Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

29.12.2016 18:49 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasining faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek keksa yoshdagi fuqarolarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligini yanada oshirish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘la huquqli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, katta avlodning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishidagi rolini oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi ta’sis majlisining Jamg‘arma nomini O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi "Nuroniy" jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda "Nuroniy" jamg‘armasi" deb ataladi) etib o‘zgartirish va unga quyidagi asosiy vazifalarni hal etishni yuklash haqidagi tashabbusi ma’qullansin:

faxriylarning O‘zbekistonni yangilash va rivojlantirishning ma’naviy-axloqiy negizlarini mustahkamlashda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, oqsoqollar, keksa yoshdagilar va nogironlarni yoshlarni Vatanga muhabbat, keksa avlod kishilarini hurmat qilish, ezgulik va rahmdillik singari xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etish;

keksalarning hayoti darajasini oshirish, pensiyaga chiqqandan keyin ularning yuqori ijtimoiy faolligini, shu jumladan ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini va davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash;

keksalar uchun nazarda tutilgan pensiyalar va imtiyozlar bo‘yicha qonun hujjatlari qoidalari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash, ushbu masalada davlat boshqaruvi organlariga va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ko‘maklashish, ehtiyojmand keksalarni va aholining boshqa qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va tibbiy yordam bilan ta’minlash, ushbu maqsadlarda ishlab chiqarish, tijorat, noshirlik, xayriya tadbirlarini va boshqa tadbirlarni amalga oshirish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda oilalarda tinchlik va xotirjamlikni ta’minlash, yolg‘iz kishilar va ehtiyojmand keksalarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek ularning birinchi navbatdagi ehtiyojlari qondirilishida har tomonlama yordam berish;

keksalar uchun ularning yoshini hisobga olgan holda har xil ijtimoiy-madaniy tadbirlar, telemarafonlar, maxsus sport musobaqalari, keksa yozuvchilar, artistlar, xonandalar, rassomlarni va ijodiy ziyolilarning boshqa vakillarini taklif etgan holda ijodiy kechalar tashkil etish.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasining markaziy apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘limlari tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasining tumanlar (shaharlar)dagi bo‘limlari tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi zamonaviy talablarni va Jamg‘armaga yuklangan yangi vazifalarni hisobga olgan holda "Nuroniy" jamg‘armasining yangi tahrirdagi ustavini tayyorlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasiga ko‘maklashsin.

3. 2017-yil 1-yanvardan boshlab "Nuroniy" jamg‘armasining barcha xodimlari – pensionerlarga pensiyalar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 100 foiz miqdorda to‘langan holda "Nuroniy" jamg‘armasi markaziy apparati va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) bo‘limlarining shtatdagi xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan ta’minlash va moddiy rag‘batlantirish tartibi joriy qilinsin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2017-yil 1-sentabrgacha har bir tuman va shaharda, qoidaga ko‘ra madaniyat va dam olish istirohat bog‘lari hududida "Nuroniylar maskani" majmualari faoliyat ko‘rsatishini, ularda "Nuroniy" jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlardagi (shaharlardagi) bo‘limlarini joylashtirish uchun xonalar ajratilishi yoki qurilishini ta’minlasinlar.

Majmualarni qurishda boy kitob fondiga ega bo‘lgan kitobxonlar zallari, shaxmat, shashka o‘ynash uchun dam olish xonalari, keksalar uchun maxsus trenajerlar bilan jihozlangan davolash-jismoniy tarbiya zallari, shuningdek oshxona va tibbiy xona tashkil etilishi, ularni zarur mebel, komputer texnikasi va aloqa vositalari bilan jihozlash nazarda tutilsin.

Qonun hujjatlariga muvofiq "Nuroniy" jamg‘armasi va uning bo‘limlari soliqlar va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lovchilar hisoblanmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

5. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining mehnatkashlarni sog‘lomlashtirishga yo‘naltiradigan mablag‘larining 30 foizgachasini pensionerlarni, birinchi navbatda 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini o‘z tizimidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirishga (shu jumladan, dori vositalari olish uchun) har yili yo‘naltirish, shuningdek mehnatkashlarga ularga ajratilgan yo‘llanmalarini o‘zlarining ota-onalarini sog‘lomlashtirishga yuborish huquqini berish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.

