O‘zA O`zbek

30.07.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Soʻnggi yillarda aholi va hududlarni seysmik xavfdan himoya qilish boʻyicha aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi, seysmologiya va seysmik chidamli qurilish sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini jahon talablari darajasida oʻtkazish uchun shart-sharoitlar yaratildi, yer qobigʻining kuchlangan-deformatsiyalangan holatini kuzatuvchi, seysmik xavfni baholashda va zilzilalar darakchilarini qayd qilishda foydalaniladigan stansiyalar tarmogʻining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz hududi seysmik faol zonalarda joylashganligi sababli seysmik xavfning oldini olish, aholi va hududlarni seysmik xavfdan himoya qilish, bu borada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, sohada aniq maqsadga yoʻnaltirilgan dasturlarni va ilmiy tadqiqotlarni doimiy amalga oshirib borish zarurati mavjud.

Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini jahon standartlari asosida rivojlantirish maqsadida hamda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasida seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimini takomillashtirish dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar seysmik xavfsizlikni taʼminlashning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

aholining seysmik xavfsizligini taʼminlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish;

seysmik xavf darajasini kamaytirish choralarini koʻrish;

foydalanishda boʻlgan va foydalanishga topshiriladigan bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini nazorat qilish;

respublika hududida joylashgan suv omborlari va gidrotexnika inshootlarining seysmik mustahkamligini nazorat qilish;

seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

seysmik xavfsizlik va mustahkamlikni taʼminlashning zamonaviy uslub va texnik vositalarini amaliyotga joriy etish;

seysmik xavfsizlik va mustahkamlikni taʼminlashning ilmiy asoslari va texnologiyalarini takomillashtirish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi PQ-3190-son qarori bilan tasdiqlangan Seysmologiya, seysmik chidamli qurilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligi boʻyicha idoralararo ilmiy-texnik kengashga (keyingi oʻrinlarda – Kengash) Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash vazifasi yuklansin.

3. Quyidagilar seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida:

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi – seysmik xavfni turli miqyosda baholash, hududlarni seysmik rayonlashtirish, zilzilalarni muddatlar kesimida prognoz qilish metodologiyasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish, turli seysmik xavfning injener-geologik asoslarini va baholash texnologiyalarini yaratish uchun masʼul boʻlgan davlat ilmiy muassasasi;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi – respublika hududida qurilayotgan obyektlardagi loyihalar va qurilish sifatini seysmik xavfsizlik boʻyicha meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash va nazorat qilish, shaharlardagi mavjud binolarning seysmik mustahkamligini taʼminlash, inshootlarning seysmik xavfini kamaytirish boʻyicha zarur tadbirlar ishlab chiqish uchun masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organi;

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi – respublika va transchegaraviy hududlarda, shuningdek, tabiiy va texnogen xavfli hududlarda hamda muhim obyektlarda seysmik xavfsizlik boʻyicha monitoringni tashkil etish, kuchli va talafotli zilzilalar sodir boʻlishi xavfi mavjud boʻlganida ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur choralarni koʻrishga masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organi etib belgilansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasining IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti tarkibida qoʻshimcha 3 ta shtat birligini ajratgan holda Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish shoʻbasi (keyingi oʻrinlarda – Muvofiqlashtirish shoʻbasi) tashkil etilsin.

Quyidagilar Muvofiqlashtirish shoʻbasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi masʼul organlar va tashkilotlar faoliyatini doimiy muvofiqlashtirib borish;

seysmologiya sohasida ilm-fanni rivojlantirish, zamonaviy axborot, shu jumladan, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish;

seysmik xavfni prognozlash jarayonini raqamlashtirish choralarini koʻrish;

respublikada seysmik xavf darajasini kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni doimiy ravishda monitoring qilib borish;

aholining seysmik xavfsizligini taʼminlash yuzasidan davlat dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishini tashkil etish;

foydalanishda boʻlgan bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini taʼminlash yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda choralar koʻrish;

