O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Yurtimiz azaldan islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqa ko‘plab allomalar nomi nafaqat islom, ayni vaqtda jahon sivilizatsiyasi tarixida haqli ravishda oltin harflar bilan bitilgan.

Mustaqillik sharofati o‘laroq diniy va milliy qadriyatlarimiz to‘laligicha tiklandi, ulug‘ ajdodlarimizning xotiralariga munosib ehtirom ko‘rsatildi, ular qoldirgan diniy-ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy merosni o‘rganish uchun imkoniyatlar yaratildi.

O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimi o‘zining ko‘p asrlik va boy an’analariga ega. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent madrasalari o‘rta asrlarning universitetlari vazifasini bajargan. O‘rta asrlardayoq Buxoro o‘zining madrasalari va ulamolari bilan shuhrat qozongan va haqli ravishda “Islom olamining quvvati” unvoniga sazovor bo‘lgan.

Musulmon renessansi, ya’ni ilmiy-ma’rifiy uyg‘onish davriga asos solgan ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungi kunda ham ma’rifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy merosni o‘rganish, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, ular yaratgan ilmiy yo‘nalishlar va maktablar an’analarini davom ettirish bugungi avlod oldida turgan dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.

Ayni paytda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamon muqaddas islom dini ahkomlarini noto‘g‘ri talqin qilish, ularni soxtalashtirish yo‘li bilan turli fitna va buzg‘unchiliklar sodir etilayotgani dinimizning sofligini saqlash, uning tinchlik va insonparvarlikdan iborat asl mohiyatini jamiyat a’zolari va, ayniqsa, yoshlarga yetkazishga qodir, yuqori darajada ilmiy va diniy salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashni taqozo qilmoqda.

Respublikada faoliyat olib borayotgan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarini yuqori malakali ilmiy kadrlar bilan ta’minlash, tayyorlanayotgan mutaxassislarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirish, qur’onshunoslik, tafsir va fiqh, hadisshunoslik, kalom ilmi yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlarni, yetuk ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida:

1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining O‘zbekiston Islom akademiyasini (keyingi o‘rinlarda Akademiya deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Belgilansinki, Akademiya O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi diniy va dunyoviy ta’lim beruvchi nodavlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

2. O‘zbekiston Islom akademiyasining tuzilmasi ilovaga muvofiq ma’qullansin.

Akademiya rektori, zarur hollarda, muassis tomonidan belgilangan xodimlarning umumiy soni doirasida Akademiyaning tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega ekanligi qayd etilsin.

3. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari etib belgilanishi inobatga olinsin:

“Qur’onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlarni, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;

islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, fiqh, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini har tomonlama teran o‘rganish va tadqiq qilish;

islom dinining asl mohiyatini, uning bashariyatni ezgulikka eltuvchi din ekanligini ilmiy asoslangan holda teran o‘rganish hamda targ‘ib etish;

islom dini sohasidagi dolzarb mavzular bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etish;

mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan va xorijiy oliy diniy ta’lim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilish;

kadrlar tayyorlash jarayoniga yetuk mutaxassislar va o‘qituvchilarni jalb qilish orqali ilm-fan va ta’limning o‘zaro integratsiyasini chuqurlashtirish;

ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha diniy-ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy yo‘nalishlardagi ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish;

islom olamida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalarga oid ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish;

ilmiy tadqiqotlarning yo‘nalishlari va mavzularini belgilash, xalqaro tadbirlarda ishtirok etish, ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil qilish, ilmiy merosni o‘rganish ishlarida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish.

4. O‘zbekiston musulmonlari idorasining taklifiga muvofiq quyidagilar:

Akademiya magistraturasiga (keyingi o‘rinlarda magistratura deb ataladi) oliy ta’lim muassasalarining kamida bakalavr darajasi diplomiga ega bo‘lgan, Akademiyada tayyorlanadigan mutaxassisliklar ixtisosligiga mos keladigan yo‘nalishlarni bitirgan O‘zbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari qabul qilinishi;

2018/2019 o‘quv yilida va keyingi yillarda magistraturaga qabul qilish Respublika oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha belgilangan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshirilishi;

magistraturada o‘qish muddati ikki yil hisoblanib, u kunduzgi ta’lim shaklida olib borilishi;

Akademiyada yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari asosida amalga oshirilishi;

magistraturaga 2018/2019-o‘quv yili uchun qabul kvotasi jami 16 ta o‘rin etib hamda keyingi yillar uchun qabul kvotasini shakllantirish ushbu sohadagi talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda Akademiya muassisi tomonidan belgilanishi nazarda tutilsin.

5. Belgilansinki, magistratura bitiruvchilariga beriladigan davlat namunasidagi diplom O‘zbekiston Respublikasida oliy diniy ta’lim sohasidagi tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlik darajasini beruvchi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat deb e’tirof etiladi.

6. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga:

Akademiyaning ustavi, magistratura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat ta’lim standartlari, o‘quv jarayonini sifatli tashkil etish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda jahondagi ilg‘or ijobiy tajribani atroflicha o‘rganish, tahlil etish va amaliyotga joriy qilish;

Akademiya magistraturasi mutaxasisliklarida o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘lgan mos bakalavr yo‘nalishlari ro‘yxatini belgilab berish;

Akademiyaning ilmiy-pedagog kadrlari tarkibini asosan mamlakatimizdagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan, shu jumladan, xorijiy ta’lim (ilmiy) muassasalarida malakasini oshirib kelgan, yuqori saviyali professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar, shuningdek, sohaning salohiyatli yetuk mutaxassislari – amaliyotchilardan shakllantirish tavsiya etilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018/2019-o‘quv yili boshlangunga qadar Akademiyani O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim muassasalari uchun majburiy bo‘lgan zarur o‘quv-metodik hujjatlar bilan bepul ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi Akademiyada oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichida islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, tafsir va fiqh, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslari bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib boruvchi yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga ko‘maklashsin.

