Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 19:31 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimiz o‘zining boy badiiy merosi bilan jahon san’ati va madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shgan qadimiy sivilizatsiya o‘chog‘i sifatida milliy badiiy an’analarning o‘ziga xosligini saqlab kelayotgani dunyoning yetakchi san’at mutaxassislari tomonidan e’tirof etilgan.

Bugungi kunda zamonaviy o‘zbek tasviriy san’atiga ko‘plab yosh iste’dod egalari kirib kelayotgani, turli yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlar, xususan, rassom va haykaltaroshlar, xalq ustalari ijodida yangicha mazmun va shakl, jahon san’at maydonida munosib o‘rin egallashga intilish tendensiyalari ko‘zga tashlanayotganini ijobiy baholash lozim.

Shu bilan birga, ta’kidlash lozimki, hozirgi vaqtda tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emasligi, sohaga doir normativ-huquqiy hamda moddiy-texnik bazaning mukammal emasligi, malakali kadrlar yetishmasligi  bu boradagi ishlarning samarasiga salbiy ta’sir etmoqda.

O‘zbek tasviriy va amaliy san’ati hamda dizayn yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, xalqimizning ushbu nafis san’atlarga bo‘lgan estetik ehtiyojini qondirish, keng yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ularga shart-sharoit yaratish, badiiy salohiyatini oshirish, zamon talablariga mos badiiy ta’lim tizimini keng yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 21 kishidan iborat tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasining tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisiga zarur hollarda, markaziy apparat hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tuzilmasiga xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

2. O‘zbekiston Badiiy akademiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, shaxsiy va ijodiy ko‘rgazmalar uchun keng imkoniyatlar yaratib berish hamda ijodkorlarning badiiy salohiyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, ushbu yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari, tashkilotlar, atoqli madaniyat va san’at arboblari bilan ilg‘or tajribalar almashish maqsadida har tomonlama ijodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

ijodkorlar va iste’dodli yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza qilish hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

xalqimizning boy madaniy merosini, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn an’analarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasining (keyingi o‘rinlarda – Badiiy ijodkorlar uyushmasi deb yuritiladi) faoliyatini muvofiqlashtirish;

tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishidagi ijodkorlarni milliy o‘zligimizni anglash g‘oyalarini tarannum etuvchi yuksak darajadagi yorqin san’at asarlarini yaratishdagi faoliyatini rag‘batlantirish va bolalar san’atini rivojlantirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish;

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ta’lim muassasalarining faoliyatida badiiy ta’lim uzviyligi hamda uzluksizligini ta’minlashga erishish maqsadida ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari uchun boshlang‘ich badiiy ta’limni yo‘lga qo‘yish;

O‘zbekiston madaniyati va san’atining taraqqiyoti yo‘lida tasviriy va amaliy san’at, dizayn va xalq hunarmandchiligi sohalari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ta’lim muassasalarining faoliyatini xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish;

tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishida yetuk mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy apparati va uning hududiy bo‘limlari faoliyatini kuchaytirish, bu boradagi vazifalarni amalga oshirishning zamonaviy, ta’sirchan usul va shakllarini tizimli asosda rivojlantirib borish;

O‘zbekistonda va xorijda keng ko‘lamdagi ko‘rgazmalar tashkil etish orqali milliy san’atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, konferensiya, biyennalelar va boshqa anjumanlar o‘tkazish.

3. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Fanlar akademiyasining mamlakatimiz muzeylari fondlarini mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlari bilan muntazam boyitib borish va asarlar bahosini ularning ijodiy va moddiy qiymatidan kelib chiqqan holda belgilash maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshida Badiiy ekspertlar kengashini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlarini sotib olish uchun 2018-yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘m va “O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasining tashabbusi bilan xayriya asosida 1 milliard so‘m mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi taklif ma’qullansin.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining raisi maqomi, moddiy, maishiy, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlari bo‘yicha – vazirga, uning o‘rinbosari va bosh ilmiy kotib – vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshidagi Badiiy ekspertlar kengashining tarkibi va Nizomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlarini sotib olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari 2019-yildan boshlab eng kam ish haqi miqdorining o‘rtacha yillik o‘sish ko‘rsatkichlariga oshirilgan holda ajratiladi;

mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshidagi Badiiy ekspertlar kengashining qaroriga asosan sotib olinadi;

