, keng ko‘lamli islohotlarimiz, qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlarimizning tub mohiyati va ahamiyatini yurtimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish, sodda qilib aytganda, biz kecha kim edigu bugun kim bo‘lganimizni anglash, vatandoshlarimizni yangi marralar sari ruhlantirish, biz uchun eng ulug‘, eng aziz ayyom bo‘lmish Mustaqillik bayramini yuksak darajada o‘tkazish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.
3. Mazkur dasturni ishlab chiqishda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish tavsiya etilsin:
mustaqillik biz uchun milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni tiklash, urf-odat va an’analarimizni, muqaddas islom dinimizni, buyuk ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ulug‘lash, sog‘lom va barkamol yangi avlodni shakllantirish bo‘yicha ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan beqiyos imkoniyatlar ochib berganini keng aks ettirish;
O‘zbekiston o‘z vaqtida sobiq mustabid tuzumning ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan, biryoqlama rivojlangan nochor iqtisodiyotdan, “shok terapiyasi” kabi noma’qul modellardan butunlay voz kechib, mashhur besh tamoyilga asoslangan o‘z taraqqiyot yo‘lini qat’iy tanlab olgani va dunyoda “o‘zbek modeli” sifatida e’tirof etilgan ushbu rivojlanish strategiyasining real natijalarini aniq tahlillar orqali ochib berish;
yaqin o‘tmishda qoloq agrar respublika bo‘lgan, iqtisodiyotining asosini paxtachilik va paxtani qayta ishlash korxonalari tashkil etgan O‘zbekistonning bugungi kunda sanoati tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan, zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlarini barpo etish hisobidan iqtisodiyotda sanoatning ulushi 25 foizga yetgan, eksportbop va raqobatdosh mahsulotlarning 60 foizdan ortig‘i yuqori texnologiyalarga asoslangan sohalarda ishlab chiqarilayotgan, kuch-qudrati va salohiyati yuksalib borayotgan mamlakatga aylanganini ko‘rsatish;
tarixan qisqa davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 5,5 barobardan ko‘proq o‘sgani, aholimizning real daromadlari jon boshiga hisoblaganda qariyb 9 barobar oshgani, bunga erishish uchun o‘tgan davr mobaynida iqtisodiyotimizga 190 milliard dollar hajmidagi investitsiyalar, jumladan, 65 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoyalarni jalb etish hisobidan biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan avtomobilsozlik, neft va gaz kimyosi, neft-gaz mashinasozligi, zamonaviy qurilish materiallari sanoati, temir yo‘l mashinasozligi, maishiy elektronika, farmatsevtika, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati kabi soha va tarmoqlarga asos solinganini atroflicha yoritish;
qishloq xo‘jaligi sohasida mutlaqo yangi iqtisodiy munosabatlar joriy etilib, fermerlik harakati rivoji uchun keng yo‘l ochib berilgani, bugungi kunda fermer xo‘jaliklarimiz nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 90-92 foizini ishlab chiqarayotgani, balki qishloq taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan qudratli ijtimoiy-siyosiy harakatga aylanib borayotganini ko‘rsatib berish;
1990-yilda mamlakatimiz aholisining oziq-ovqat tovarlari, avvalo don, kartoshka, go‘sht, sut va qandolat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji import hisobidan qoplangan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ularning 96 foizi o‘zimizda ishlab chiqarilayotgani, mustaqillik yillarida aholi jon boshiga go‘sht iste’moli 1,3 barobar, sut va sut mahsulotlari – 1,6 karra, kartoshka – 1,7-marta, sabzavot – 2 barobardan ortiq, meva – qariyb 4 karra ko‘payganini el-yurtimiz farovonligi tobora ortib borayotganining amaliy tasdig‘i sifatida talqin etish;
mustaqillikka qadar mamlakatimizda umuman mavjud bo‘lmagan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi bugungi kunda yalpi ichki mahsulotning 56 foizdan ortig‘ini ishlab chiqarayotgani, mazkur tarmoqda jami ish bilan band aholining 75-77 foizi mehnat qilayotgani va boshqa misollar orqali yurtimizda bu soha jadal rivojlanib, o‘rta sinf – mulkdorlar sinfining jamiyat tayanchiga aylanib borayotganini namoyon etish;
o‘tgan davrda xarid qobiliyati bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmi aholi jon boshiga 4-marta o‘sgani va hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 6,5 ming AQSh dollaridan ziyodni tashkil etayotganini bu boradagi amaliy ishlarimizning yaqqol samarasi tariqasida aks ettirish;