6. Iqtisodiyot va ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalardagi uzoq yillik halol mehnatlari uchun mehnatkashlarga, shuningdek ishlamaydigan, jamiyatda mustahkam oilani saqlab qolgan, farzandlarini kattalarga va kichik avlodga hurmat, jamiyat oldidagi mas’uliyat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalab hurmat qozongan onalarga taqdim etiladigan "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni (I, II, III darajali) ta’sis etilsin.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash va uni topshirish davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, taklifi bilan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.

"Nuroniy" jamg‘armasi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda har bir tumanda "Mehnat faxriysi" nishoni bilan taqdirlangan shaxslar to‘g‘risidagi qisqacha biografik ma’lumotnomalar aks ettiriladigan "Bizning faxriylarimiz" kitob-fotoalbomini yuritish va uning har yili yangilab borilishini ta’minlasin.

Tumanlar va shaharlar hokimliklari "Mehnat faxriysi" nishoni bilan taqdirlangan shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar eshiklarida "Bu yerda I, II, III darajali "Mehnat faxriysi" nishoni bilan taqdirlangan fuqaro (F.I.O.) istiqomat qiladi" yozuvi bo‘lgan belgi o‘rnatilishini ta’minlasinlar.

7. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bir oy muddatda "Mahalla" telekanalida yoshi kattalarga bag‘ishlangan va har kuni namoyish qilinadigan "Keksalar davrasida" doimiy rubrikasini tashkil etsin, shuningdek "Mahalla" telekanalida har oyda "Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi" teleko‘rsatuvining bittadan yangi seriyasini tayyorlasin va namoyish etsin.

8. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi:

"Nuroniy" jamg‘armasining nashriyot bo‘limi faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashsin hamda har haftalik "Nuroniy" gazetasi va har oyda bir chiqadigan "Keksalik gashti" jurnalining imtiyozli asosda nashr etilishini ta’minlasin;

"Nuroniy" jamg‘armasining buyurtmanomasiga binoan "Nuroniy" jamg‘armasining har bir bo‘limini respublikada nashr etiladigan kamida 10 nomdagi gazeta va jurnallar bilan, shuningdek "Nuroniylar maskani" komplekslari o‘quv zallarining kitoblar bilan muntazam ravishda to‘ldirib borilishini ta’minlasin.

9. Jamg‘armani qo‘llab-quvvatlash va uning faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning keksa avlod oldidagi fuqarolik burchi hisoblansin.

10. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar va boshqa xo‘jalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, korxona va tashkilotlar rahbarlari zimmasiga pensiyaga chiqadigan xodimlarga doimiy g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatishni, ularga zarur moddiy va ijtimoiy ko‘mak berish, mehnat jamoasining jamiyat hayotida faol qatnashishini, shuningdek har yili pensionerlardan, ayniqsa, yakka-yolg‘izlardan xabar olish, tug‘ilgan kunlarida va bayramlarda ularga esdalik sovg‘alar berishni, ularning uy-joy, maishiy muammolarini hal etishda ko‘maklashishni, sanatoriya-kurortda sog‘lomlashtirish va davolashni tashkil etishni, shuningdek muqaddas joylarga va ziyoratgohlarga ekskursiyalar tashkillashtirishni va boshqa ijtimoiy ahamiyatli tadbirlarni amalga oshirishni ta’minlash yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.

Pensionerlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning hayotiy muhim muammolarini muhokama qilish va hal etishga yordam berish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxona va tashkilotlar rahbarlariga pensiyaga chiqqan xodimlarini rahbariyat tomonidan qabul qilish jadvallarini har oyda tasdiqlash yuklansin.

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan har yil ikki marta "Mahalla" xayriya fondi, boshqa davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini jalb etgan holda "Nuroniy" jamg‘armasi bo‘limlari rahbarlari, ularning faollari ishtirokida keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni tarbiyalash, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, shuningdek "Nuroniy" jamg‘armasi bo‘limlari faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha kelgusidagi qo‘shma chora-tadbirlarni muhokama qilishni o‘tkazish amaliyotga kiritilsin.