respublikaning seysmik faol hududida joylashgan inshootlarning monitoringi natijalariga asoslanib, mustahkamligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Vazirlar Mahkamasi huzurida yuridik shaxs tuzmagan holda Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Quyidagilar:

a) Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari etib belgilansin:

respublika byudjetidan amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlari uchun ajratilgan grant mablagʻlari hisobidan joriy yilda 20 milliard soʻmgacha boʻlgan mablagʻlar, kelgusi yillarda esa ehtiyojga qarab, Vazirlar Mahkamasining hisob-kitoblariga asosan ajratiladigan mablagʻlar;

xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlari;

Jamgʻarmaning boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan yoʻnalishlar etib belgilansin:

ilmiy tadqiqotlarga koʻmaklashish, tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar ajratish;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda tashkil qilish va ularda ishtirok etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;

ilmiy laboratoriyalarni zarur asbob-uskunalar, hisoblash texnika vositalari hamda butlovchi materiallar bilan taʼminlash va ularni oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;

respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash sohasiga raqamlashtirilgan texnologiyalarni joriy etish, seysmik chidamli qurilish boʻyicha milliy dasturlarni ishlab chiqish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni moliyalashtirish;

seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlarining sohaga oid faoliyat yoʻnalishi boʻyicha moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlarning elektron texnik pasportlarini shakllantirish jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni moliyalashtirish;

yuksak ilmiy natijalarga erishgan va fan rivojiga munosib hissa qoʻshgan olimlarni, shu jumladan, yosh ilmiy xodimlarni qoʻllab-quvvatlash.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchisi hisoblanadi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:

Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini (keyingi oʻrinlarda – Turin politexnika universiteti) “Muhandislik seysmologiyasi” taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisligi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetini “Seysmologiya va seysmometriya” taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash yuzasidan bazaviy oliy taʼlim muassasalari etib belgilash;

mazkur taʼlim muassasalarida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab tegishliligiga qarab “Muhandislik seysmologiyasi” va “Seysmologiya va seysmometriya” taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha bakalavriat hamda magistratura bosqichlarida oʻquv jarayonlarini yoʻlga qoʻyish haqidagi takliflari maʼqullansin.

7. Turin politexnika universiteti qoshida Bino va inshootlarni eksperimental tadqiq qilish ilmiy-texnik laboratoriyasi (keyingi oʻrinlarda – Laboratoriya) tashkil etilsin va Laboratoriya tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqot sinovlarining asosiy yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Laboratoriya Turin politexnika universitetining Texnoparki binosida tashkil etiladi;

Laboratoriyani tashkil etish va ayrim asbob-uskunalar bilan jihozlash boʻyicha ishlar Jamgʻarma mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining texnik koʻmak mablagʻlari (grantlari) hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan moliyalashtiriladi;

Laboratoriya shtat birliklari Turin politexnika universitetining professor-oʻqituvchilari, doktorantura izlanuvchilari hamda “Qurilish materiallari va konstruksiyalari” laboratoriyasi xodimlarini maqbullashtirish hisobidan jamlanadi;

bino va inshootlarning seysmik chidamli qurilishi boʻyicha tadqiqotlar olib borish, seysmik xavfni baholash va kamaytirish uchun masʼul davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari Laboratoriyadan begʻaraz foydalanadilar.

8. Belgilansinki:

a) quyidagilar:

2021-yil 1-apreldan boshlab respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlar, shuningdek, koʻp qavatli turar joylarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni nazarda tutuvchi elektron texnik pasportlarni shakllantirish;