2018-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolari uchun eng kam ish haqining to‘rt barobari miqdorida oylik gonorar to‘lash tizimi joriy qilinadi hamda ushbu gonorarlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi;

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolari O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolariga belgilangan imtiyozlardan foydalanadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

6. Badiiy ijodkorlar uyushmasi va uning hududiy bo‘limlari galereyalarini saqlash xarajatlari, shuningdek, ularning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish xarajatlarini moliyalashtirish manbasi etib O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi (keyingi o‘rinlarda – Fond deb yuritiladi) mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

Bunda Badiiy ijodkorlar uyushmasining hududiy bo‘limlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan Fondga ajratiladigan byudjet mablag‘lari (subsidiya) hisobidan qoplanishi nazarda tutilsin.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Badiiy ijodkorlar uyushmasi hududiy bo‘limlarining hududiy galereyalarda joylashtirilishini hamda ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlarini sotib olish uchun zarur mablag‘larni 2018 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlari shakllantirilganda ajratilishini nazarda tutsin;

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy apparatiga 2 ta shaxsan biriktirilgan va 1 ta navbatchi xizmat avtotransporti saqlash uchun limit ajratsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1 oy  muddatda:

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi Hukumat qarorini qabul qilsin;

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hududida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi binosini qurish ishlarini tashkillashtirsin va ushbu binoda rassomlar uchun tajriba ustaxonasini tashkil etish ko‘zda tutilsin.

10. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 16-avgust


* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini 
rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir 
qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga 

SHARH

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida badiiy ijodning boshqa turlari qatori tasviriy san’at sohasi rivojiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 23-yanvarda imzolangan “O‘zbekiston Badiiy akademiyasini tashkil etish haqida”gi farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martda qabul qilingan shu yo‘nalishdagi qarori muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur tarixiy hujjatlarda belgilab berilgan vazifalar asosida Badiiy akademiya tomonidan o‘tgan yigirma yil mobaynida tasviriy san’at sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, rassomlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning huquqlarini himoya qilish, moddiy va ma’naviy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, yosh rassomlarni tarbiyalash borasida ko‘p ishlar qilindi.

Bu haqda so‘z borganda, Badiiy akademiya tarkibida tasviriy san’at sohasi bo‘yicha milliy ta’limning ko‘p bosqichli tizimi shakllantirilgani, “San'at” jurnali tashkil etilib, u 1998-yildan buyon uch tilda – o‘zbek, rus, ingliz tillarida chop etilayotgani, boy badiiy merosimiz va zamonaviy tasviriy san’atimizning rivojlanish tendensiyalarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarning moddiy, ilmiy-uslubiy bazasi mustahkamlanganini ta’kidlash lozim.

Shu bilan birga, xalqaro hamkorlik doirasida  xorijiy madaniyat va san’at arboblari bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazish bo‘yicha o‘ziga xos tizim shakllangani, mamlakatimizning ko‘plab rassomlari xalqaro anjuman va ko‘rgazmalar, festival va tanlovlarda qatnashib, nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgani, o‘nlab ijodkorlar davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgani ham Badiiy akademiya faoliyati bilan bevosita bog‘liq.

Ayni vaqtda hozirgi jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan davrning o‘zi tasviriy san’at sohasini yanada taraqqiy ettirish, uning bugungi kundagi o‘rni va mavqeini oshirish, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirishni talab etayotganini e’tirof etish lozim.

Ayniqsa, tasviriy san’at ijodkorlarining imkoniyat va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish, rangtasvir va amaliy san’at asarlarining yuksak sifatini ta’minlash borasida  keyingi paytlarda dolzarb muammolar to‘planib qolgani, jumladan, sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlarning bugungi kun talablariga javob bermasligi, mavjud moddiy-texnik bazaning nochorligi, malakali kadrlar yetishmasligi, xalqaro ijodiy va ilmiy aloqalarni rivojlantirish hamda ijodkorlarni har tomonlama rag‘batlantirish va iste’dodli yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini kengaytirishda yuzaga kelayotgan sustkashliklar mazkur sohaga davlatimiz tomonidan e’tiborni kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Ma’lumki, 2017  yil 3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida madaniyat, adabiyot va san’at sohasini, jumladan, tasviriy san’at yo‘nalishini rivojlantirish borasidagi dolzarb vazifalarni belgilab, ularni hal etish yo‘llarini ko‘rsatib berdi. O‘tgan qisqa muddatda ana shu taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan 10 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi.

“O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha  chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror shu yo‘nalishdagi yana bir muhim  hujjat bo‘ldi.

Qarorda xalqimizni tasviriy san’at namunalaridan bahramand etish va dizayn yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, san’at asarlarida milliy va umuminsoniy an’analarni yuksak darajada ifoda etishga erishish, yurtimizda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarning badiiy saviyasini oshirish, rassomlik va dizayn sohasiga ixtisoslashgan  ta’lim tizimini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish borasida muhim vazifalar belgilandi. Shuningdek, jahon miqyosida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan o‘zbek tasviriy va amaliy san’ati maktablarining an’analarini saqlash va davom ettirish, zamonaviy dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Qarorga muvofiq O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. 

Yana bir muhim jihati shundaki, mazkur qaror asosida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi va mazkur dasturni  amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Qarorda mamlakatimiz madaniy hayoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha masalalarga alohida e’tibor berilgan. Jumladan, O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish maqsadida jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, ushbu yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari, tashkilotlar, madaniyat va san’at ustalari o‘rtasida o‘zaro foydali tajribalar almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida har tomonlama ijodiy aloqalarni rivojlantirish belgilangan.  

Ushbu qarorda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqimizning boy madaniy merosini, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn an’analarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Badiiy ijodkorlar uyushmasi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Yana shunisi muhimki, qarorda tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishidagi ijodkorlarni rag‘batlantirish, shuningdek, bolalar san’atini rivojlantirish, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatida ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari uchun boshlang‘ich badiiy ta’limni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shuningdek, qarorda tasviriy va amaliy san’at, dizayn va xalq hunarmandligi sohalari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ta’lim muassasalarining faoliyatini xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, xalqaro ijodiy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonda va xorijda keng ko‘lamda ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali milliy san’atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, konferensiya, biyennale va boshqa anjumanlar o‘tkazishga alohida urg‘u berilgan.

Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Sodiq Azimov ko‘chasi, 35-uyda joylashgan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hududida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi binosini qurish ishlarini tashkil etish ham  qarorda ko‘zda tutilgan.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Fanlar akademiyasining mamlakatimiz muzeylari fondlarini mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlari bilan muntazam boyitib borish va asarlar qiymatini ijodiy va moddiy salohiyatidan kelib chiqqan holda belgilash qayd etilgan.

Shu bilan birga, qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshida Badiiy ekspertlar kengashini tashkil etish, mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshidagi Badiiy ekspertlar kengashining qaroriga asosan sotib olinishi ta’kidlangan.

Shuningdek, 2018-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolari uchun eng kam ish haqining to‘rt barobari miqdorida oylik gonorar to‘lash tizimi joriy etiladi va ushbu gonorar mablag‘lari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Muxtasar aytganda, mazkur qaror O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uning ish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.           

Ijodkorlarni har tomonlama moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, iste’dodli yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini kengaytirish, rassomlik va dizayn san’ati sohasida ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, xalqimizning tasviriy va amaliy san’at sohasidagi badiiy merosini asrash va keyingi avlodlarga yetkazish, yurtdoshlarimizning tasviriy va amaliy san’at sohasidagi estetik ehtiyoj va talablarini qanoatlantirishda bu hujjat keng imkoniyatlar yaratib beradi.

1 637






Все о погоде - Pogoda.uz