12. Respublika "Mahalla" xayriya fondi rahbariyatining:

jamoatchilik asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida (ovullar, qishloqlar, mahallalar) fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari – keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchi lavozimini joriy qilish;

"Mahalla" xayriya fondiga Navro‘z va Mustaqillik umumxalq bayramlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan hasharlardan tushadigan mablag‘larning 10 foizini har yili "Nuroniy" jamg‘armasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

2017-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan "Nuroniy" jamg‘armasi markaziy apparati, uning bo‘linmalari va nashriyot bo‘limi moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 1,5 milliard so‘m ajratsin;

2017-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni nazarda tutsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish va "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash bo‘yicha bir oy muddatda chora-tadbirlar ko‘rsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, "Nuroniy" jamg‘armasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi to‘g‘risida" 1996-yil 4-dekabrdagi PF-1655-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

17. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti                                                                              Sh.Mirziyoyev



Toshkent shahri,
2016-yil 28-dekabr


* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi "O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish  chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4906-son Farmoniga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2705-son qaroriga  

ShARH 
 

O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazilayotgan mamlakat iqtisodini barqaror va dinamik ravishda rivojlantirishga tayangan kuchli ijtimoiy siyosat natijasida aholi farovonligi jiddiy ravishda o‘sdi, odamlarning turmush sifati yaxshilandi va bu o‘z navbatida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining va aholi strukturasida keksa yoshdagi odamlar ulushining oshishiga asos bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining ilk kunlaridanoq yolg‘iz pensionerlar va nogironlarning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 27-maydagi «O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlarni ijtimoiy himoyalash yuzasidan qo‘shimcha tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-212-son Farmoni va «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida o‘z aksini topdi.

So‘nggi yillar mobaynida respublikada yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni kuchaytirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Misol tariqasida, faqatgina 2010-2015-yillar mobaynida keksalar va pensionerlar uchun mo‘ljallangan 12 ta Saxovat va Muruvvat internat uylari moddiy-texnika bazalari, 14,6 ming yolg‘iz keksalar, pensioner, nogironlarning turar joy sharoitlari yaxshilandi, 5,4 ming odam reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlandi, 6,4 ming nogiron va pensioner sanatoriyalarda sog‘liqlarini tiklashdi. Ko‘rsatilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning umumiy hajmi 132,2 milliard so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganish ishlari “Nuroniy” jamg‘armasi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, uning manzilliligini ta’minlash, keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan odamlar va yolg‘iz keksalarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam darajasi va sifatini ko‘tarishni, shuningdek joylarda tuman va shaharlar aholisining zamonaviy diagnostika va davolanish uslublaridan foydalanish imkonlarini ta’minlaydigan tubdan yangi yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatdi.

Keksalarni qo‘llab-quvvatlash davlat tizimini yanada takomillashtirish maqsadida qariyalar va faxriylarni ijtimoiy himoyalash, ularning faolligini oshirish, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash sohasida katta avlod vakillarining rolini oshirish uchun qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va qarorida quyidagilar ko‘zda tutilgan:

oqsoqollar, keksalar va faxriylarni yoshlarni xalqimizning ko‘p asrlik an’analariga, Vatanga muhabbat, keksalarni e’zozlash ruhida tarbiyalashga qaratilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etish;

joylarda keksalar turmush sifatini oshirish, ularning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, mamlakat ijtimoiy- siyosiy hayotidagi ishtirokini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga ko‘mak berish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda oilalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, yoshi keksa faollarni bolasi bor muammoli oilalarga biriktirish, shuningdek yolg‘iz va muhtoj keksalarga ijtimoiy va moddiy ko‘mak ko‘rsatish;

“Nuroniy” jamg‘armasi markaziy apparatining, uning viloyatlardagi va tumanlardagi bo‘linmalariga, “Nuroniy” jamg‘armasi xodim-pensionerlariga davlat byudjetidan pensiyalarini to‘la hajmda to‘lash orqali byudjetdan moliyalanishini ta’minlash;

har yili “Mahalla” xayriya fondiga Navro‘z va Mustaqillik umummilliy bayramlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan hasharlardan tushadigan mablag‘larning 10 foizini “Nuroniy” jamg‘armasiga o‘tkazish;

“Nuroniylar maskani” komplekslarini yaratish va ularda o‘quv zallari, hordiq xonalari, davolash fizkulturasi, shuningdek ovqatlanish xonalari va tibbiy kabinetlarni tashkillashtirish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jamoatchilik tartibida fuqarolar yig‘ini (ovullar, qishloqlar, mahallalar) raisining o‘rinbosari – keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchi lavozimini kiritish;