yurtimiz, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yildan-yilga ochilib, tobora obod va go‘zal bo‘lib borayotgani, jumladan, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha joriy etilayotgan dasturlarning ijtimoiy ahamiyatini ochib berish;
mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab aholimiz, birinchi navbatda keksa avlod vakillari, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish uchun davlat byudjetidan ijtimoiy ehtiyojlar, jumladan, aholini qo‘llab-quvvatlash va sotsial sohani mustahkamlashga ajratilayotgan yillik xarajatlar izchil oshib borayotganini, birgina 2014-yilda bu raqam 60 foizdan ortganini mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarimizning mantiqiy natijasi sifatida ko‘rsatish;
zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur egallagan, mustaqil fikrlaydigan, o‘z ona yurtiga mehr va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan, hech kimdan kam bo‘lmaydigan, hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqayotgan yangi avlodni tarbiyalash maqsadida amalga oshirilayotgan ulkan ishlarning mohiyatini ochib berish. Shular qatorida faqat so‘nggi 5-yilda mamlakatimizda 278 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 523 ta sport inshooti va 100 dan ziyod suzish havzalari qurilgani va rekonstruksiya qilingani, bugungi kunda 2 million nafar farzandimiz, jumladan, 840 mingdan ortiq qizlarimiz sport bilan muntazam shug‘ullanayotgani va boshqa misollarda sog‘lom turmush tarzi hayotimiz qoidasiga aylanib borayotganini yoritish;
yurtimizda hukm surayotgan tinch va osoyishta hayot, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, chegaralarimiz daxlsizligini asrash, uzoq va yaqin atrofimizdagi davlatlar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, turli mintaqa va hududlarda xavf-xatar va tahdidlar tobora kuchayib borayotgan tahlikali zamonda doimo ogoh, sergak va hushyor bo‘lib yashash, safarbarligimizni yanada oshirish – bugun hayotning o‘zi barchamizdan talab qilayotgan eng muhim va dolzarb vazifamiz ekaniga alohida ahamiyat qaratish;
O‘zbekiston erishayotgan yutuq va marralar dunyo hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotgani, xususan, Jahon iqtisodiy forumi tomonidan e’lon qilingan reytingda iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlar orasida mamlakatimiz 5-o‘rinni egallagani, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQShning Kolumbiya universiteti tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy tadqiqotlar asosida e’lon qilingan “Butunjahon baxt indeksi”da Vatanimiz 158 ta mamlakat o‘rtasida 44-pog‘onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida 1-o‘rinni egallagani va boshqa misollar yordamida yurtimizning barqaror taraqqiyot sur’atlarini teran ochib berish;
biz qo‘lga kiritayotgan bunday yuksak natijalarning asosiy omili va mezoni sifatida birinchi navbatda xalqimizning fidokorona mehnati, odamlarimizning dunyoqarashi, siyosiy ongi, ijtimoiy faolligi ortib, fuqarolik pozitsiyasi tobora kuchayib borayotganiga alohida urg‘u berish.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalariga Vatanimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramini yuksak saviyada nishonlash uchun joylarda hududiy komissiyalar tuzish va tegishli tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirilsin.
5. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin.
6. Respublika komissiyasi o‘z yig‘ilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlari hisobotini muntazam ravishda eshitib borsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.
8. Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina”, Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari, Badiiy akademiya va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etadigan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nihol” mukofotiga nomzodlarning respublika saralash bosqichini hamda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik”, “Ranglar jilosida – ona diyor” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin.
9. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda xayriya mablag‘lari hisobidan;
Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
10. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mustaqillikning yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2015-yil 17-iyul