2021-yil 1-maydan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan koʻp qavatli bino va inshootlarning konstruktiv tizimi, qurilish maydonining seysmik darajasi, yuk koʻtaruvchi konstruksiyalar materiallarining mustahkamlik koʻrsatkichlarini nazarda tutuvchi elektron texnik pasportlarni shakllantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda mazkur amaliyot joriy etilishi uchun masʼul boʻlgan tashkilotlar hisoblanadi;

v) shakllantirilgan elektron texnik pasportlardan seysmik xavf prognozi mavjud boʻlgan hollarda binolar va inshootlarning seysmik mustahkamligini oʻrganish, sodir boʻlishi kutilayotgan zilzilaga tayyorgarlik koʻrish va uning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida foydalaniladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Qurilish vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:

a) 2020-yil 1-dekabrga qadar bino va inshootlarni elektron texnik pasportlashtirish uslubiyotini ishlab chiqsin;

b) 2021-yil 1-dekabrga qadar:

mintaqaviy darajadagi seysmik xavfni baholashning ilmiy-uslubiy asoslarini, shuningdek, Oʻzbekiston hududining mayda masshtabli seysmik risk xaritasini ishlab chiqsin;

kuchli zilzilalarni oʻz vaqtida prognoz qilish va ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda tegishli profilaktik chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish maqsadida mayda masshtabli seysmik risk xarita bazasida dasturiy taʼminotni yaratsin va aholi xabardorligini doimiy taʼminlab borsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:

a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazining seysmik va kompleks prognostik stansiyalari bilan prognoz maʼlumotlar almashinuvi jarayoniga avtomatlashtirilgan tizimni joriy etsin;

b) Fanlar akademiyasi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2020-yil yakuniga qadar Markaziy Osiyo hududida seysmik xavf-xatarni prognoz qilish masalasi yuzasidan qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

v) Fanlar akademiyasi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda:

2021-yil 1-aprelga qadar fuqarolar uchun zilzila vaqtida tegishli harakat va tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha uslubiy qoʻllanmani;

mahalliy xomashyodan xususiy uylarni (individual binolarni) qurishda elementar seysmik mustahkamlik choralarini koʻrish boʻyicha uslubiy qoʻllanmani ishlab chiqsin va aholi oʻrtasida keng targʻibot tadbirlarini amalga oshirsin;

g) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar:

aholiga sodir boʻlgan zilzila boʻyicha toʻliq maʼlumotlar yetkazilishini taʼminlovchi mobil ilovani yaratsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazining rasmiy veb-sayti, maʼlumotlar bazasi va mobil ilova oʻrtasida tezkor maʼlumotlar almashinuvi integratsiyasini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda:

2020-yil 1-noyabrga qadar barcha suv omborlari va gidrotexnika inshootlarining seysmik mustahkamlik holatini baholash boʻyicha ekspress uslubiyotni ishlab chiqsin;

2021-yil 1-iyunga qadar suv omborlari va gidrotexnika inshootlarining seysmik zaifligini baholash pasportlarini shakllantirsin va ularning aniqlangan seysmik zaifligini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin hamda muhokama qilish va tasdiqlash uchun Kengashga kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:

a) Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda:

2020-yil 1-dekabrga qadar sohadagi malakali mutaxassis va olimlarni jalb qilgan holda “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini;

2021-yil 1-martga qadar 2030-yilgacha boʻlgan muddatda Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasiga xalqaro tashkilotlar grantlarini jalb qilish, shuningdek, soha mutaxassislari uchun xorijiy mamlakatlarda oʻqish, stajirovka oʻtash va malaka oshirishni tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) bir oy muddatda:

Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish;

respublikaning seysmik faol hududida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarini doimiy amalga oshirish tizimini yaratishni hamda bunga masʼul tashkilotlarni zarur asbob-uskunalar bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorlarini qabul qilsin;

b) ikki oy muddatda:

Laboratoriya faoliyatini toʻliq tashkil etish uchun zarur boʻlgan ayrim asbob-uskunalar bilan;

Fanlar akademiyasi M.T.Urazbayev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutini bino bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;

v) uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritsin.

14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qaror va Dasturda belgilangan vazifalarni hududlar kesimida sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash maqsadida masʼul ijrochilarga yaqindan koʻmaklashsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

         Prezidenti                         Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 30-iyul


19 944
OʻzА