“Nuroniy” jamg‘armasining barcha bo‘linmalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zarur shart-sharoitlarni yaratish, mebel, komputer texnikasi va aloqa vositalari bilan ta’minlash;

kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va davolash uchun 2,8 million keksa yoshdagi fuqarolarning barchasi ixtisoslashtirilgan tibbiy brigadalar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’minlash;

biriktirilgan patronaj hamshiralari tomonidan salomatliklari ustidan doimiy nazorat orqali keksa yoshdagi fuqarolar orasida kasalliklar profilaktikasi choralarini kengaytirish, 15,5 ming yolg‘iz keksalarning turmush sifatini va turmush darajasini ularga shaxsiy ijtimoiy xodimlarni biriktirish orqali oshirish;

keksa yoshdagi shaxslarni ularga to‘lovsiz asosda davolash va sog‘lomlashtirish. Shu munosabat bilan respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga 20 ming va viloyatlardagi tibbiyot muassasalariga 215 mingdan ziyod, jami 178,9 milliard so‘m miqdoridagi orderlar ajratish ko‘zda tutilgan;

urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz pensionerlar va nogironlar salomatligini har yil bu kontingentga kirgan 34 ming odamni 18 milliard so‘m miqdorida sanatoriya-davolash muassasalarida bepul sog‘lomlashtirish yo‘li bilan salomatliklarini yaxshilash;

Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida keksalar, nogironlar hamda urush va mehnat faxriylari uchun 3 ta yangi sanatoriy qurish va ularni jihozlash yo‘li bilan qo‘shimcha 50 mingdan ziyod pensioner va nogironlarning sanatoriya muassasalarida bepul sog‘lomlashtirilishini tashkillashtirish. Ushbu maqsadni amalga oshirish ishlariga davlat byudjeti hisobidan 13,5 milliard so‘m ajratish;

imkoniyati cheklangan shaxslarning turmush sifatini, har yil bu kontingentga kirgan 10 ming odamni jami 2,5 milliard so‘m miqdoridagi zarur protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash hisobidan oshirish;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironlar turmush darajasi va sifatini har yil ushbu kontingentga kirgan 4 ming odamni umumiy miqdori 3,2 milliard so‘m bo‘lgan asosiy oziq-ovqatlar, gigiyena vositalari bilan ta’minlash yo‘li bilan oshirish;

1941-1945-yillardagi urush qatnashchilariga sanatoriylarda har yili sog‘lomlashtirish kursidan o‘tish o‘rniga yo‘llanmaning o‘rtacha narxiga teng ravishda kompensatsiya olish huquqini berish;

yolg‘iz va kam ta’minlangan keksa fuqarolarni umumiy miqdori 6,4 milliard so‘m hajmidagi qishki kiyim komplekti va poyafzal, shuningdek qishga g‘amlash uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan har yili ta’minlash;

Andijon, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ochiq yurakda jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazish uchun umumiy summasi 9,7 milliard so‘m bo‘lgan hududlararo kardioxirurgik markazlar yaratish;

tuman (shahar)lardagi barcha tibbiyot birlashmalari va muassasalarini, shuningdek barcha viloyatlardagi onkologiya dispanserlarini umumiy miqdori 108,7 million AQSh dollariga teng bo‘lgan tegishli zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash;

keksalar va nogironlarning 23 ta Saxovat va Muruvvat uy-internatlari moddiy-texnika bazasini umumiy miqdori 207 milliard so‘mga teng hajmda mustahkamlash.

Dasturni moliyalashtirishga 688,2 milliard so‘m yo‘naltiriladi, shuningdek xalqaro moliyaviy tuzilmalarning 108,7 million AQSh dollari hajmidagi kredit va grant mablag‘larini jalb etish ko‘zda tutilgan.

Farmon va qarorda ko‘zda tutilgan choralarning amalga oshirilishi keksalar va faxriylarni yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etishga, ularning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlashga, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga, keksa yoshdagi odamlar, imkoniyati cheklangan shaxslar va yolg‘iz keksalarning turmush sharoitlari va sifatini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish va ularga ko‘rsatiladigan yordam turlarini kengaytirishga yordam beradi.

2 751






Все о погоде - Pogoda.uz