Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 19:42 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Milliy san’atimiz va madaniyatimizning qadimiy markazlaridan biri bo‘lgan, ko‘plab atoqli san’at va madaniyat namoyandalari yetishib chiqqan Farg‘ona vodiysining bu boradagi alohida o‘rni va nufuzini, ijodiy salohiyatini hisobga olgan holda, iste’dodli yoshlarni o‘zbek va jahon san’atining yuksak namunalari ruhida tarbiyalash, ularning ijodiy qobiliyat va intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ro‘yobga chiqarish, Farg‘ona vodiysi viloyatlari uchun teatr, xalq ijodiyoti sohasi bo‘yicha aktyorlar, madaniyatshunoslik va san’atshunoslik yo‘nalishida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialini (keyingi o‘rinlarda – Filial) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:

madaniyat va san’at sohasida fundamental bilim va tushunchalar, tarixiy va zamonaviy an’analar, innovatsiya texnologiyalarini, davlat standarti bo‘yicha belgilangan bilim va malakalarni puxta egallagan oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash;

tayyorlanayotgan mutaxassis kadrlarga mehnat bozoridagi real talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, yuqori sifatli bilim va malaka berish;

bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha buyurtmalarni shakllantirish;

professor-o‘qituvchilar tarkibining o‘z kasb sohasidagi bilim va tajribasi, ilmiy-ijodiy salohiyati va pedagogik mahoratini doimiy ravishda oshirish;

ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va san’at sohasida ilm-fan bo‘yicha erishilgan ilg‘or yutuqlarni tatbiq etish.

3. Quyidagilar:

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialining namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialini tashkil etish, uning moddiy-texnik bazasini barpo etish, o‘quv va ilmiy-pedagogik salohiyatini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga, zarur hollarda, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Belgilab qo‘yilsinki, Filialga:

2017/2018 o‘quv yili uchun “5150300 – aktyorlik san’ati (turlari bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishiga bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha jami 25 ta – shundan 10 tasi davlat grantlari, 15 tasi to‘lov-kontrakt asosida – qabul kvotasi ajratiladi;

2017/2018 o‘quv yili uchun qabul jarayoni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida amalga oshiriladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bir oy muddatda:

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialining Ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;

Filialda o‘quv-metodik jarayonlarning tashkil etilishini ta’minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv-laboratoriya jihozlari va komputer texnikasi bilan ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

6. Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining Qo‘qon shahri, Movarounnahr ko‘chasi, 3A-uyda joylashgan Qo‘qon turizm va servis kasb-hunar kollejining uch qavatli asosiy binosining bir qismini Filialga bepul foydalanish huquqi bilan berish hamda Filial faoliyatini mazkur binoda tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi Qo‘qon turizm va servis kasb-hunar kollejining Qo‘qon shahri, Movarounnahr ko‘chasi, 3A-uyda joylashgan binosining bir qismi Filialga berilishi munosabati bilan mazkur kollej faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 o‘quv yili va keyingi yillar uchun Filialga o‘qishga qabul qilishning 50 nafardan kam bo‘lmagan kvotasini istiqbolda Farg‘ona vodiysi hududlarini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlarni, har qaysi tarmoqda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olib, yillar bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab, kasb va ta’lim yo‘nalishlarini (mutaxassisliklarni) ko‘rsatgan holda ishlab chiqishni nazarda tutsin;

2017/2018 o‘quv yili boshlanishiga qadar Filialning ta’lim yo‘nalishlarini davlat ta’lim standartlari hamda tegishli malaka talablariga muvofiq ishlab chiqilgan o‘quv rejalari, fan dasturlari va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlasin.

9. Belgilab qo‘yilsinki, Filial faoliyatini yuritish bilan bog‘liq xarajatlar 2017-yilda ta’lim sohasi bo‘yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida, 2018-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

10. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlar va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan keladigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Filialga xizmat ko‘rsatadigan 1 ta yengil avtomobil uchun limit ajratsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 4-iyundagi PQ–1771-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining tashkiliy tuzilmasi rus tilidagi matnidagi “Nukusskiy filial” blokidan keyin “Ferganskiy regionalnыy filial” bloki bilan to‘ldirilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari X.Sultonov, A.Yunusxodjayev hamda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 16-avgust

1 843






Все о погоде - Pogoda.uz