Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.05.2017 18:48 Chop etish versiyasi

2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qarorini ijro etish hamda mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi extiyojlarini inobatga olgan holda son va ta’lim yo‘nalishlari uyg‘unligiga erishish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari mehnatidan foydalanishni yaxshilash, shuningdek, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning o‘rtacha muddatga mo‘ljallangan maqsadli dasturlarini joriy etish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash va diversifikatsiyalash, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlarini shakllantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2015-yil 23-iyundagi PQ-2360-son qaroriga muvofiq va yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartishlar bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalash borasidagi investitsiya loyihalarini joriy qilish, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish omillarini tahlil qilish natijalari asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga talabi balans hisob-kitob parametrlari ishlab chiqildi;

aniq yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorgarlikka ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo‘ljallangan talab-ehtiyoj, shuningdek, bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashuvi monitoringi ma’lumotlari asosida 2017/2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalari shakllantirildi.

2. 2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota:

bakalavrlar uchun 66316 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 18194 ta va to‘lov-kontrakt asosida – 48122 ta 1-ilovaga muvofiq;

magistrlar uchun 5000 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 1556 ta va to‘lov-kontrakt asosida – 3444 ta 2-ilovaga muvofiq;

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida – 100 nafar, jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 15 ta va to‘lov-kontrakt asosida – 85 ta, Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt asosida – 90 nafar va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida to‘lov-kontrakt asosida – 80 nafar bakalavrni tayyorlash 3-ilovaga muvofiq belgilansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligining 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga talab katta bo‘lgan hududlar uchun maqsadli qabul bo‘yicha kvotalarni O‘zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning umumiy belgilangan parametrlari doirasida ajratish bo‘yicha taklifi 4-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.

4. O‘zbekiston Respublikasining ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berilsin:

bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish chog‘ida abituriyentlar to‘plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasi qabul parametrlariga o‘zgartishlar kiritish;

yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat va magistraturaning qabul kvotalariga o‘zgartishlar kiritish;

iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlari uchun mutaxassislarga bo‘lgan o‘rinli ehtiyojni qondirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini belgilash.

5. 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish joriy etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish uchun kvota miqdori ta’lim muassasasining mavjud imkoniyatlari va ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqib Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;

qo‘shimcha qabul bo‘yicha to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abituriyentlar to‘plagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differensiyalashgan tartibda belgilanadi;

to‘lov-kontrakt summasining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul o‘tish ballini to‘play olmagan abituriyentlarga to‘plagan balliga muvofiq (68 balldan kam bo‘lmagan) ketma-ketlik tartibi qat’iy saqlangan holda, ularning oshirilgan kontrakt pulini to‘lay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

6. Tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda ikki hafta muddatda tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bo‘yicha davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘rinlar kvotasini ta’lim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi “O‘zstandart” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda belgilangan tartibda:

oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar klassifikatoriga yangi kiritilayotgan bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritsin;

bir oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2017/2018 o‘quv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha belgilangan kvotalarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

9. Kadrlarni maqsadli tayyorlash buyurtmachilari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirliklar va idoralarga oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ular o‘qib egallagan kasbiga va tuzgan shartnomalariga muvofiq ish bilan bandligini ta’minlash, jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlariga ishga yo‘llanma olgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun munosib mehnat va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish yuzasidan javobgarlik yuklansin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2016/2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida” 2016-yil 26-maydagi PQ-2534-son qarorining 3-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi:

bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                         Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 5-may


​* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim 
muassasalariga 
o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qaroriga

SHARH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qarorini ijro etish hamda mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi extiyojlarini inobatga olgan holda son va ta’lim yo‘nalishlari uyg‘unligiga erishish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari mehnatidan foydalanishni yaxshilash, shuningdek, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirishning o‘rtacha muddatga mo‘ljallangan maqsadli dasturlarini joriy etish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash va diversifikatsiyalash, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga binoan hamda mamlakatimizda yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlar bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalashning investitsiyaviy loyihalari, yo‘l-transport hamda kommunikatsiya infratuzilmasi tahliliga muvofiq, 2017/2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 66316 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 18194 ta va to‘lov-kontrakt asosida 48122 ta, magistrlar uchun 5000 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 1556 ta va to‘lov-kontrakt asosida 3444 ta etib belgilandi.

Shuningdek, ushbu hujjatda maxsus sirtqi bo‘lim negizida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni ta’minlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida 100 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 15 ta va to‘lov-kontrakt asosida 85 ta, Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt asosida 90 nafar va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida to‘lov-kontrakt asosida 80 nafar bakalavrni tayyorlash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ushbu qaror bilan 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlar uchun O‘zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashning maqsadli qabul kvotalari tasdiqlandi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasining ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining yangi tarkibi tasdiqlandi va unga quyidagi huquqlar berildi:

bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish chog‘ida abituriyentlar to‘plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bo‘limlari qabul parametrlariga o‘zgartishlar kiritish;

yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat va magistraturaning qabul kvotalariga o‘zgartishlar kiritish;

iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlari uchun mutaxassislarga bo‘lgan o‘rinli ehtiyojlarni qondirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini belgilash.

Shuningdek, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish joriy etilmoqda. Bunda:

oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish uchun kvota miqdori ta’lim muassasasining mavjud imkoniyatlari va ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqib Davlat komissiyasi tomonidan belgilanishi;

qo‘shimcha qabul bo‘yicha to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abituriyentlar to‘plagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differensiyalashgan tartibda belgilanishi;

to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul o‘tish ballini to‘play olmagan abituriyentlarga to‘plagan balliga muvofiq (68 balldan kam bo‘lmagan) ketma-ketlik tartibi qat’iy saqlangan holda, ularning oshirilgan kontrakt pulini to‘lay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, kadrlarni maqsadli tayyorlashning asosiy buyurtmachilari hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirlik va idoralarga oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ular o‘qib egallagan kasbiga va tuzgan shartnomalariga muvofiq ish bilan bandligini ta’minlash, jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlariga ishga yo‘llanma olgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun munosib mehnat va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish yuzasidan javobgarlik yuklangan.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qarorda belgilab berilgan maqsad va vazifalar yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi, 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining strategik rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishi doirasida olib borilayotgan islohotlarni izchil amalga oshirishga zamin yaratadi.

158 663






Все о погоде - Pogoda.uz