9. Akademiya faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtirilishi inobatga olinsin:

muassis tomonidan ajratiladigan mablag‘lar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bir oy muddatda Akademiyaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida amaliy yordam ko‘rsatsin.

11. Akademiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosida tekin foydalanish huquqi asosida joylashishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari X.Sultonov va R.Kamilov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 15-dekabr

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga
SH A R H 

Yurtimiz azaldan islom ilm-fani va madaniyati markazlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Muhammad Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ko‘plab mutafakkirlarimizning boqiy nomi va boy merosi nafaqat mintaqamizning ma’naviy rivojida, ayni vaqtda jahon sivilizatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimi o‘zining qadim va o‘lmas an’analariga ega. Masalan, o‘rta asrlardayoq Buxoro o‘zining madrasalari va ulamolari bilan shuhrat qozonib, haqli ravishda “Islom olamining quvvati” unvoniga sazovor bo‘lgan. Samarqand va Buxoroda Mirzo Ulug‘bek qurdirgan madrasalar o‘rta asrlarning universitetlari vazifasini bajargan.

Mustaqillik sharofati bilan yurtimizda diniy va milliy qadriyatlarimiz to‘la tiklandi. Ulug‘ ajdodlarimizning xotiralariga munosib ehtirom ko‘rsatilib, ular qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Ayni vaqtda ajdodlarimizning diniy-ma’rifiy merosini yanada teran o‘rganish va tahlil qilish, ularning ilmiy an’analarini munosib davom ettirish bugungi avlod oldida turgan dolzarb vazifalardan sanaladi.

Bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan globallashuv davrida dunyoda muqaddas islom dini ahkomlarini noto‘g‘ri talqin qilish, ularni soxtalashtirish yo‘li bilan turli fitna va buzg‘unchiliklar sodir etish holatlari kuzatilayotgani hech kimga sir emas. Bunday murakkab vaziyat dinimizning sofligini saqlash, uning tinchlik va insonparvarlikdan iborat asl mohiyatini aholi va, ayniqsa, yoshlarga yetkazishga qodir, yuqori darajada ilmiy va diniy salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashni taqozo qilmoqda.

Bugungi kunda Respublikamizda faoliyat yuritayotgan Toshkent islom instituti va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasida 366 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga ilm o‘rgatayotgan 87 nafar o‘qituvchidan 12 nafari fan nomzodi va 38 nafari fan magistri ilmiy darajasiga ega. O‘rta maxsus islom bilim yurtlarida esa jami 1071 talabaga 246 nafar pedagog dars bermoqda. Ulardan 12 nafari fan nomzodi va 33 nafari magistrlik ilmiy darajasiga ega. Ushbu ilmiy darajalar uchun himoya qilingan dissertatsiyalarning mavzulari bevosita islom dini ilmlari yo‘nalishida bo‘lmay, ilmiy izlanishlar asosan yondosh sohalarda olib borilganini ta’kidlash zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilning 1-sentabrida Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasida davlat, jamoat va yoshlar tashkilotlari, diniy soha vakillari bilan uchrashuvida diniy ta’lim tizimini tahliliy o‘rganib chiqish va zamon talablari asosida takomillashtirish, yuqori ilmiy tayyorgarlikka ega mutaxassislarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Islom akademiyasini tuzish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.

Buyuk mutafakkir ajdodlarimiz asos solgan ilmiy maktablar va yo‘nalishlar davomiyligini ta’minlash, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqotlar markazlarini yuqori ilmiy saviya va malakaga ega mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti taklifiga asosan O‘zbekiston Islom akademiyasi tashkil etilmoqda.

Mamlakatimizdagi amaldagi qonunchilik va dunyoviy mamlakatlar qonunchiligini e’tiborga olgan holda tuzilayotgan mazkur akademiya nodavlat oliy diniy ta’lim muassasasi maqomida faoliyat olib boradi.

Akademiya huzurida magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish, islomshunoslik fanlari magistri, falsafa doktori va islomshunoslik fanlari doktori ilmiy darajalarini berish bo‘yicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Akademiyaning tashkil qilinishi yurtimizda islom dini nazariyasini chuqur egallagan, buyuk ajdodlarimizning bebaho ilmiy-ma’rifiy merosini teran o‘rgangan, diniy va dunyoviy ilmlar, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan har tomonlama yetuk mutaxassislar tayyorlash imkonini yaratadi.

Akademiyada mashg‘ulotlar o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayoniga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetining professorlari, fan doktorlari va nomzodlari, shuningdek, xorijiy davlatlaridan islomshunos olim va mutaxassislar jalb etiladi.

O‘zbekiston Islom akademiyasi huzurida magistratura (2 yil), tayanch doktorantura (3 yil) va doktorantura (3 yil) faoliyat yuritadi. O‘qish va ilmiy mashg‘ulotlar kontrakt-grant asosida tashkil qilinadi. Mustaqil tadqiqotchilar uchun masofadan o‘qish, tadqiqot ishlarini mustaqil olib borish imkoniyati yaratiladi, xorijdan doktorantlar va tadqiqotchilar o‘qish va amaliyotga shartnoma asosida qabul qilinadi.

Akademiyada olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida O‘zbekiston Islom ensiklopediyasi, buyuk ajdodlarimiz to‘g‘risida ilmiy-ommabop adabiyotlar, ilmiy-ma’rifiy kitoblar yaratiladi, ilmiy jurnal chop etiladi.

O‘zbekiston Islom akademiyasining tashkil qilinishi oliy diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, diniy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini oshirish va zamon talablariga javob beradigan yuqori ilmiy saviyali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.         

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida